Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Qur’on nozil bo‘lgan oy

20.05.2018   48347   29 min.
Qur’on nozil bo‘lgan oy

Ro‘za insonni halol-poklikka da’vat etadi, uning qalbini g‘uborlardan tozalaydi.

Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara,183). Ya’ni, Ramazon ro‘zasidan ko‘zlangan maqsad mo‘minlarda taqvoni shakllantirish ekan.  

Ramazon oylarning sultonidir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): «Oylarning eng afzali Ramazondir» (Imom Tabaroniy rivoyati), deganlar. Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘nggi kitobi, qiyomatgacha boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiza kalomi Qur’oni karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir. Alloh  taolo aytadi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir» (Baqara, 185). Qadro surasida esa: «Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (1-oyat) deya marhamat qilinadi.

 

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil (alayhissalom) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil (alayhissalom)ga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhumo) bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» – «so‘nggi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.

 

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida  Jabroil (alayhissalom) u zot bilan uchrashganda yanada saxiy bo‘lib ketardilar.  Jabroil (alayhissalom) Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Tonggi sabo shabadasi barchaga xush kayfiyat baxsh etgani kabi, Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam)ning saxovatlaridan ham barcha bahramand bo‘lar edi» (Imom Buxoriy rivoyati).

 

 Shu bilan birga Ramazon Rayyon eshigining kalitidir. Jannatga kirishning o‘zi katta bir saodat. Ammo o‘sha jannatga Parvardigori olamning alohida e’tiboriga sazovor bo‘lib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan eshikdan kirish yana bir o‘zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro‘zador bo‘lganlar kira oladilar. Sahl (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): «Jannatda bir eshik bor, u «Rayyon» deb ataladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. «Ro‘zadorlar qani?» deyiladi. Shunda ular turishadi. Ular kirishgach, u berkitiladi. Keyin hech kim undan kirmaydi», dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

 

 Payg‘ambar (alayhissalom)ning sunnatlariga ko‘ra Ramazon bilan tabriklanadi, unga oshiqiladi.  Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon oyini intiqlik bilan kutar, uning yaqinlashganini kishilarga eslatib turar va sahobai kiromlarni u bilan tabriklab, munosib tayyorgarlik ko‘rishga chorlar edilar. Bu haqida Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Rajab oyi kirganda: «Allohim, bizga Rajab va Sha’bonda baraka bergin hamda Ramazonga yetkazgin», der ekanlar (Imom Bayhaqiy rivoyati ).

 

Abu Fazl o‘z «Musnadida» Salmon (roziyallohu anhu)dan quyidagicha rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sha’bonning oxirgi kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: «Ey odamlar! Darhaqiqat, sizlarga buyuk bir oy soya solmoqda. Muborak oy. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh uning ro‘zasini farz qildi, kechasini ibodat bilan o‘tkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi. U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir. Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u (ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi.

 

U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir. Kim unda o‘z mamlukiga (qul va cho‘risiga) yengillik yaratsa, Alloh uni do‘zaxdan ozod qiladi».

 

 

 

Allohim! Ramazon oyining ana shu fazilatlaridan barchamizni bahramand et!  Uni biz uchun umrlarimizning eng savoblisi va mazmunlisi qil! Shu oyning sharofatidan qolgan oylarimizni ham barakotli, xayrli qilib, yurtimiz va butun dunyoda tinchlik, xotirjamlik va yaxshiliklaringni bardavom qil!

 

 

 

Amrullo JO‘RAYEV, 

Buxora shahridagi “Mir Arab” islom 

o‘rta-maxsus bilim yurti mudarrisi 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xushxabar: Muftiy hazratlari "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi

02.09.2026   41080   2 min.
Xushxabar: Muftiy hazratlari

Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nufuzli mukofot — Imom Qarofiy nomidagi "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandilar.

Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdilar.

So‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ushbu e’tirof Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom dini ma’rifatini keng yoyish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy fatvo faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona mehnatlarining munosib samarasi ekanini alohida ta’kidladi.

Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda Muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Unda yurtimiz qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-ma’rifat va islom madaniyatining muazzam markazi bo‘lib kelgani e’tirof etildi. Shuningdek, lavhada bugungi kunda Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, nufuzli xalqaro anjumanlar, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va mo‘tadillikni targ‘ib etish borasidagi salmoqli tashabbuslari atroflicha ko‘rsatib berildi.

Ma’lumot o‘rnida, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bunga qadar ham  bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar:

- Prezidentimiz farmonlariga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni;

– Rossiya Federatsiyasi markaziy diniy idorasining «Al-I’tisom» («Hamjihatlik») medali;

– Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining «Ыntimak» («Birdamlik») medali;

– «Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi» yubiley medali;

– Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining «Ummat oldidagi xizmatlari uchun» ordeni;

– Rossiya Federatsiyasi Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining «Al-Ilm» ordeni.

«Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun» mukofoti haqida:

Mazkur nufuzli xalqaro mukofot Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan.

Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati