Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Rahmat va mag‘firat oyi

19.05.2018   50728   29 min.
Rahmat va mag‘firat oyi

Ramazon ro‘zasi bandani o‘z nafsini boshqara olish, sabr-qanoatli bo‘lish, alaloqibat  taqvodor bo‘lishiga xizmat qiladi.

U Islomning besh asosidan biri bo‘lib, payg‘ambar yuborilgan har bir ummatga farz qilingan. Qur’oni karimda “...sizlarga ham sanoqli  kunlarda ro‘za tutish farz qilindi”, “...sizlardan kim bu oyga hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin” (Baqara, 183-184) kabi xitoblar bilan ro‘zaning farzligi sobit bo‘lgan. Dinning ustuni namoz, jamiyatning tayanchi zakot, ruhniki esa ro‘zadir. Shu sabab Ramazon ro‘zasi, uning fazilatlari haqida juda ko‘p o‘rinlarda ta’kidlab o‘tilgan. Ularda xabar berilganidek,  Ramazon rahmat va mag‘firat oyi. Chunki ro‘za jasadga ham, ruhga ham fayz bag‘ishlaydi, uni qayta tiriltiradi. Moddiy va ma’naviy zararlardan muhofaza qiladi. Bu oyda Allohga yaqinlashish, ulug‘ ajru-mukofotlarga sazovor bo‘lish imkoniyatlari ko‘proq. Bu oyda ixlos, samimiyat ila tavba qilsak, gunohlarimiz kechiriladi, duolar qilsak, ijobat bo‘ladi, inshoalloh!

 

Bu oyda yer sharining turli burchagidagi musulmonlar mushtarak tuyg‘u, bir orzu bilan birlashadilar. Allohning rahmatiga erishish, mag‘firatidan nasiba olish ilinjida ochlikka, chanqoqqa chidaydilar, jamoat bo‘lib Allohga taslim bo‘ladilar. Unga bo‘lgan muhabbatlari sabab  sabrning, taqvoning eng go‘zal namunasini ko‘rsatadilar. Yaxshilik, xayru saxovat eshiklari keng ochiladi. Mo‘min-musulmonlar shu oy davomida ruhlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar. Alloh bergan ne’matlarning qadriga yetish haqida o‘ylay boshlaydilar...

 

Ro‘za ibodati dinimizning boshqa ahkomlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xatmi Qur’on, taroveh namozlari va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ular o‘rtasidagi mehr oqibat, dinu-diyonat tuyg‘ularini junbushga keltiradi.

 

Insonlar yil mobaynida nafsning ishtiyoqlarini qondirish bilan ovora bo‘lib, kundalik turmush jarayonida sodir bo‘layotgan turli salbiy holatlardan ta’sirlanishi natijasida uning nuri imoni ancha xiralashib qoladi. Janob Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) o‘z vasiyatlarida: “Tez-tez ulamo va fuzalolarning ilmiy suhbatlarini topib turinglar. Goh-gohida Qur’on oyatlarining tilovati yoki ularni quloq solib tinglash bilan mashg‘ul bo‘linglar. Shunday qilsangiz, zanglab qolgan dillaringiz sayqallanib, nuri ziyoda bo‘lib turadi”, deb marhamat qilganlar. Ramazon oyi ham dillarimizda yig‘ilib qolgan ana shunday yillik g‘uborlarni tozalab, vujudimizni axloqiy fazilatlar kasb etishga tayyorlab oladigan g‘animat fursatdir. Binobarin, masjidlarda joriy etilgan xatmi Qur’onlar, taroveh namozlari bizga ana shunday imkoniyatni beradi.

 

Musulmon kishi ro‘za tutarkan, ruhan poklanadi. Aqlni nafsdan g‘olib bo‘lishga o‘rgatadi. O‘zini turli shahvatlardan tiyadi.  Shu asosda qalbida beva-bechora, och-nahorlarga nisbatan mehr paydo bo‘ladi.  Bu jamlangan xususiyatlar sabab ham ro‘zadorga qiyomat kunida ulug‘ ajru savoblar va’da qilinadi.  

 

Hazrati Umoma (roziyallohu anhu):

 

       Ey Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), menga bir vazifa buyuring, – debdi.

 

       Ro‘za tutishda davom eting, shubhasiz, uning savobining tengi yo‘qdir, –  deb marhamat qilganlar.

 

Savol uch bor so‘ralganida ham, u zot (sollallohu alayhi va sallam) avvalgi javobni qaytarganlar.

 

Ramazonda ro‘zadorga besh xislat berildiki, bular boshqa ummatlarning hech biriga berilmagan:

 

1.                                  Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Alloh taolo nazdida mushk hididan ham yaxshiroqdir.

 

2.                                  Iftor qilinguncha farishtalar ham ro‘zador uchun istig‘for aytib, unga mag‘firat talab qiladilar.

 

3.                                  Haq taolo har kuni jannatning ziynatini oshiradi.

 

4.                                  Shaytonlarning sarkashlari band etiladi.

 

5.                                  Oxirgi kechada butun ro‘zadorlar mag‘firat qilinadilar.

 

Rahmati ilohiy shunchalar kengki, uni tasavvur qilishga insoniyatning aqli yetmaydi. Besh vaqt namoz har namoz orasidagi xatolarga, juma kungi namoz ikki juma orasidagi xatolarga, Ramazon oyi ibodatlari bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Faqat mo‘min kishi gunohi kabiradan, ya’ni katta gunohlardan o‘zini saqlashi kerak.

 

Ro‘za Alloh uchundir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan bir hadisi qudsiyda: “Insoniylarning qilgan barcha amallari o‘zlari uchun, faqatgina ro‘za men uchundir (menga oiddir). Ro‘zaning mukofotini men beraman. Ro‘za bir qalqondir, shuning uchun ro‘za tutgan kuningizda rafas, ya’ni, jimo’ haqida fahsh so‘zlarni so‘zlamangki, balki, jimo’ga sabab bo‘lar... Hech qachon  baqirib chaqirmang, xusumatlashmang va tortishmang. Agar boshqa bir kishi sizni urib-so‘kishga, siz bilan janjallashishga moyil bo‘lsa: “Men ro‘zadorman, men ro‘zadorman” deng”, deya marhamat qilinadi. Urushish, yomon so‘zlar aytish esa insonni u kutayotgan, umid qilayotgan savoblardan mahrum qiladi.

 

         Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisi sharifda esa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Sizlarga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh taolo uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannatning eshiklari ochiladi, jahannamning eshiklari yopiladi. Bu oyda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanadi. Alloh taolo bu oy orasida bir kechani nozil qilgan bo‘lib, u kecha ming kechadan yaxshiroqdir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq (ko‘p fayzlardan mahrum bo‘libdi”.

 

         Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Jannatda alohida bir eshik bo‘lib, u Rayyon (chanqoqlik yo‘q) deyiladi. Qiyomat kuni bu eshikdan faqat ro‘za tutgan kishilargina kiradilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Alloh taolo barchamizga Ramazon oyini muborak qilsin, bu oyda gunohlardan poklanib, qalb ko‘zimiz ochilishini nasib aylasin. Azizlar, keling, bu oyda, duolar mustajob bo‘ladigan iftor chog‘idagi duolarimizda yurtimizning tinchligi, ravnaqi va farovonligini so‘raylik! Negaki, tinchlik bo‘lmasa, hayotda ham, ibodatda ham halovat bo‘lmaydi. Alloh taologa barchamizga bu oyning fazilatlaridan to‘liq bahra olishni nasibi ro‘z aylasin!

 

 

O‘tkir G‘UZOROV

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   10748   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar