Ramazon ro‘zasi bandani o‘z nafsini boshqara olish, sabr-qanoatli bo‘lish, alaloqibat taqvodor bo‘lishiga xizmat qiladi.
U Islomning besh asosidan biri bo‘lib, payg‘ambar yuborilgan har bir ummatga farz qilingan. Qur’oni karimda “...sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi”, “...sizlardan kim bu oyga hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin” (Baqara, 183-184) kabi xitoblar bilan ro‘zaning farzligi sobit bo‘lgan. Dinning ustuni namoz, jamiyatning tayanchi zakot, ruhniki esa ro‘zadir. Shu sabab Ramazon ro‘zasi, uning fazilatlari haqida juda ko‘p o‘rinlarda ta’kidlab o‘tilgan. Ularda xabar berilganidek, Ramazon rahmat va mag‘firat oyi. Chunki ro‘za jasadga ham, ruhga ham fayz bag‘ishlaydi, uni qayta tiriltiradi. Moddiy va ma’naviy zararlardan muhofaza qiladi. Bu oyda Allohga yaqinlashish, ulug‘ ajru-mukofotlarga sazovor bo‘lish imkoniyatlari ko‘proq. Bu oyda ixlos, samimiyat ila tavba qilsak, gunohlarimiz kechiriladi, duolar qilsak, ijobat bo‘ladi, inshoalloh!
Bu oyda yer sharining turli burchagidagi musulmonlar mushtarak tuyg‘u, bir orzu bilan birlashadilar. Allohning rahmatiga erishish, mag‘firatidan nasiba olish ilinjida ochlikka, chanqoqqa chidaydilar, jamoat bo‘lib Allohga taslim bo‘ladilar. Unga bo‘lgan muhabbatlari sabab sabrning, taqvoning eng go‘zal namunasini ko‘rsatadilar. Yaxshilik, xayru saxovat eshiklari keng ochiladi. Mo‘min-musulmonlar shu oy davomida ruhlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar. Alloh bergan ne’matlarning qadriga yetish haqida o‘ylay boshlaydilar...
Ro‘za ibodati dinimizning boshqa ahkomlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xatmi Qur’on, taroveh namozlari va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ular o‘rtasidagi mehr oqibat, dinu-diyonat tuyg‘ularini junbushga keltiradi.
Insonlar yil mobaynida nafsning ishtiyoqlarini qondirish bilan ovora bo‘lib, kundalik turmush jarayonida sodir bo‘layotgan turli salbiy holatlardan ta’sirlanishi natijasida uning nuri imoni ancha xiralashib qoladi. Janob Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) o‘z vasiyatlarida: “Tez-tez ulamo va fuzalolarning ilmiy suhbatlarini topib turinglar. Goh-gohida Qur’on oyatlarining tilovati yoki ularni quloq solib tinglash bilan mashg‘ul bo‘linglar. Shunday qilsangiz, zanglab qolgan dillaringiz sayqallanib, nuri ziyoda bo‘lib turadi”, deb marhamat qilganlar. Ramazon oyi ham dillarimizda yig‘ilib qolgan ana shunday yillik g‘uborlarni tozalab, vujudimizni axloqiy fazilatlar kasb etishga tayyorlab oladigan g‘animat fursatdir. Binobarin, masjidlarda joriy etilgan xatmi Qur’onlar, taroveh namozlari bizga ana shunday imkoniyatni beradi.
Musulmon kishi ro‘za tutarkan, ruhan poklanadi. Aqlni nafsdan g‘olib bo‘lishga o‘rgatadi. O‘zini turli shahvatlardan tiyadi. Shu asosda qalbida beva-bechora, och-nahorlarga nisbatan mehr paydo bo‘ladi. Bu jamlangan xususiyatlar sabab ham ro‘zadorga qiyomat kunida ulug‘ ajru savoblar va’da qilinadi.
Hazrati Umoma (roziyallohu anhu):
– Ey Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), menga bir vazifa buyuring, – debdi.
– Ro‘za tutishda davom eting, shubhasiz, uning savobining tengi yo‘qdir, – deb marhamat qilganlar.
Savol uch bor so‘ralganida ham, u zot (sollallohu alayhi va sallam) avvalgi javobni qaytarganlar.
Ramazonda ro‘zadorga besh xislat berildiki, bular boshqa ummatlarning hech biriga berilmagan:
1. Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Alloh taolo nazdida mushk hididan ham yaxshiroqdir.
2. Iftor qilinguncha farishtalar ham ro‘zador uchun istig‘for aytib, unga mag‘firat talab qiladilar.
3. Haq taolo har kuni jannatning ziynatini oshiradi.
4. Shaytonlarning sarkashlari band etiladi.
5. Oxirgi kechada butun ro‘zadorlar mag‘firat qilinadilar.
Rahmati ilohiy shunchalar kengki, uni tasavvur qilishga insoniyatning aqli yetmaydi. Besh vaqt namoz har namoz orasidagi xatolarga, juma kungi namoz ikki juma orasidagi xatolarga, Ramazon oyi ibodatlari bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Faqat mo‘min kishi gunohi kabiradan, ya’ni katta gunohlardan o‘zini saqlashi kerak.
Ro‘za Alloh uchundir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan bir hadisi qudsiyda: “Insoniylarning qilgan barcha amallari o‘zlari uchun, faqatgina ro‘za men uchundir (menga oiddir). Ro‘zaning mukofotini men beraman. Ro‘za bir qalqondir, shuning uchun ro‘za tutgan kuningizda rafas, ya’ni, jimo’ haqida fahsh so‘zlarni so‘zlamangki, balki, jimo’ga sabab bo‘lar... Hech qachon baqirib chaqirmang, xusumatlashmang va tortishmang. Agar boshqa bir kishi sizni urib-so‘kishga, siz bilan janjallashishga moyil bo‘lsa: “Men ro‘zadorman, men ro‘zadorman” deng”, deya marhamat qilinadi. Urushish, yomon so‘zlar aytish esa insonni u kutayotgan, umid qilayotgan savoblardan mahrum qiladi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisi sharifda esa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Sizlarga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh taolo uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannatning eshiklari ochiladi, jahannamning eshiklari yopiladi. Bu oyda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanadi. Alloh taolo bu oy orasida bir kechani nozil qilgan bo‘lib, u kecha ming kechadan yaxshiroqdir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq (ko‘p fayzlardan mahrum bo‘libdi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Jannatda alohida bir eshik bo‘lib, u Rayyon (chanqoqlik yo‘q) deyiladi. Qiyomat kuni bu eshikdan faqat ro‘za tutgan kishilargina kiradilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Ramazon oyini muborak qilsin, bu oyda gunohlardan poklanib, qalb ko‘zimiz ochilishini nasib aylasin. Azizlar, keling, bu oyda, duolar mustajob bo‘ladigan iftor chog‘idagi duolarimizda yurtimizning tinchligi, ravnaqi va farovonligini so‘raylik! Negaki, tinchlik bo‘lmasa, hayotda ham, ibodatda ham halovat bo‘lmaydi. Alloh taologa barchamizga bu oyning fazilatlaridan to‘liq bahra olishni nasibi ro‘z aylasin!
O‘tkir G‘UZOROV
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati