Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon – birdamlik oyi, taroveh – tarovatli namoz

19.05.2018   50115   4 min.
Ramazon – birdamlik oyi, taroveh – tarovatli namoz

Kunii kecha muborak ramazon oyi kirdi. Mahalla-ko‘y to‘planishib masjidimizga taroveh namozini o‘qigani bordik. Namozga yig‘ilgan odam o‘tgan yilgidan uch-to‘rt barobar ko‘p. Burungi yillari namozxonlar tarovehning yarimlariga kelganda tahoratga, boshqa narsalarga qo‘zg‘alib qolar edi. Bu yil hamma oxirigacha o‘qidi. Alloh taoloning marhamati ila bugun uchinchi tarovehni o‘qiymiz.

O‘rtaroq safda turib namoz o‘qir ekanman, odamlarimiz namozga xiyla mahkam bo‘lib qolibdi, deb suyunib qo‘ydim. Zero, tarovehni o‘qigan odam ham namoz o‘qiganining, ham Qur’oni karimni xatm qilganning savobini oladi-da.

Hamma narsa o‘zining o‘rnida qiymatli bo‘ladi deganlaridek, ramazon oyida tutilgan ro‘zaning, ana shu kechalarda o‘qilgan yigirma rakat namozning,  qilingani tilovati Qur’onning savobini boshqa hech vaqtda topish mumkin emas. Boshqa vaqtda 24 soatlab ro‘za tutsangiz ham, ming rakatlab namoz o‘qisangiz ham, bir kechada bir martadan xatm qilsangiz ham bugunning savobiga aslo erisha olmaysiz.

Nega? Chunki Alloh taolo Qur’oni karimni aynan ramazon oyida dunyo osmoniga tushirdi va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nozil eta boshladi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi» (Imom Bayhaqiy rivoyati)

Ramazon oyida to‘liq bir oy ro‘za tutishni Alloh taoloning O‘zi amr qilib:  “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasining 183-oyati), dedi va uning mukofotini O‘zi berishini va’da qildi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan  rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday degan:

Odam bolasining har bir amali uning uchundir. Faqat ro‘za men uchundir. Unga o‘zim mukofot beraman!” (Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati)

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga taroveh namozini o‘qishni o‘rgatdilar.

Alloh taoloning amri va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatini bajarib erishiladigan savobni biror narsaga tenglashtirib bo‘lar ekanmi?

Ramazon – Qur’on oyi. Muqaddas Kitobimiz ana shu oyda nozil bo‘ldi. Bu oyda o‘qilgan har bir harf uchun masjidda hozir bo‘lgan insonlarning barcha-barchasi mislsiz ajru savoblar oladi.

Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin(Baqara surasining 185-oyati).

Ramazon – sabr-bardosh oyi. Alloh taolo shu oyda nafsimizni och va suvsiz qo‘yib qalbimizdagi imonimizni sinaydi. Shuning uchun ro‘zadorman degan odamning qanchalik ro‘zador ekanini Uning O‘zi biladi.

Ramazon – baraka oyi. Chunki Alloh taoloning O‘zi uni barakali qilib qo‘ygan.

Ramazon – saxovat oyi. Chunki har safar ramazon kirganida Payg‘ambar alayhissalom yanada saxiy bo‘lib ketganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Ramazon – birdamlik, hamjihatlik, diydor oyi. Bir yil davomida bir-birini ko‘rmagan ko‘ngli yaqin, ammo yashash joyi uzoq, qiladigan kasbi-kori boshqa-boshqa bo‘lgan insonlar taroveh namozlariga kelganda yana diydorlashadi. Begona insonlar ham taroveh namoziga qatnaganda tanishib, do‘stlashib ketadi. 

Tarovehni o‘qiyotganda sarrin havoda tanimizni mayingina shabada silab turganini his qilyapmiz. Havo ham nihoyatda musaffo. Buni Rabbimizning boshimiz uzra yog‘ilgan marhamatidan  nishona bo‘lsin deya umidvor bo‘laylik va ko‘plab ezguliklar so‘rab duoga qo‘l ochaylik, azizlar.

 

Damin JUMAQUL,

O‘MI Matbuot xizmati

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   56686   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari