Kunii kecha muborak ramazon oyi kirdi. Mahalla-ko‘y to‘planishib masjidimizga taroveh namozini o‘qigani bordik. Namozga yig‘ilgan odam o‘tgan yilgidan uch-to‘rt barobar ko‘p. Burungi yillari namozxonlar tarovehning yarimlariga kelganda tahoratga, boshqa narsalarga qo‘zg‘alib qolar edi. Bu yil hamma oxirigacha o‘qidi. Alloh taoloning marhamati ila bugun uchinchi tarovehni o‘qiymiz.
O‘rtaroq safda turib namoz o‘qir ekanman, odamlarimiz namozga xiyla mahkam bo‘lib qolibdi, deb suyunib qo‘ydim. Zero, tarovehni o‘qigan odam ham namoz o‘qiganining, ham Qur’oni karimni xatm qilganning savobini oladi-da.
Hamma narsa o‘zining o‘rnida qiymatli bo‘ladi deganlaridek, ramazon oyida tutilgan ro‘zaning, ana shu kechalarda o‘qilgan yigirma rakat namozning, qilingani tilovati Qur’onning savobini boshqa hech vaqtda topish mumkin emas. Boshqa vaqtda 24 soatlab ro‘za tutsangiz ham, ming rakatlab namoz o‘qisangiz ham, bir kechada bir martadan xatm qilsangiz ham bugunning savobiga aslo erisha olmaysiz.
Nega? Chunki Alloh taolo Qur’oni karimni aynan ramazon oyida dunyo osmoniga tushirdi va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nozil eta boshladi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi» (Imom Bayhaqiy rivoyati)
Ramazon oyida to‘liq bir oy ro‘za tutishni Alloh taoloning O‘zi amr qilib: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasining 183-oyati), dedi va uning mukofotini O‘zi berishini va’da qildi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday degan:
“Odam bolasining har bir amali uning uchundir. Faqat ro‘za men uchundir. Unga o‘zim mukofot beraman!” (Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati)
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga taroveh namozini o‘qishni o‘rgatdilar.
Alloh taoloning amri va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatini bajarib erishiladigan savobni biror narsaga tenglashtirib bo‘lar ekanmi?
Ramazon – Qur’on oyi. Muqaddas Kitobimiz ana shu oyda nozil bo‘ldi. Bu oyda o‘qilgan har bir harf uchun masjidda hozir bo‘lgan insonlarning barcha-barchasi mislsiz ajru savoblar oladi.
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin” (Baqara surasining 185-oyati).
Ramazon – sabr-bardosh oyi. Alloh taolo shu oyda nafsimizni och va suvsiz qo‘yib qalbimizdagi imonimizni sinaydi. Shuning uchun ro‘zadorman degan odamning qanchalik ro‘zador ekanini Uning O‘zi biladi.
Ramazon – baraka oyi. Chunki Alloh taoloning O‘zi uni barakali qilib qo‘ygan.
Ramazon – saxovat oyi. Chunki har safar ramazon kirganida Payg‘ambar alayhissalom yanada saxiy bo‘lib ketganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Ramazon – birdamlik, hamjihatlik, diydor oyi. Bir yil davomida bir-birini ko‘rmagan ko‘ngli yaqin, ammo yashash joyi uzoq, qiladigan kasbi-kori boshqa-boshqa bo‘lgan insonlar taroveh namozlariga kelganda yana diydorlashadi. Begona insonlar ham taroveh namoziga qatnaganda tanishib, do‘stlashib ketadi.
Tarovehni o‘qiyotganda sarrin havoda tanimizni mayingina shabada silab turganini his qilyapmiz. Havo ham nihoyatda musaffo. Buni Rabbimizning boshimiz uzra yog‘ilgan marhamatidan nishona bo‘lsin deya umidvor bo‘laylik va ko‘plab ezguliklar so‘rab duoga qo‘l ochaylik, azizlar.
Damin JUMAQUL,
O‘MI Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati