Ramazon – saodat asridan buyon mo‘min-musulmonlar alohida e’tibor va hurmat bilan kutib oladigan oydir.
Bizni musulmonlardan qilib yaratib, kalbimizga ro‘za mehrini solib, dorulomon kunlarda tinch-osoyishta mamlakatimizda ramazonning shukuhi bilan qalbimizni xursand qilib quygan Alloh taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin.
Ramazon ro‘zasi musulmonlarga farz qilingan amal bo‘lib, Qur’on oyatlari bilan sobitdir. Ramazon ro‘zasi qibla Makkaga o‘zgargan yili, ya’ni hijriy 2 yili, sha’bon oyining 18 kuni farz bo‘lgan. Rasululloh sollalloxu alayxi vasallam 9 yil farz ro‘zani tutganlar. Qur’oni karim ham ushbu muborak ramazon oyida nozil bo‘lgan. Bu esa ramazon oyini sharafini yanada ziyoda qilgan. Ro‘za insonni sog‘ligiga shifo bo‘lsa, Qur’oni karim insonning ruhiyatiga shifo bo‘ladi. Tinch va fayzli mamlakatimizning minglab masjidlarida, har yili ramazon oyida Xatmi Qur’onlar bo‘layotgani bejiz emaski, yurtimizga ana shu Xatmi Qur’onlarni sabab qilib Alloh taolo barakalar yog‘dirmoqda.
Musulmon kishining yil davomida ado etib yurgan ibodati, sadaqa va xayrli ishlari, yaxshi amallari, bandaligiga borib sodir etgan gunohlarini ketkazib turadi. Agarda bulardan ham ortib qolgan gunohlari bo‘lsa, u gunohlar ramazon ro‘zasini tutishi bilan ketkaziladi. Albatta, inson gunohlardan xoli emas. Gunoh ishlar musulmon kishi uchun badanga yetgan zahar kabidir, agar inson ehtiyot bo‘lmasa bu zahar insonni o‘ldirishi mumkin.
Ramazon oyi kelganda Rasululloh sollalloxu alayxi vasallamning saxovatlari yanada oshib ketardi. Biz ham shunday ulug‘ zotning ummatlari ekanmiz, u zotdan o‘rnak olib ramazon oyida oilamizga, qarindosh-urug‘larimizga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta’minlangan qariyalarga qo‘limizdan kelganicha moddiy yordam berishimiz, bemorlardan xabar olib, ularni borib ko‘rishimiz lozim. Shuning uchun keladigan bu muborak oy, gunohlarimizdan poklanishimiz uchun g‘animatdir.
Inomjon NAMOZOV,
“Tangri berdi ” jome masjidi imom-xatibi
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati