Islom dini ta'limotida nimaki yaxshi deb buyurilgan bo'lsa, u yaxshi, nimaki yomon deb qaytarilgan bo'lsa o'sha narsa yomondir. Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar etkazishga sabab bo'luvchi barcha narsalarni yomon deb o'sha narsalardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e'lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir.
Alloh taolo “A'rof” surasining 157-oyatida:
“... U (Payg'ambar) ularni (insonlarni) yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...”, deb marhamat qiladi
.Hozirgi vaqtda giyohvandlik balosi insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan, uning aziz va mukarramligiga putur etkazayotgan mash'um illatlardan bo'lib turibdi.
Giyohvandlik Alloh taolo insonga ato etgan jon, jism, aql va mol-mulk kabi ne'matlarining zavoliga sabab bo'layotganini bugun hamma yaxshi tushunib turibdi. Biroq, shunga qaramay, bu narsalar ko'paysa ko'payyaptiki, lekin kamaymayapti. Narkotik modda iste'mol qilib yurganlar orasida erkagu ayol ham, yoshu qari ham, maktab, kollej, litsey, institut, universitet talabalari ham topilyapti. Buning sababi nima? Buning sababi – Alloh va Uning Rasulining amriga yurmaslik, qiyomat va oxiratdagi so'roq-savoldan qo'rqmaslikdir. Inson nafsini jilovlay olmayapti. Demak, bu borada bizga eng katta yordam beradigan muolaja ruhiy tarbiyadir. Har birimiz o'zimizning, farzandlarimizning ruhiy tarbiyasi bilan jiddiy shug'ullanmog'imiz kerak, chunki inson o'z nafsini jilovlay olsagina bu ajal og'usidan o'zini to'xtata oladi. Nima uchun ko'pchilik bu zahri qotilni totib ko'radi? Chunki ular mana shu tamaki mahsulotlari yoki giyohvand moddalari bilan hayotdagi muammolarimni, g'am-tashvishlarimni biroz unutaman, asabim buzilib, yuragimning siqilganini aritaman deb o'ylashadi. Vaholanki, ularni iste'mol qilgan bilan bu muammolar yo'qolmaydi, bu tashvishlar bartaraf bo'lmaydi, inson o'zini o'zi aldab, qisqagina fursat ularni esidan chiqaradi, xolos. Ojizu notavon inson buni bilib turib, o'zini ajal domiga tashlaydi.
Insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug' ne'mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Bu haqda Ummu Salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytdilar:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hozirda ayrim yoshlar orasida (“Tramadol”, “Lirika” kabi) psixotrop dori vositalari iste'moliga odatlanish holatlari uchramoqda. Vaholanki, bu dori vositalarida giyohvand moddalaridagi kabi o'ziga o'rgatib qo'yishdek xususiyat bor. Tabiiyki, bu giyohvandlikning yangicha ko'rinishini paydo qiladi. Dinimizda har qanday bo'shashtiruvchi va mast qiluvchi vositalar harom qilingan!
Dinimizda inson salomatligi uchun, umuman odamning o'zi va atrofdagilarga zararli bo'lgan ishlar harom qilingan. Jumladan, hozirda ayrim yoshlar o'rtasida avj olayotgan chilim chekish odati ham shariatimiz tomonidan qat'iy qoralanadi. Chunki ushbu odat inson salomatligiga zararli, hatto insonni halok qiluvchi ekani, rak va boshqa xavfli kasalliklarga sabab bo'lishi tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiqlangan.
Alloma ibn Hojar al-Makkiyning “Fatovoi Kabir”ida aytilishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste'mol qilishda bir qancha zararlar mavjud: u inson tafakkurini o'tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo'qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to'sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar etkazadi”. Bundan tashqari, bu zararli illat insonni o'ta yalqov, kamg'ayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qo'yadi, ko'zni xiralashtiradi, tishlarni to'kib yuboradi.
Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma'naviy barkamollik sari yo'naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o'zi madadkor bo'lsin.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom xatibi.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV