Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Giyohvandlik – tanazzulga  boshlovchi  illat

31.05.2023   4148   5 min.
Giyohvandlik – tanazzulga  boshlovchi  illat

Islom dini ta'limotida nimaki yaxshi deb buyurilgan bo'lsa, u yaxshi, nimaki yomon deb qaytarilgan bo'lsa o'sha narsa yomondir.  Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar etkazishga sabab bo'luvchi barcha narsalarni yomon deb o'sha narsalardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e'lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir.

Alloh taolo “A'rof” surasining 157-oyatida:

 “... (Payg'ambar) ularni (insonlarni) yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...”, deb marhamat qiladi

.Hozirgi vaqtda giyohvandlik balosi insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan, uning aziz va mukarramligiga putur etkazayotgan mash'um illatlardan bo'lib turibdi.

Giyohvandlik Alloh taolo insonga ato etgan jon, jism, aql va mol-mulk kabi ne'matlarining zavoliga sabab bo'layotganini bugun hamma yaxshi tushunib turibdi.       Biroq, shunga qaramay, bu narsalar ko'paysa ko'payyaptiki, lekin kamaymayapti. Narkotik modda iste'mol qilib yurganlar orasida erkagu ayol ham, yoshu qari ham, maktab, kollej, litsey, institut, universitet talabalari ham topilyapti.  Buning sababi nima? Buning sababi – Alloh va Uning Rasulining amriga yurmaslik, qiyomat va oxiratdagi so'roq-savoldan qo'rqmaslikdir. Inson nafsini jilovlay olmayapti. Demak, bu borada bizga eng katta yordam beradigan muolaja ruhiy tarbiyadir. Har birimiz o'zimizning, farzandlarimizning ruhiy tarbiyasi bilan jiddiy shug'ullanmog'imiz kerak, chunki inson o'z nafsini jilovlay olsagina bu ajal og'usidan o'zini to'xtata oladi. Nima uchun ko'pchilik bu zahri qotilni totib ko'radi? Chunki ular mana shu tamaki mahsulotlari yoki giyohvand moddalari bilan hayotdagi muammolarimni, g'am-tashvishlarimni biroz unutaman, asabim buzilib, yuragimning siqilganini aritaman deb o'ylashadi. Vaholanki, ularni iste'mol qilgan bilan bu muammolar yo'qolmaydi, bu tashvishlar bartaraf bo'lmaydi, inson o'zini o'zi aldab, qisqagina fursat ularni esidan chiqaradi, xolos. Ojizu notavon inson buni bilib turib, o'zini ajal domiga tashlaydi.

      Insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug' ne'mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Bu haqda Ummu Salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytdilar:

 “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

      Hozirda ayrim yoshlar orasida (“Tramadol”, “Lirika” kabi) psixotrop dori vositalari iste'moliga odatlanish holatlari uchramoqda. Vaholanki, bu dori vositalarida giyohvand moddalaridagi kabi o'ziga o'rgatib qo'yishdek xususiyat bor. Tabiiyki, bu giyohvandlikning yangicha ko'rinishini paydo qiladi. Dinimizda har qanday bo'shashtiruvchi va mast qiluvchi vositalar harom qilingan!

Dinimizda inson salomatligi uchun, umuman odamning o'zi va atrofdagilarga zararli bo'lgan ishlar harom qilingan. Jumladan, hozirda ayrim yoshlar o'rtasida avj olayotgan chilim chekish odati ham shariatimiz tomonidan qat'iy qoralanadi. Chunki ushbu odat inson salomatligiga zararli, hatto insonni halok qiluvchi ekani, rak va boshqa xavfli kasalliklarga sabab bo'lishi tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiqlangan.

            Alloma ibn Hojar al-Makkiyning “Fatovoi Kabir”ida aytilishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste'mol qilishda bir qancha zararlar mavjud: u inson tafakkurini o'tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo'qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to'sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar etkazadi”. Bundan tashqari, bu zararli illat insonni o'ta yalqov, kamg'ayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qo'yadi, ko'zni xiralashtiradi, tishlarni to'kib yuboradi.

      Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma'naviy barkamollik sari yo'naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o'zi madadkor bo'lsin.

 

Odiljon Narzullayev

Yangiyo'l tuman “Imom   Sulton” jome masjidi imom xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

20.08.2026   49164   2 min.
Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.  Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.

So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi. 

Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.

Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari