Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

25.05.2018 y. Islom mo‘tadil din

18.05.2018   8181   8 min.
25.05.2018 y. Islom mo‘tadil din

بسم الله الرحمن الرحيم

Islom mo‘tadil din

Muhtaram jamoat! Islom dinini Alloh taolo odamlarga mashaqqat tug‘dirmaydigan oson va yengil qilib nozil qilgandir. Zero, Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida islom yengil din ekani, unda qiyinchilik yo‘q ekanligi atroflicha yoritilgan.

Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:

لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا

ya’ni: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi”, (Baqara surasi, 286-oyat).

Dinimizdagi barcha ibodatlar bandalarning toqat va qodirliklariga qarab buyuriladi. Masalan, ro‘za ibodatini olsak, bir kishi xastaligi kuchayishi yoki sog‘ayishining kechikishidan qo‘rqsa, safarda yurgan kishi ro‘za tutishga qiynalsa, homilador yoki emizikli ayol go‘dagiga ziyon yetishidan xavotirda bo‘lsa, bunday kishilar o‘sha vaqtda ro‘za tutmasliklariga ijozat berilgan. Ular ro‘za tutishga mone bo‘lgan sabablar ketganidan so‘ng, qoldirgan kunlarining qazosini tutib beradilar. Tabarruk yoshdagi otaxon va onaxonlar umuman ro‘za tuta olmasalar har kungi ro‘za uchun bir miskin taomi miqdorida fidya beradilar. Dinimizda mana shunday tarzda bandalarning imkoniyatlariga qarab ularga sharoit yaratib berilgan.

Yana boshqa bir oyatda esa:

يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ

ya’ni: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”, (Baqara surasi, 185-oyat).

وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ

ya’ni: “Alloh taolo dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”, (Haj surasi, 78-oyat).

Yana bir misol, tahorat uchun suv topa olmagan kishi yoki xasta kishining tayammum bilan namoz o‘qishi, og‘ir xasta kishilarga imo-ishora bilan ibodat qilishning joizligi, safardagi kishining to‘rt rakatli farz namozlarni qasr qilishi kabi yengillik va ruxsatlar shular jumlasidandir.

Alloh taolo musulmon ummatining sifati haqida Qur’oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi:

وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيدًا

ya’ni: “Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun o‘rta ummat qildik”, (Baqara surasi, 143-oyat).

Islom ummati haqiqatda o‘rta – mo‘tadil ummatdir. Boshqa ba’zi ummatlarga o‘xshab, biror nohaq tarafga og‘ib ketmaydi. Yoki boshqasiga o‘xshab faqat moddiy narsalargagina suyanmaydi. Balki, inson o‘z tabiatidagi xususiyatiga qarab ham ruhiy, ham moddiy jihatga o‘rtacha, adolatli, mo‘tadil va eng afzal munosabatda bo‘ladi.

Ushbu ma’nolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflarida ham o‘z ifodasini topgan.

عن أَبي هريرةَ  رضي الله عنه عن النَّبيّ  صلى الله عليه وسلم  قَالَ: "إنَّ الدِّينَ يُسْرٌ، وَلَنْ يُشَادَّ الدِّينَ أَحَدٌ إلا غَلَبَهُ، فَسَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَأبْشِرُوا، وَاسْتَعِينُوا بِالغَدْوَةِ وَالرَّوْحَةِ وَشَيءٍ مِنَ الدُّلْجَةِ" (رواه البخاري).

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta din osondir. Kimki unda chuqur ketsa, dinga mag‘lub bo‘ladi. Shunday ekan dinda to‘g‘ri bo‘linglar va yaqinlashib yuringlar. Yaxshilik bilan suyuntiring. Sahar chog‘ida, tushdan keyin va kechaning bir qismida (ibodat qilib) foydalaning”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عن أَنَسٍ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، قَالَ: يَسِّرُوا وَلاَ تعَسِّرُوا، وَبَشِّرُوا وَلاَ تُنَفِّرُوا (متفق عليه).

ya’ni: “Osonlashtiring, qiyinlashtirmang! Qiziqtiring, bezdirmang!”, (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)

Muhtaram jamoat! Sog‘lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini ta’limotida mo‘tadillik g‘oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Zero, mo‘tadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yish, qattiq olish yoki o‘ta bo‘sh qo‘yib yuborish o‘rtasida bo‘lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.

 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib shunday deydi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه أَنَّ أَعْرَابِيا جَاءَ إِلَى رَسُولُ اللّهِ صلى الله عليه وسلم فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللّهِ دُلَّنِي عَلَى عَمَلٍ إِذا عَمِلْتُهُ دَخَلْتُ الْجنَّةَ. قَالَ: «تَعْبُدُ اللّهَ لاَ تُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا، وَتُقِيمُ الصَّلاَةَ الْمَكْتُوبَةَ. وَتُؤَدِّي الزَّكَاةَ الْمَفْرُوضَةَ. وَتَصُومُ رَمَضَانَ». قَالَ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لاَ أَزِيدُ عَلَى هٰذَا شَيْئا أَبدا، وَلاَ أَنْقُصُ مِنْهُ. فَلَمَّا وَلَّى، قَالَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يَنْظُرَ إِلَى رَجُلٍ مِنْ أَهْلِ الجنَّةِ، فَلْيَنْظُرْ إِلَى هٰذَا"

(مُتّفَقٌ عَلَيْهِ)

ya’ni: “Meni bir amalga yo‘llangki, uni qilsam jannatga kiray”. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Allohga ibodat qilasan, Unga biron sherik qilmaysan, farz namozlarni o‘qiysan, farz qilingan zakotni o‘taysan, Ramazon ro‘zasini tutasan dedilar. U: “Jonim Qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bundan ziyoda ham qilmayman, kamaytirmayman ham” dedi. U qayrilib ketgach, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: Kim jannat ahlidan bo‘lgan kishiga boqishni istasa mana bunga boqsin”, – dedilar (Muttafaqun alayh).

 

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida ro‘zani buzuvchi ba’zi omillar haqida suhbatlashamiz.

Quyidagi amallar ro‘zani buzadi hamda qazo va kafforat vojib bo‘ladi:

  • qasddan taom yeyish yoki dori istemol qilish;
  • qasddan ichimlik ichish;
  • qasddan jinsiy yaqinlik qilish;

Ro‘zani  qasddan buzishning kafforati quyidagilardan iborat:

  1. 60 kun ro‘za tutish. Bu ro‘zani ketma-ket, orasini uzmasdan tutish  shart qilinadi. Shuning uchun ikki hayit va tashriq kunlariga to‘g‘ri kelib qolmasligi kerak.
  2. Agar bunga qodir bo‘lmasa, 60 ta miskinni ovqatlantirish. Miskinlar orasida ota-onasi, xotini va farzandlariga o‘xshash yaqinlari bo‘lmasligi lozim. Shuningdek, har bir miskinga bug‘doydan bo‘lsa yarim so’, (taxminan 2 kg.) arpa yoki xurmo kabilardan bo‘lsa bir so’ yohud ularning qiymatini berish ham mumkin.

Quyidagi amallar ro‘zani buzadi va faqat qazosini tutish vojib bo‘ladi:

  • ro‘zani unutib yeb yoki ichib qo‘ygach, endi ro‘zam ochilib ketdi degan gumon bilan yeyish yoki ichishni davom ettirsa;
  • hali tong otmadi deb o‘ylab yeb-ichib yoki jinsiy aloqa qilib qo‘yilsa-yu, aslida tong otib bo‘lgan bo‘lsa yohud kun botdi degan gumon bilan og‘izni ochib qo‘ysa-yu, buning aksi bo‘lib chiqsa;
  • og‘iz yoki burunni chayishda ehtiyotsizlik tufayli suvni ichkariga kiritib yuborsa;.
  • qasddan og‘izni to‘ldirib qayt qilsa;
  • zo‘rlanganlik oqibatida yeb-ichilsa;
  • safarga chiqish, kasallik, hayz-nifos va aqldan ozish kabi sabablar bilan buzilsa;
  • odatda tanavvul qilinmaydigan narsalar, masalan, qog‘oz va loy kabilarni iste’mol qilinsa;
  • tishlar orasida qolgan no‘xot miqdoricha va undan katta hajmdagi ovqat qoldig‘ini yutsa;
  • quloqqa tomizilgan yog‘ yoki suvning mazasini halqumida sezsa;
  • burunga dori tomizsa;
  • klizma qilsa;
  • ayolini quchish yoki o‘pish tufayli maniy chiqsa;.

Alloh taolo barcha amallarimizni O‘zining shariatiga muvofiq holda bajarishimizni nasib aylasin. Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bir hadis, bir nasihat va bir umrlik ibrat

09.09.2026   34399   2 min.
Bir hadis, bir nasihat va bir umrlik ibrat

Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.

Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.

Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.

Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.

Ibratli hikoyalar