Ramazon oyi oylarning ichidagi eng ulug‘idir. Biz mo‘min-musulmonlar bu oyni boshqa oylardan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘ramiz. Xo‘sh, nega shunday? Bunga quyidagi matnlarda javob berib o‘tamiz.
Ramazon Qur’on oyi!
Alloh taolo O‘zining so‘nggi Rasuli sollallohu alayhi vasallamga O‘zining oxirgi Kalomini shu oyda nozil qila boshlagan.
Alloh taolo Qur’on karimning Baqara surasining 185-oyatida “Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo‘lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan” degan.
Qur’on insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi Kitobdir. Biz baxt-saodatimiz garovi bo‘lgan bu Kitobning nozil etilgan mavsumini yaxshi ko‘rmasak, boshqa qaysi oyni, qaysi mavsumni yaxshi ko‘ramiz?!
Ramazon rahmat oyi!
Bu oyda Allohning rahmati boshqa oylardagidan ko‘ra ko‘proq yog‘iladi. Masjidlar, uylar, ko‘chalarni rahmat chulg‘ab oladi. Atrof boshqa oylardagidan ko‘ra o‘zgacha fayzli ko‘rinadi.
Ramazon savoblar ko‘paytirib beriladigan oy!
Bu oyda qilingan solih amallarning savobi boshqa oylardagidan ko‘ra ko‘paytirib beriladi. Rivoyatlarda kelishicha, bu oyda qilingan bir nafl amalga boshqa oylardagi farz amalning savobi, bu oyda qilingan bir farz amalga esa boshqa oylardagi yetmishta farz amalning savobi beriladi. Shuning uchun barcha musulmonlar bu oyda solih amal qilishga o‘zlarini uradilar. Ko‘plab savob olishning harakatida bo‘ladilar.
Ramazon mag‘firat oyi!
Alloh taolo bu oyda ko‘plab bandalarini mag‘firat qiladi. U Zotning mag‘firati kengdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning oldingi (o‘tgan) gunohlari mag‘firat qilinadi” dedilar . Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Ramazon do‘zaxdan qutulish oyi!
Alloh taolo bu oyda ko‘plab bandalarini do‘zaxdan ozod qilishi xabarlarda aytiladi. Shuning uchun bu oyda do‘zaxdan qutulishga sabab bo‘ladigan amallarni ko‘proq qilishimiz kerak.
Ramazon mehr-muruvvat, saxovat oyi!
Bu oyda barchamiz yon-atrofimizdagi insonlarga, yetimlar, bevalar, kambag‘allar, qarindoshlar, qo‘shnilarga tilimiz bilan ham, qo‘limiz bilan ham yaxshilik qilishga urinamiz. Ehson-sadaqlarimiz ko‘payadi. Zakot beramiz. Dindoshlarimizning ko‘nglini ko‘tarishga, Ramazonni xushkayfiyatda o‘tkazishlari uchun sharoit qilib berishga harakat qilamiz.
Ramazon solih amallar ko‘payadigan oy!
Bu oyda Qur’oni Karimni ko‘p tilovat qilamiz, Alloh taoloni zikr qilamiz, nafl ibodatlarni ko‘paytiramiz, tarovehlarda ishtirok etamiz, xatmi Qur’onga quloq tutamiz, olimlar, fozillarni ziyorat qilib, duosini olamiz, miskinlarga sadaqa beramiz, iftorliklar tashkil etamiz va hokazo. Savoblar ko‘paytirib beriladigan oyda solih amallar ham ko‘payadi.
Ramazon taqvo oyidir!
Alloh taolo bizga ro‘zani farz qilishining hikmatlaridan biri – bizda taqvoni shakllantirishdir. Ro‘za aynan taqvoni o‘rgatadigan, sabrni shakllantiradigan, qalbda mehrni uyg‘otadigan ibodatdir. Shuning uchun ham bu oyda ko‘p dindoshlarimiz o‘zlarini solih amallarga uradilar, boshqa oylardagidan ko‘ra taqvoliroq bo‘ladilar. Bularning barchasi Allohning fazli va ro‘zaning samarasidir.
Ramazon farishtalar nozil bo‘ladigan oydir!
Bu oyda rahmat farishtalari Allohning izni bilan Yerga tushadilar. Masjidlarga, Qur’on tilovat bo‘layotgan, zikr majlislari o‘tayotgan joylarga keladilar. Musulmonlar bilan bir safda turib ibodat qiladilar. Masjidlarda xatmi Qur’on paytida ko‘zlarga yosh kelishi o‘sha farishtalarning o‘sha musulmonning qalbini silashi sababidandir.
Ramazon qadr kechasi o‘rin olgan oydir!
Bu oyda bir kecha borki, u ming oydan yaxshiroq kechadir. Bu – qadr kechasidir. Bu kechada qilingan bir ibodatga boshqa ming oyda qilingan ibodatga beriladigan savobdan ham ko‘proq savob beriladi. Qur’oni Karim shu kechada nozil bo‘la boshlagan. Ulamolarimiz bu kechani Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlaridan izlash kerakligini aytishgan.
Ramazon shaytonlar kishanlanadigan oydir!
Bu oyda shaytonlar kishanlanadi. Insonning solih amal qilishi oson bo‘ladi. Biz mo‘min-musulmonlar Ramazonda taqvo malakasini kuchaytirib, keyin butun yil davomida shu malakani ziyoda qilib borishga, amallarga g‘ayratli bo‘lishga intilishimiz lozim. Dushmanimizning kishanlab qo‘yilishi biz uchun katta imkoniyatdir. Tavba qilishga, ibodatni ko‘paytirishga, Allohga yaqin banda bo‘lib olishga imkoniyatdir.
Ramazon tavba oyidir!
Bu oyda gunohlarimizga ko‘proq tavba qilishimiz lozim. Zero, Alloh taolo mag‘firati kengdir. Ro‘zani ixlos bilan tutib, o‘tgan gunohlarimiz kechirilishiga erishishimiz bilan birga, o‘zimiz ham ko‘proq tavba va istig‘forda bardavom bo‘lishimiz darkor. “Astag‘firulloh al-Aziym” deb aytishni o‘zimiz uchun har kunlik vazifa qilib olishimiz kerak. Ayniqsa, saharlikka turgan paytlarimizda istig‘forga berilishimiz lozim. Chunki, Alloh taolo Qur’oni Karimda sahar paytida istig‘for aytuvchilarni maqtagan.
Ramazon go‘zal xulqlar bilan bezanish oyidir!
Hadislardan birida ro‘za tutgan odam yolg‘on gapirishdan va gunoh ish qilishdan timyilmasa, tutgan ro‘zasidan unga faqat ochlik va chanqoqlik qolishi aytilgan. Shuning uchun qornimizni taom va ichimlikdan, farjimizni shahvatdan tiyish bilan bir qatorda butun tana a’zolarimizni gunoh, harom ishlardan saqlab borimshimiz shart. Boshqacha aytganda, hamma a’zolarimiz ham ro‘za tutishi kerak. Shunda ro‘zadan ko‘zlangan ulkan foyda va samaralarga, behisob savoblarga erishamiz.
Ramazon duolar ijobat bo‘ladigan oy!
Bu oyda ko‘proq duo qilishimiz kerak. Ayniqsa, Qur’oni Karimni xatm qilganimizdan so‘ng duoga haris bo‘lishimiz kerak. Saharlikka turgan chog‘imizda, iftorlik asnosida ko‘proq duo qilishga intilishimiz ayni muddaodir.
Yuqoridagi va boshqa ko‘plab ishlar sababidan biz Ramazon oyini yaxshi ko‘ramiz, sog‘inamiz, kutamiz, bu oydan chiqsak, mahzun bo‘lamiz.
Alloh taolo barchamizga kirib kelayotgan Ramazon oyini muborak qilib, bu oyda ko‘p ibodat qilishimizni, gunohlari kechirilgan, duolari ijobat etilgan, martabasi ko‘tarilgan, Allohga qurbat hosil qilgan bandalardan bo‘lib chiqishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati