Alloh taolo bizlarni ro‘za tutishga buyurgan: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara, 183).
Boshqa oyatda: “Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir”, deb marhamat qilgan (Baqara, 184).
Har yili bizlar yilning eng yaxshi oyi ramazonga oshiqamiz, undagi ibodat lazzatini his etib, katta qiziqish bilan qarshi olamiz. Chunki ro‘zaning dunyodagi foydalarini hamda oxiratda uning sababidan olinadigan ne’matlarni anglab yetgan mo‘min, bu oyni intiq kutishi shubhasiz.
Ba’zilar esa, ro‘zada kamroq sigaret chekishlaridan yoki ozroq yeyishlaridan malollanadi. Aslida ular bu ibodatning halovatini sezishmaydi.
Mana shunday holatga tushmaslik uchun ulug‘ ne’mat bo‘lgan ro‘zaning ruhimizga, tanamizga, sog‘ligimizga foydalarini bilishimiz kerak.
Mutaxassislar hujayralarni asrovchi omil, viruslar, bakteriyalarni yo‘q qilishda ro‘zani eng foydali muolaja deb topishdi.
Ayrim davlatlarda faqat ro‘za bilan davolaydigan maxsus muolaja markazlari, ularda zamonaviy tibbiyot davolashi qiyin bo‘lgan, lekin ro‘za tutish bilan qisqa muddatda shifo topayotganlar borligi bu fikrga yaqqol dalildir.
Ro‘za va tan quvvati
Tadqiqotchilar fikricha, ro‘za tutgan insonning quvvat darajasi eng yuqori bo‘lar ekan. Ro‘zador inson jasadida o‘zi sezmagan ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Shayton vasvasasi kamaygani bois insonning quvvati oshadi.
Jismda quvvatning o‘ndan bir qismidan ko‘prog‘i ovqatni chaynash, hazm qilish paytiga sarflanadi. Ro‘za holatida bunday quvvat sarfining yo‘qolishi, insonga rohat va hushyorlik bag‘ishlaydi. Tejalgan quvvat jismni zararli moddalardan, keraksiz qoldiqlardan tozalashga sarflanadi.
Zararli moddalar
Shifokorlar inson hayotiga xavfli moddalarni faqat ro‘za tutib, yeyish-ichishni cheklash orqali bartaraf etish mumkinligini aytishadi. Ichimlik suvi va havodan oksidlar, karbon, qo‘rg‘oshin va oltingugurt kabi zaharli moddalarni yutamiz. Bu esa tanaga og‘ir yuk bo‘lib insonni zaif va lanj, fikrini tarqoq qiladi. Natijada surunkali kasalliklar paydo bo‘ladi.
Ruhan tetik bo‘lamiz
Ro‘zaning kuchli ruhiy beqarorlikni masalan, aqliy toliqish kabi iztirobni davolovchi ulkan qudrati bor. Bunda ro‘za bosh miyaga hamda miya hujayralariga dam beradi va ayni shu vaqtda tana hujayralarini zararli moddalardan tozalashga kirishadi.
Ro‘za turdi musibat, qiyinchiliklarga sabr qilishda hamda tushkunliklarga qarshi turishda yordam beradi. Shuningdek, ro‘za uyquni yaxshilab, ruhiy holatni to‘g‘ri yo‘naltiradi. Qondagi zararli moddalar chiqarib tashlangach, bosh miya hujayralari tozalanadi. Natijada miya tafakkur qilishga ko‘proq kuch topadi.
Tadqiqotchilar 85 foiz kasalliklar toza bo‘lmagan yo‘g‘on ichak hamda iflos qondan kelib chiqishini ta’kidlashgan. Ro‘za esa oshqozon, yo‘g‘on ichak, ingichka ichakni zararli moddalardan tozalab, a’zolarga yordam beradi.
FAYZO
tayyorladi.
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati