شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِيَ أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِّنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ فَمَن شَهِدَ مِنكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ
وَمَن كَانَ مَرِيضاً أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِّنْ أَيَّامٍ أُخَرَ يُرِيدُ اللّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلاَ يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ وَلِتُكْمِلُواْ الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُواْ اللّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir”. (Baqara, 185)
Dastlab ro‘za tutish ma’lum kunlardagina farz bo‘lgan edi. Muoz ibn Jabal, Ibn Abbos, Ibn Mas’udlar (roziyallohu anhum) rivoyatiga ko‘ra ro‘za Islomning avvalida oldingi ummatlarning ro‘zasi kabi har oyda uch kun tutilgan. Bu holat Nuh (alayhissalom) davrlaridan to ramazon oyi ro‘zasi farz qilinguncha davom etgan.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida har oy uch kun hamda ashuro kuni ro‘za tutganlar. So‘ng: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir” (Baqara, 183) oyati nozil bo‘ldi.
O‘shanda sog‘lom va muqim kishi ixtiyorli bo‘lib, xohlasa ro‘za tutar, xohlamasa bir miskinga taom berardi. Salama ibn Akva’dan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Alloh taolo ro‘za haqidagi oyatni (Baqara, 183) nozil qilganidan so‘ng, bizlardan kim xohlasa, ro‘za tutar, xohlamasa ro‘zasi o‘rniga bir miskinga taom berardi”.
So‘ngra: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin” oyati nozil bo‘ldi va musulmonlar uchun ro‘za tutish qat’iy lozim bo‘ldi.
Bu oyat nozil bo‘lganida musulmonlar iftorlikdan to uyqu yotgungacha taomlanishlari mumkin edi.
Agar tunning bir qismida uyg‘onsalar taom yeyishlari va ahli bilan yaqinlik qilish mumkin emasdi.
Keyin bu oyat: “...Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ngra, ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!” (Baqara 187) nozil bo‘ldi va bandalar kechasi tong otgungacha yeb-ichishi va boshqa muboh ishlarni qilishlari mumkin bo‘ldi.
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Odam bolasining hamma amali bir necha barobar oshiriladi: bitta yaxshilik o‘n barobaridan yetti yuz barobarigacha oshiriladi. Alloh taolo: “Ro‘za unday emas. Ro‘za Men uchundir. O‘zim uning mukofotini beraman. Zero Odam bolasi shahvati va taomini Men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan.
Ro‘zador uchun ikki quvonch bor: iftor qilganidagi bir quvonch, Parvardigoriga yo‘liqqanida bir quvonch. Ro‘zador og‘zining hidi Alloh taolo uchun mushkning hididan ham yoqimliroqdir. Ro‘za pardadir. Birortangiz ro‘za tutsa, yomon gapirmasin va baqirib-chaqirmasin. Biror kishi uni so‘ksa yoki urishsa, “Men ro‘zadorman!” desin» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ro‘za ibodatlarning eng ulug‘i, fazilatlisidir. Uning savobi faqat tutgan kishi uchundir, kamaytirilmaydi ham, boshqalarga olib berilmaydi ham. Alloh taolo bu oyni barchamiz uchun barakotli qilsin.
“Ta’vilot ahl as-sunna”, “Tafsirul Qur’anil Aziym”,
“Rovai’ul bayon” tafsirlari
asosida Badriddin RAHIMOV tayyorladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati