«Ey imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaring uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi.
Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz) to‘lashlari lozim. Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir» (Baqara, 183–184).
Hayotning lazzatini, irodaning qiymatini anglab yetishga xizmat qiladigan Ramazon ro‘zasi ilohiy amrlar ichida nafsga eng og‘ir keladigan amaldir. Ramazon arabcha «ar-ramad» so‘zidan olingan, quyosh haroratining juda isib, ko‘tarilganini anglatadi. Oyning «Ramazon» deyilishiga sabab, bu oyda tavba, solih amal qilganlarning gunohlari kuydiriladi, yo‘q qilib yuboriladi. O‘zbek tilida ro‘za ma’nosini anglatadigan arabcha «savm», «siyam» so‘zi lug‘atda nafs istaklaridan o‘zini tiyishni bildiradi. Atama sifatida esa, niyat qilib, nafsning eng katta istaklari bo‘lgan yeyish-ichish va jinsiy aloqadan kun bo‘yi tiyilishdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng oyda uch kun va ashuro kunida nafl ro‘za tutardilar. Hijratdan bir yil o‘tib, qibla o‘zgarganidan keyin sha’bon oyida Ramazon ro‘zasi farz qilindi.
Alloh taolo Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) oldin o‘tgan payg‘ambarlarning ummatlariga ham ro‘zani farz qilgan. Masalan, Odamga (alayhissalom) biyz kunlari (oyning 13-14-15 kunlari), Musoning (alayhissalom) qavmlariga ashuro kunlari, nasorolarga ham ramazon oyida ro‘za tutish buyurilgan. Ro‘za shahvatni kesadi, nafsning hoyu havaslarini mag‘lub qiladi. Turli yomonliklardan, tug‘yonga ketishdan saqlaydi. Ro‘zaning badan salomatligiga foydalari bugun barchaga yaxshi ma’lum. Ammo bu foydalar ro‘zaning farz bo‘lishi sababi va hikmati hisoblanmaydi. Ro‘za farz bo‘lishining asl hikmati Alloh taoloning amriga bo‘yinsunib, bandalikning zavqini totish, ruhni riyo asoratlaridan poklab, quvvat va ixlosni oshirish, nafsni yengib, komillikka erishishdir.
«...sanoqli kunlarda». Ya’ni, sizga farz qilingan ro‘za yilning sanoqli kunlarida – o‘n ikki oydan faqatgina bir oyidadir. Hamda sizning salomatligingizga ziyon keltirmaydigan, toqatingizni toq qilmaydigan shaklda, uzrli bo‘lsangiz, ma’zur ko‘rilib, yengillik berishni ko‘zda tutilgan holatda buyurilgandir.
«Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir». Agar ro‘za tutish sihatingizga jiddiy zarar yetkazadigan darajada bemor yoki safarda bo‘lsangiz, ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. Sog‘aygach yoki safardan qaytganingizdan keyin, necha kun ro‘za tutolmagan bo‘lsangiz, shuncha kun tutib, zimmangizdagi farz qazosini ado etasiz.
«Madori yetmaydiganlar bir mis kin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz)to‘lashlari lozim». Bu borada Ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Ramazon ro‘zasi farz qilingan dastlabki paytda odamlar hali unga ko‘nikmagan edilar. Ularga kun bo‘yi och yurish juda og‘ir kelardi. Shuning uchun ro‘za tutolmaganlar oyati karimaning: «Madori yetmaydiganlar...» hukmiga asoslanib, bir kambag‘alni to‘ydirish bilan o‘zlarini farzni ado etgan hisoblaganlar. «Sizlardan har kim u oyga shohid bo‘lsa, ro‘za tutsin» mazmunli oyati karima tushgach, ro‘za tutmay, fidya berishga ruxsat faqat bemorlar va musofirlargagina tegishli bo‘lib qoldi. Qolgan barchamiz ro‘za tutishga buyurildik».«Madori yetmaydiganlar» qatoriga juda ham qartayib, ochlikka toqati yetmaydigan qariyalar ham kirishiga mufassirlar ittifoq qilishgan.
«Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi». Ya’ni, kim buyurilganidan ortiqroq fidya bersa, o‘zi uchun yanada yaxshidir. «Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir». Fidya berganidan yoki qazoni tutganidan ko‘ra, qiyin bo‘lsa ham, vaqtida ro‘za tutganlaring o‘zlaring uchun afzaldir. Agar ro‘zaning fazilatini bilganlaringda, albatta, ro‘za tutmaslik joiz bo‘lgan holatlarda ham ro‘za tutgan bo‘lardilaring.
Qurtubiy va Hamdiy
tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID tayyorladi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi