«Ey imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaring uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi.
Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz) to‘lashlari lozim. Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir» (Baqara, 183–184).
Hayotning lazzatini, irodaning qiymatini anglab yetishga xizmat qiladigan Ramazon ro‘zasi ilohiy amrlar ichida nafsga eng og‘ir keladigan amaldir. Ramazon arabcha «ar-ramad» so‘zidan olingan, quyosh haroratining juda isib, ko‘tarilganini anglatadi. Oyning «Ramazon» deyilishiga sabab, bu oyda tavba, solih amal qilganlarning gunohlari kuydiriladi, yo‘q qilib yuboriladi. O‘zbek tilida ro‘za ma’nosini anglatadigan arabcha «savm», «siyam» so‘zi lug‘atda nafs istaklaridan o‘zini tiyishni bildiradi. Atama sifatida esa, niyat qilib, nafsning eng katta istaklari bo‘lgan yeyish-ichish va jinsiy aloqadan kun bo‘yi tiyilishdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng oyda uch kun va ashuro kunida nafl ro‘za tutardilar. Hijratdan bir yil o‘tib, qibla o‘zgarganidan keyin sha’bon oyida Ramazon ro‘zasi farz qilindi.
Alloh taolo Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) oldin o‘tgan payg‘ambarlarning ummatlariga ham ro‘zani farz qilgan. Masalan, Odamga (alayhissalom) biyz kunlari (oyning 13-14-15 kunlari), Musoning (alayhissalom) qavmlariga ashuro kunlari, nasorolarga ham ramazon oyida ro‘za tutish buyurilgan. Ro‘za shahvatni kesadi, nafsning hoyu havaslarini mag‘lub qiladi. Turli yomonliklardan, tug‘yonga ketishdan saqlaydi. Ro‘zaning badan salomatligiga foydalari bugun barchaga yaxshi ma’lum. Ammo bu foydalar ro‘zaning farz bo‘lishi sababi va hikmati hisoblanmaydi. Ro‘za farz bo‘lishining asl hikmati Alloh taoloning amriga bo‘yinsunib, bandalikning zavqini totish, ruhni riyo asoratlaridan poklab, quvvat va ixlosni oshirish, nafsni yengib, komillikka erishishdir.
«...sanoqli kunlarda». Ya’ni, sizga farz qilingan ro‘za yilning sanoqli kunlarida – o‘n ikki oydan faqatgina bir oyidadir. Hamda sizning salomatligingizga ziyon keltirmaydigan, toqatingizni toq qilmaydigan shaklda, uzrli bo‘lsangiz, ma’zur ko‘rilib, yengillik berishni ko‘zda tutilgan holatda buyurilgandir.
«Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir». Agar ro‘za tutish sihatingizga jiddiy zarar yetkazadigan darajada bemor yoki safarda bo‘lsangiz, ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. Sog‘aygach yoki safardan qaytganingizdan keyin, necha kun ro‘za tutolmagan bo‘lsangiz, shuncha kun tutib, zimmangizdagi farz qazosini ado etasiz.
«Madori yetmaydiganlar bir mis kin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz)to‘lashlari lozim». Bu borada Ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Ramazon ro‘zasi farz qilingan dastlabki paytda odamlar hali unga ko‘nikmagan edilar. Ularga kun bo‘yi och yurish juda og‘ir kelardi. Shuning uchun ro‘za tutolmaganlar oyati karimaning: «Madori yetmaydiganlar...» hukmiga asoslanib, bir kambag‘alni to‘ydirish bilan o‘zlarini farzni ado etgan hisoblaganlar. «Sizlardan har kim u oyga shohid bo‘lsa, ro‘za tutsin» mazmunli oyati karima tushgach, ro‘za tutmay, fidya berishga ruxsat faqat bemorlar va musofirlargagina tegishli bo‘lib qoldi. Qolgan barchamiz ro‘za tutishga buyurildik».«Madori yetmaydiganlar» qatoriga juda ham qartayib, ochlikka toqati yetmaydigan qariyalar ham kirishiga mufassirlar ittifoq qilishgan.
«Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi». Ya’ni, kim buyurilganidan ortiqroq fidya bersa, o‘zi uchun yanada yaxshidir. «Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir». Fidya berganidan yoki qazoni tutganidan ko‘ra, qiyin bo‘lsa ham, vaqtida ro‘za tutganlaring o‘zlaring uchun afzaldir. Agar ro‘zaning fazilatini bilganlaringda, albatta, ro‘za tutmaslik joiz bo‘lgan holatlarda ham ro‘za tutgan bo‘lardilaring.
Qurtubiy va Hamdiy
tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.
Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».
Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».
Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.
Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.
Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.
Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.
Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).
Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.
Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.
Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.
Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.
Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.
Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.
عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».
Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».
Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».
Shu’badan rivoyat qilinadi:
«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.
«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».
Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz