Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Ro‘zani buzuvchi amallar

17.05.2018   53612   4 min.
Ro‘zani buzuvchi amallar

Quyidagi amallar orqali ro‘za buziladi va faqat qazo ro‘za tutish vojib bo‘ladi:

  1. Ro‘zani safarga chiqish, kasallik, hayz-nifos va aqldan ozish kabi sabablar bilan buzilsa;
  2. Odatda tanavvul qilinmaydigan narsalar, masalan, qog‘oz va loy kabilarni iste’mol qilinsa;
  3. Tosh, temir, oltin, kumush va boshqa qattiq jismlarni yutilsa;
  4. Zo‘rlanganlik oqibatida yeb-ichilsa;
  5. Hali tong otmadi deb o‘ylab yeb-ichish yoki jinsiy aloqa qilib qo‘yilsa-yu, aslida tong otib bo‘lgan bo‘lsa yohud kun botdi degan gumon bilan og‘izni ochib qo‘ysa-yu, buning aksi bo‘lib chiqsa;
  6. Og‘iz yoki burunni chayishda ehtiyotsizlik tufayli suvni ichkariga kiritib yuborsa;.
  7. Qasddan ko‘ngilni aynitish tufayli og‘izdan to‘lib qayd qilsa;
  8. Qor yoki yomg‘ir og‘izga tushsa;.
  9. Tutunni qasddan hidlasa;
  10. Tishlar orasida qolgan no‘xot va undan katta hajmdagi ovqat qoldig‘ini yutsa;
  11. Ro‘zani unutib yeb yoki ichib qo‘ygach, endi ro‘zam ochilib ketdi degan gumon bilan tanavvulni davom ettirsa;
  12. Tundan niyat qilmagani uchun ro‘zani buzsa;
  13. Kun yarmidan keyin safarga chiqib, ro‘zani ochib yuborsa;
  14. Niyat qilmay kun bo‘yi yemoq va ichmoqlardan tiyilib yursa;
  15. Quloqqa tomizilgan yog‘ yoki suvning mazasini halqumida sezsa;
  16. Burunga dori tomizsa;
  17. Klizma qilsa;
  18. Ayolini quchish yoki o‘pish tufayli maniy chiqsa;.
  19. Qorindagi yaraga qo‘yilgan dorini oshqozonga va boshdagi yaraga qo‘yilgan dorini dimog‘ga yetsa;

 Ushbu yuqorida sanab o‘tilgan amallardan birini qilgan kishi Ramazonning hurmati uchun kunning qolganini o‘zini tiyish bilan o‘tkazishi zarur bo‘ladi hamda bir kuniga bir kun ro‘za tutib beradi.

  1. Quyidagi amallar orqali ro‘za buziladi hamda qazo va kafforat vojib bo‘ladi:
  2. Qasddan taom yeyish yoki ichish.
  3. Uzrsiz dori-darmonlarni qabul qilish.
  4. Qasddan jinsiy yaqinlik qilish.
  5. Og‘izga tushgan yomg‘irni qasddan yutish.
  6. Donni chaynagandan so‘ng bo‘lsa ham yutish.
  7. Kunjut donini yutish.
  8. Tuz iste’mol qilish.
  9. Chekish.
  10. Odatlanib qolgan insonni tuproq yeyishi. Agar o‘rganib qolmagan bo‘lsa, kafforat talab qilinmaydi.

 Masalan:

 Tuz yesa, faqat qazo ro‘za vojib bo‘ladi. Ammo tuz yeb yurish odati bor odam bo‘lsa, ham ro‘zani qazo qiladi, ham kafforat beradi. Tuz yegan ro‘zadorga ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi, degan fatvolar mavjud. Binobarin, bunda ehtiyotkorlik lozim bo‘ladi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Xulosa”, “Sharhi nihoya”).

 Birovning majbur qilishi sababli yoki ro‘zaligi esida bo‘la turib, ehtiyotsizlik bilan (masalan tahorat yoki g‘usl qilayotganida) tomoqdan suv o‘tib ketsa, qazoning o‘zi vojib, kafforat lozim emas.

 Kunduzi uxlayotgan ro‘zador uyqusirab, suv ichib qo‘ysa, ro‘zasi ochiladi. Kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Qozixon”).

Ro‘za niyatlari

 Tong otib qolgandir, deb shubhalanadigan vaqtga qadar saharlik qilish makruhdir. Ramazon oyida saharlik qilish ro‘za niyati o‘rniga o‘tadi. (“Fatovoyi Olamgiriya”). Quyosh botgandan so‘ng ertangi kun ro‘zasi uchun niyat qilish mumkin (“Imom Saraxsiyning “Mabsut” kitobidan”).

 Ramazon ro‘zasining niyatini kun yarim bo‘lay deguncha, ya’ni peshin namozi vaqti kirguncha qilish mumkin.

 Qazo va kafforat ro‘zalarning niyatini tong otguncha qilish lozim. Tong otgandan quyosh botguncha o‘tgan vaqt kun hisoblanadi, ro‘zaning vaqti ham shu oraliq bilan belgilanadi.

 “Kafforat” haqida tushunchasi

 Kafforat uch turli bo‘ladi:

  1. Qul ozod qilish. Lekin hozir qulchilik bekor bo‘lgani sababli buni bajarishning iloji yo‘q.
  2. Ketma-ket 60 kun ro‘za tutish. Bu ro‘zani tutishda orasini uzmaslik shart qilinadi. Shuning uchun ikki hayit va tashriq kunlariga to‘g‘ri kelib qolmasligi kerak.
  3. Inson o‘zi iste’mol qiladigan taom kabi yeguliklar bilan 60 ta miskinni ovqatlantiradi. Bunda kafforat berayotgan shunga ahamiyat berishi kerakki, miskinlar orasida ota-onasi, xotini va farzandlariga o‘xshash yaqinlari bo‘lmasligi lozim. Shuningdek, har bir miskinga yarim so’ (taxminan 2 kg.) bug‘doy yoki uni bir so’ arpa yoki xurmo kabilardan yohud ulardan birining qiymatini berish ham mumkin.

 Saidjamol MASAYITOV, 

TII katta o‘qituvchisi

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   68019   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari