Ramazon oyi odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda haq bilan botilni ajratuvchi ochiq oyatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir.
Ramazon oyi har doim oylarning sultoni, sayyidi, eng yaxshisi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qolaveradi.
Ramazon oyi ro‘za, tarovih va tilovat oyi bo‘lib, uning ro‘zasini tutish farz, tarovih namozini o‘qish sunnat, Qur’oni karimni xatm qilish esa fazilatdir.
Ramazon shunday qadrli va g‘animat oydirki, unda tutilgan ro‘zaning savobini bevosita Alloh taoloning O‘zi beradi.
Ramazon oyida jannat darvozalari ochiladi, jahannam qopqalari yopiladi, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lanadi.
Ramazon oyi gunohlar mag‘firat qilinadigan, rahm-shafqat ko‘rsatiladigan va do‘zaxdan ozod qilinadigan oydir.
Ramazon oyi Alloh va Rasulining buyruqlarini bajarishda, qaytariqlaridan qaytishda va sinov-imtihonga uchraganda sabr-toqatli va chidamli bo‘lishni o‘rganadigan oydir.
Ramazon oyi o‘zaro birdamlik, mehribonlik ko‘rsatiladigan, insonlar bir-birlari haqida qayg‘urib, xato-kamchiliklarini kechiradigan oydir.
Ramazon oyi xayrli ishlarda hamkorlik qilinadigan, musulmonlar bir-birini qo‘llaydigan oydir.
Ramazon tenglik oyi bo‘lib, bu oyda qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlardan xabar olinadi, muhtojlarga yordam beriladi, musibatzada insonlardan ko‘ngil so‘raladi va yetimlar ovutilib, yupatiladi.
Ramazon yutuqlar oyi bo‘lib, ulkan savoblar qo‘lga kiritiladi hamda nafs va shaytonlar mag‘lub etiladi.
Ramazon oyida musulmonlarning Alloh huzuridagi martabalari yuqori ko‘tariladi, xayrli ishlarining mukofotlari ko‘paytiriladi va kichik gunoh ishlari kechiriladi.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u ko‘p mahrum bo‘libdi.
Abdul Azim Ziyouddin
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV