Payg‘ambar (alayhissalom) muborak hadislarida: “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar”, deganlar. Avvalo ro‘za insonga o‘z xohish va istaklarini jilovlashni o‘rgatadi
Ro‘za sabr madrasasidir. Tabiblaridan biri: “Oshqozon kasalliklar uyi, parhezkorlik esa barcha davoning boshidir” degan. Hukamolar me’yoridan ortiq to‘qlikning ko‘p zararlarini sanaganlar: og‘irlik, charchoq, ko‘ngil ko‘rligi, g‘am, ruhiy zaiflik, gunohdan qo‘rqmaslik, hayosizlik, aqlning zaifligi, noshukrlik, axloqsizlik, notinchlik, shahvatparastlik, xotirasizlik, o‘limni esdan chiqarish, dunyoni ko‘p sevish, baxillik, xasislik, zulm, shaytonga ergashish, sabrsizlik, hikmatdan uzoq bo‘lish va qo‘rqoqlik kabilar.
Bugungi kunda ro‘zaning foydasini nafaqat musulmonlar, balki Islomdan xabari yo‘q kishilar ham tushunib yetdi. Turli taraqqiy etgan o‘lkalarda ochlik bilan davolash shifoxonalari ochildi. Turli qit’alarda yashovchi olimlar ilmiy tajribalar o‘tkazib, ixtiyoriy och qolish tan sihatlik uchun omil ekanini ta’kiladi. Jumladan, rus olimi professor Nikolayev o‘z hamkorlari bilan e’lon qilgan “Oddiy haqiqatlar” nomli kitobining “Sog‘lik uchun och – nahor yurish” deb nomlangan bobini ro‘zaning foydalarini sanagan. Unda aytilishicha, ixtiyoriy ochlik bilan majburiy ochlikning farqi bor. Majburiy ochlik, qaroqchining pichog‘idek zararga, halokatga sabab bo‘lsa, ixtiyoriy ochlik tabibning pichog‘idek shifoga sabab bo‘ladi. Bu ilmiy ishning natijasida ro‘za hozirgi eng ko‘p tarqalgan dardlarga davo ekani, kishi doim sog‘ yuray desa, har yili 28-30 kun ixtiyoriy och qolishi zarurligi ta’kidlangan.
Ro‘zadan hosil bo‘ladigan shaxsiy sifatlardan yana biri rahm-shafqatli bo‘lishdir. Muborak Ramazon oyida atrofdagi beva-bechoralar xolidan xabar olish, ularning ko‘nglini ko‘tarish, zakot, fitr sadaqa va shunga o‘xshash moddiy yordamlarni tarqatish hamda kam ta’minlangan oilalarga iftorlik dasturxoni yozish ham urf odatga aylangan. Payg‘ambar (alayhissalom) aytadilar: “Ro‘zador kishilarga taom berish, ularning qornini to‘yg‘azish, xuddi ro‘zadorga beriladigan savob barobarida ajr yoziladi”.
Ramazon oyida iftorlik marosimi qilib ro‘zadorlarni to‘ydirish yaxshi ish. Ammo boshqa xayru ehsonlar kabi bu marosim ham shariatda aslida beva-bechora, miskin-faqirlarni ko‘zlab joriy qilinganini unutmaslik kerak. Yana shuni ham ta’kidlash lozim, iftorlik qilish deganida, albatta uyiga qozon osib, dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga iftorlik taomini olib berish yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlik bo‘ladi.
Albatta, Ramazon oyi hammamizga xayru saxovat, yaxshilik qilish va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam berish uchun qulay bir fursat ekan, biz undan oqilona foydalanmog‘imiz lozimdir. Boy badavlat kishilar bu muborak Ramazon oyida zakot va sadaqotlarini mana shunday kam ta’minlangan oilalarga olib borib berishlari bilan ularning ko‘nglini shod qiladilar, hamda mehr-oqibatlar ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Mansurjon NURULLAYEV,
Kogon tumani “Bahouddin
Naqshband” jome masjidi imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi