Ma’lumki, tijorat ko‘pchilik insonlarning tirikchilik manbai. Muqaddas dinimizda savdo-sotiqni eng sharafli kasblardan sanalgan.
Shu boisdan ham musulmon xalqlar, jumladan, diyorimizda istiqomat qiluvchilar ushbu kasb bilan muntazam shug‘ullanib kelgan. Hozirgi paytga kelib kishilar qo‘lidagi mol-mulklarning asosiy qismi tijorat mollari ulushiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ularning zakotini hisoblashga oid ba’zi tartib qoidalarni bilishimiz zarur bo‘ladi.
Fuqaholarimiz tijorat mollari deganda oltin, kumush va boshqa pullardan tashqari tijorat uchun hozirlab qo‘yilgan buyumlarni nazarda tutadilar. Bunga asbob-uskunalar, kiyimlar, oziq-ovqat mahsulotlari, hayvonlar, transport vositalari, ko‘chmas mulklar va boshqa barcha foyda olish niyatida savdo-sotiq uchun tayyorlab qo‘yilgan vositalar kiradi.
Kimning qo‘lida mana shu mollardan qiymati oltin yoki kumush bo‘yicha nisobga yetarli bo‘lib, u bir yil aylansa zakot berish farz bo‘ladi. Uning miqdori jami mol (sarmoya va foyda)ning qiriqdan bir qismi yoki 2,5 foiziga tengdir. Bu miqdorni qanday chiqarishga kelsak, zakot beradigan bo‘lsa, u mazkur tijorat uchun kiritgan sarmoyasini, olgan foydalarini, kishilar qo‘lidagi qarzlarini (agar qaytarilishi umid bo‘lsa) boshqa pullariga (jumladan, oltin va kumushlariga) qo‘shib barcha molning qiriqdan bir qismini chiqaradi. Qaytishiga umid yo‘q bo‘lgan qarzlarini esa qachon qo‘lga kiritsa keyin chiqaradi. O‘tib ketgan yillar uchun chiqarmaydi. Agar savdogarning o‘zini boshqalardan qarzi bo‘lsa, uni umumiy molning yig‘indisidan chiqarib tashlagandan so‘ng zakot beradi.
Tijorat moli sifatida qaralib zakot beriladigan mol bu aylanayotgan mollardir. Do‘kon binosi va jihozlari kabi aylanmaydigan buyumlar zakot moliga qo‘shilmaydi. Bundan tashqari mollar solib qo‘yiladigan idishlar, o‘lchash uchun ishlatiladigan tarozilar, qoplar va hokazolar ham agar ular mollar bilan sotib yuborish niyat qilinmasa, zakot moliga kiritilmaydi. Aks holda kiradi.
Zakot chiqarishda mollarni qaysi narxda baholashga keladigan bo‘lsak, bu borada ulamolarimiz turli fikrlarni aytib o‘tishgan. Ammo bizning mazhabimizda ixtiyor qilingan fatvoga ko‘ra ularni olingan emas, balki bugungi sotilayotgan bahosi, ya’ni, ulgurji bahosi hisobga olinadi, chunki zarurat bo‘lib qolsa, shu narxda sotib yuborish mumkin. Bugungi bahosini molni o‘tmay qolgani sababli aniqlash mushkul bo‘lib, qolgan o‘rinda ibn Abbos (raziyallohu anhu) fikrlariga ko‘ra zimmasida zakot chiqarish farzi saqlanib turgan holda sotilishini kutib turish mumkin bo‘ladi.
Tijorat mollari zakotini qaysi moldan chiqarish savdogar ixtiyoridadir. Agar hoxlasa, molni o‘zidan yoki qiymatidan berishi ham mumkin. Mabodo, kambag‘alning ehtiyojidagi buyumni olib bersa, yana yaxshiroqdir. Chunki uni bozorga borib-kelish kabi ortiqcha xarajatlardan xalos qilgan bo‘ladi. Bundan tashqari ular narx-navo borasida aldanib qolishlari ham mumkin. Vallohu a’lam.
Sayyidjamol Masaitov,
TII katta o‘qituvchisi
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati