Hurmatli portalimiz muxlislari! Siz azizlarni kirib kelayotgan Ramazoni sharif bilan muborakbod etamiz.
Sayt ijodkorlari Sizga mamnuniyat bilan shuni ma’lum qilamizki, anchadan beri amalga oshirishni rejalashtirib yurgan “Muslim Radio” loyihamiz rahmat oyi ostonasida o‘z yakuniga yetdi. Hozirda muxlislarga taqdim etish uchun tayyor bo‘ldi.
Ertaga muborak Ramazon oyining birinchi kunida internet radiomiz o‘z faoliyatini boshlaydi, inshoalloh.
Onlayn radioda sizga manzur va manfaatli bo‘ladigan mavzularda ma’rifiy suhbatlar, dunyoga mashhur qorilar va yurtimiz hofizi Kalomlarining go‘zal tilovatlari hamda “Ming bir hadis”, “Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi”, “Ayollar sahifasi”, “Onlayn darslar”, “Ziyoratgohlar”, “Savollarga javoblar”, “Kun yangiliklari” va “Audio kitob” kabi ko‘plab ruknlarda eshittirishlarni tinglab bahramand bo‘lasiz.
Ushbu onlayn radio barchamizga muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati