Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon ruknidan: ro‘zaning sirlari va odoblari

16.05.2018   45390   6 min.
Ramazon ruknidan: ro‘zaning sirlari va odoblari

Ro‘zada mavjud bo‘lgan xususiyat undan boshqa narsada yo‘q. Nega deganda, ro‘zani Alloh taolo O‘ziga nisbat bergan. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: «Ro‘za men uchun va uning ajru-savobini O‘zim beraman» (Imom Buxoriy). Bu nisbatning o‘zi uning naqadar sharafli ekaniga kifoya etadi, chunonchi «Uyimni pok eting» (Haj surasi, 26-oyat), degan kalomida Ka’ba nisbatini o‘ziga xos etganidek.

Ro‘za ikki ma’noga nisbatan fazilatli bo‘ladi:

  1. Ro‘za sir va botiniy, ya’ni ichki amal. Uni hech qachon xalq ko‘rmaydi va unga riyo aralashmaydi.
  2. Ro‘za Alloh dushmanlari uchun xafalik, xorlik, zero u shahvat dushmanlariga vasila. Darhaqiqat, shahvat yeyish va ichish bilan quvvatlanadi. Modomiki, shahvat yerlari unumdor ekan, bas, bu ekinzorlarga shaytonlar albatta qadam bosib keladi. Shahvatlarning tark etilishi ularning yo‘llarini to‘sish va berkitishdir. Ro‘zaning fazilatiga dalolat etadigan xabarlar juda ko‘p va ular mashhur.

Ro‘zaning uch xil darajasi bor: ommaviy ro‘za, xos ro‘za, xoslar xossasining ro‘zasi.

Ommaviy ro‘za – bu qorinni taomdan man etish va jinsiy a’zoni shahvoniy his-mayldan ushlash.

Xos ro‘za – bu nazar, til, qo‘l, oyoq, eshitish a’zolari va boshqa barcha vujudni gunohlardan saqlash.

Xosning xos ro‘zasi – bu jirkanchli istaklardan va Allohdan uzoqlashtiradigan fikrlardan qalbning ro‘zador bo‘lishi, Allohdan o‘zga barcha narsalardan qalbning uzoqda bo‘lishi. Bu xildagi ro‘zaning sharxi boshqa o‘rinda keladi.

Xos ro‘zaning odoblari quyidagilardir: ko‘zni haromdan yumish, tilni odamlarga aziyat beradigan harom yoki makruh yo befoyda so‘zlarni aytishdan saqlash, boshqa barcha a’zo va vujudni ehtiyotlash.

Imom Buxoriy hazratlari rivoyat etgan hadisi sharifda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki yolg‘on, bo‘hton so‘zni va unga amal etishni tark etmasa, uning yemay-ichmay tutgan ro‘zasiga Allohning hojati yo‘q», deya marhamat qildilar».

Yana ro‘za odoblari mana shulardir: ro‘za tutishni niyat etgan odam kechalari qornini haddan ziyod to‘ydirib yubormasligi, balki u kifoya qilgudek taom yeyishligi kerak. Zero, odam bolasiga qorindan ko‘ra yomonroq to‘ladigan idish yo‘q. U kechaning avvalida to‘yib olsa, kechaning qolgan qismida o‘ziga foyda ola olmaydi. Shu kabi u sahar paytida haddan ortiq to‘yib ovqat yeb olsa, peshin vaqtigacha hech bir foydali amal qila olmaydi, ko‘p yeyishlik yalqovlik va faoliyatsizlikni keltirib chiqaradi. Natijada, ko‘p taom iste’mol etish iroda etilgan maqsadni zoye etadi, chunki ro‘zadan maqsad ochlik hissini tatish va ishtahani tark etishdir.

Ixtiyoriy tutiladigan ro‘za xususida shuni yaxshi bilingki, yil davomida yaxshi kun va ayrim fazilatli ayyomlarda ro‘za tutish mustahabdir. Bu ro‘zalar ta’kidlangan yaxshilik hisoblanib, ramazon oyidan keyingi shavvol oyining olti kun ro‘zasi, arafa kuni ro‘zasi, muharram oyining o‘ninchi kunidagi ashuro ro‘zasi va zulhijja oyining o‘nida tutiladigan ro‘zalardir. Abu Ayyub Ansoriydan rivoyat etiladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Kimda-kim ramazon oyi ro‘zasini ado qilib, so‘ng shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, u odam go‘yo yil davomida ro‘zador bo‘libdi» (Imom Muslim).

Shunday ro‘zalarning ba’zisi haftaning dushanba va seshanba kunlarida tutiladi. Qamariy oyning boshi, o‘rtasi va oxiridagi tutilgani afzal ro‘zadir.

Kimki har oyning avvali, o‘rtasi va nihoyasida ro‘zador bo‘lsa, ko‘p yaxshi bo‘ladi. Ammo eng afzali qamariy oyning to‘lgan uch kunlari, ya’ni 13-14-15 kunlari tutilgan ro‘zadir.

Hazrat Dovud alayhissalomning ixtiyoriy tutgan ro‘zalari takrorlanadigan ro‘zalardandir. U zot bir kun ro‘zador bo‘lsalar, ikkinchi kuni ro‘za bo‘lmasdilar. Bu tartibda ro‘zador bo‘lish o‘zida uch ma’noni jam etadi:

  1. Nafs ro‘zador bo‘lmagan kunda o‘z haqqini oladi. Ro‘za tutgan kunda esa bandaligiga to‘la vafo etadi. Bu holda nafsga orom berish va unga mas’uliyat yuklash jam bo‘lgan. Bu adolatdir.
  2. Yemak iste’mol etilgan kun – shukrona kuni hamda ro‘zadorlik kuni esa sabr etish kunidir. Iymon ikki bo‘lak – shukr va sabrdir.
  3. Qiyinchilikda (har kuni taomlanadigan) nafsga juda mashaqqat bo‘ladi, zero, u doimiy bir holatni unutib, ikkinchi holatga ko‘chib o‘tadi. Ammo yil davomida ro‘zador bo‘lish haqida Imom Muslim Abu Qatodadan ushbu hadisni rivoyat etganlar: «Darhaqiqat, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan «Bir kishi yil davomida muttasil ro‘za tutsa, qanday bo‘ladi?» deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘za ham tutmadi va ro‘zasiz ham bo‘lmadi», deb aytdilar».

Bu – ro‘za ushlash man etilgan kunlarda ham uzluksiz yil bo‘yi ro‘za tutadiganlarga taalluqli. Ammo ikki hayit, tashriq va arafa kunlaridan tashqari yilning boshqa hamma kunlarida ro‘za ushlasa, hechqisi yo‘q. Hishom ibn Urvadan rivoyat etilishicha, u kishining otalari uzluksiz ro‘za tutardilar. Hazrat Oisha onamiz roziyallohu anho ham muttasil ro‘zador edilar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytdilar: «Abu Talxa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin uzluksiz qirq yil ro‘za tutdilar».

Biling! Kimning farosati bo‘lsa, ro‘zadan bo‘ladigan maqsadni yaxshi tushunadi va afzal amallarni bajarishda o‘zini ortiqcha qiynamaydigan darajada ish tutadi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu kam ro‘za tutardilar va: «Ro‘za ushlasam, namoz ado etishda zaif bo‘laman, shuning uchun (ixtiyoriy, ziyoda) ro‘za tutishdan namozni ixtiyor etdim», deganlar.

Salaflardan ayrimlari agar ro‘za tutsam, Qur’oni Karimni o‘qishda charchab qolaman, deb ko‘p vaqt ro‘za tutmas edi. Har bir inson holini va o‘ziga nima yaxshiligini o‘zi bilguvchidir.

 

Manbalar asosida

Piskent tumani «Mulla Bo‘ta Qozi»
jome masjidi imom xatibi

Mirsobit VOHIDOV
tayyorladi

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

19.08.2026   86179   2 min.
Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.

Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.

Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.

Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari