Ro‘zaning farzi ayn ekaniga Baqara surasining 183-oyati dalil bo‘ladi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz. Sanoqli kunlar…”
Ushbu oyatdan ro‘za tutish har bir imon keltirgan erkak va ayolga farzligi ma’lum bo‘lmoqda. Demak, ayollar ham ro‘za tutar ekanlar, ramazon va unga oid ayrim xukmlarni bilib borishlari lozim:
Ro‘zador ayol labiga bo‘yoq surtsa, lab tashqi a’zo hisoblangani sabab ro‘zasi ochilmaydi.
Ramazon kunlarida subhi sodiqdan keyin hayz va nifosi to‘xtagan ayol kunning qolgan qismida o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib, ro‘zadorga o‘xshab turishi mustahab sanaladi.
Hayz, nifos ko‘rgan ayol ro‘za tutishi, yolg‘iz qolganida ham ro‘zador kabi yeb-ichishdan o‘zini to‘xtatib turishi harom sanaladi. Odamlar orasida esa o‘zini yeb-ichishdan tiyib, ro‘zadorga o‘xshatib turishi ramazonga hurmat va hayo sanaladi.
Subhi sodiqdan keyin hayz qoni to‘xtash ehtimoli bor bo‘lgan ayol saharlik qilib ro‘zani niyat qilishi mumkin bo‘lmaydi. Ayol kishining ro‘zasi ro‘za bo‘lishi uchun subhi sodiqdan avval hayzdan pok bo‘lishi lozim.
Ro‘zaning ado bo‘lishining shartlaridan biri: hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Zero, ulardan pok bo‘lish sahobai kiromlarning ijmosi bilan ro‘zaning adosi to‘g‘ri bo‘lishi uchun shartdir.
Subhi sodiqdan avval hayz qoni to‘xtagan ayol: agar hayz qoni subhi sodiqqacha g‘usl qilsa bo‘ladigan miqdor vaqtda to‘xtasa, garchi g‘usl qilmasa-da ro‘za tutishi lozim bo‘ladi. Hayz qoni subhi sodiqqacha g‘usl qilsa ulgurmaydigan miqdor vaqtda to‘xtasa, ro‘za tutishi lozim bo‘lmaydi.
Ramazon oyida subhi sodiqqacha g‘usl qilib olsa bo‘ladigan vaqtda ayolning hayz qoni to‘xtasa o‘sha kunning ro‘zasini tutishi lozim bo‘ladi.
Ayol kishi ro‘zador holatida ginekolog tekshiruvidan o‘tsa, bu holatdagi ayol hukmi shuki: uning jinsiy a’zosiga namlangan holdagi biror narsa kirishi bilan ro‘zasi ochiladi.
Ro‘zador ayol old yoki ort jinsiy a’zosiga barmog‘ini kirgizishi bilan ro‘zasi ochilmaydi, ho‘l barmog‘ini kirgizishi bilan esa ro‘zasi ochiladi. Shuningdek, quruq barmog‘ining hammasini yoki ba’zi qismini kirgizib, tashqariga chiqarib so‘ng yana qayta kirgizishi bilan ham ro‘za ochiladi. Agar old jinsiy a’zosiga quruq paxta yoki shu kabi vositalarni kirgizsa va uning bir uchi tashqarida qolsa ro‘zasi ochilmaydi. Butunlay ichkariga kirgizib yuborsa, ro‘zasi ochiladi.
Ayol kishi qomati barobaricha suvni kechib o‘tishi natijasida: odatiy yo‘llardan ichkariga suv kirgani aniq bo‘lmasa, ro‘zasi ochilmaydi agar suv kirganligi aniq bo‘lsa ro‘zasi ochiladi.
Ayol kishi ro‘zadorligida kasalligi tufayli jinsiy a’zosiga biror narsa kirgizib olsa ichkariga narsa kirgani bois ro‘zasi ochiladi. Agar subhi sodiqdan avval yoki iftorlikdan keyin jinsiy a’zosiga davolanish maqsadida biror narsa qo‘ysa va bu bilan ro‘zador holatida ham yursa ro‘zasi ochilmaydi. Orqa a’zosiga kirgizilgan davoning ham hukmi shunday.
Kasal, hayz va nifos ko‘rgan ayollar kabi uzrli kishilar uzrlari ketgandan keyin vafot etsalar, sog‘ayganidan so‘ng yoki hayz va nifosi to‘xtaganidan so‘ng necha kun yashagan bo‘lsalar, o‘shancha kun ro‘zasining fidyasini vasiyat qilishlari lozim bo‘ladi.
Kafforot ro‘zasini tutayotgan ayol hayz ko‘rib qolsa, qasddan ro‘zasini ochib qo‘ygani bois ikki oy kafforotini tutayotgan ro‘zasini qaytadan boshlashi shart emas. Uzrlari ketgach, davom ettirib ketaveradilar.
Kafforot ro‘zasini tutayotgan kishi yo ayol qaysidir uzr tufayli ikki oy ichida biror kun ro‘zasini ochib yuborsa qaytadan boshlaydi. Hayz ko‘rish bundan mustasnodir (nifos esa mustasno emas).
Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti o‘qituvchisi Qutbidinova Maharam Eshonxon qizi tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi