Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2026   |   8 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:38
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2026, 8 Safar, 1448

“Kavsar”dan murod nima?

31.05.2023   5093   3 min.
“Kavsar”dan murod nima?

Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

“(Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik. Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o'qing va (tuya) so'yib qurbonlik qiling! Albatta, g'animingizning o'zi (barcha yaxshiliklardan) mahrumdir” (Kavsar surasi).

“(Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik”. Ibn Abbos roziyallohu anhumo va boshqa mufassirlardan qilingan rivoyatlarga ko'ra, oyatdagi “Kavsar”dan murod – ko'p yaxshilik, shu jumladan, Qur'oni karim nubuvvat, ilm, hikmatdir. Yoki bu Qur'on fazilati tufayli berilgan ko'p yaxshiliklardir.

Albatta, u Payg'ambarimiz alayhissalom o'z hadislarida ta'kidlaganlaridek, Alloh taoloning Nabiy alayhissalomga maxsus in'om etgan va ajoyib sifatlarga ega bo'lgan jannatdagi daryosi hamdir.

“Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o'qing va (tuya) so'yib qurbonlik qiling! Albatta, g'animingizning o'zi (barcha yaxshiliklardan) mahrumdir”.

Imom Zamaxshariy va Imom Nasafiy keltirishicha, “kavsar” arab tilida “ko'plik” so'zining o'zagi bo'lgan “kasra”ning “fav'al” vaznidagi shaklidir. Ko'plikning mubolag'a darajasini ifodalaydi. Ya'ni, Payg'ambarimiz alayhissalomga olamlar Rabbi ko'pligining chegarasi bo'lmagan, ikki dunyoda hech kimga berilmagan darajadagi yaxshiliklar bergan.

U zot uchun ikki yaxshilik jam bo'lgan:

– eng ulug' va mo'l-ko'l ne'matlarga erishish;

– ato qiluvchilarning eng Karamlisi va ne'mat beruvchilarning eng Ulug'idan ushbu yaxshiliklarni qabul qilib olish.

Demak, Nabiy alayhissalom mana shunday ne'matlar bilan u zotni izzat qilgan, sharafli aylab, xaloyiqning minnatidan saqlagan Parvardigoriga ibodat qiladilar va Allohning roziligi uchun qurbonlikni bajo keltiradilar.

Mana shunday vasfga ega Nabiy alayhissalomning zikri minbar va minoralarda, har bir olim va zikr qiluvchining tiliyu dilida dunyo turguncha joriydir. U zotning zikri Allohning zikri bilan birlashadi. Oxiratda esa u zot uchun ta'rifu tavsifga sig'maydigan ne'matlar bor.

Albatta, “ko'p yaxshilik”larning avvalida Qur'oni karim turadi. Chunki ilmu hikmat, nubuvvat va u zotga berilgan boshqa barcha yaxshiliklar Qur'oni karimda mujassam. U, Imom Zamaxshariy ta'riflaganidek, chegarasi bo'lmagan darajadagi yaxshilikning aynan o'zidir. Qolaversa, yaxshiliklarning barchasini jamlagan Qur'on bilan qo'lga kiritiladigan yaxshilik ham abadiy davom etadi, chegaralanib qolmaydi.

Jo'rabek OMON o'g'li
tayyorladi.

"Hidoyat" jurnalining 2023 yil 4-sonidan olindi

Media
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Abituriyentlar diqqatiga: Bugun diniy ta’lim muassasalariga hujjat qabuli yakunlanadi

20.07.2026   8715   3 min.
Abituriyentlar diqqatiga: Bugun diniy ta’lim muassasalariga hujjat qabuli yakunlanadi

Bugun, 20 iyul kuni soat 18:00 da O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun hujjat topshirish jarayonlari yakunlanadi.  


Ma’lumot o‘rnida, 30 iyundan e’tiboran respublikamizdagi quyidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda:

  • Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (Bakalavriat, Magistratura va Modul ta’lim tizimi);

  • Mir Arab oliy madrasasi;

  • Hadis ilmi maktabi;

  • Imom Termiziy nomidagi islom instituti;

  • Barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari.

Eslatma: Hujjat qabuli bugun soat 18:00 gacha davom etadi. Muhlat tugashiga oz vaqt qolganini inobatga olib, abituriyentlardan hujjat topshirish jarayonini kechiktirmasliklarini so‘rab qolamiz!


Abituriyentlar uchun qulaylik

Abituriyentlar o‘zlariga eng yaqin joylashgan diniy ta’lim muassasasining Qabul hay’ati orqali respublikadagi istalgan diniy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishlari mumkin.


Talab qilinadigan asosiy hujjatlar ro‘yxati:

1. Bakalavriat bosqichi uchun:

  • Muassasa rektori nomiga ariza;

  • Pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);

  • O‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganligi haqida diplom va ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);

  • 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (oq fonda, oxirgi 3 oyda olingan). (Xorijiy diniy ta’lim muassasasini tugatgan va nostrifikatsiyadan o‘tgan diplomga ega O‘zR fuqarolari ham topshirishlari mumkin).

2. O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari uchun:

  • Muassasa rahbari nomiga ariza;

  • Pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);

  • Attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);

  • 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona fotosurat;

  • Chet tili bo‘yicha kamida B2 darajasidagi sertifikat nusxasi (mavjud bo‘lsa — imtihonsiz maksimal ball beriladi).

3. Magistratura bosqichi uchun:

  • Rektor nomiga ariza, pasport/ID nusxasi va 6 dona fotosurat;

  • Oliy diniy ta’lim muassasasi diplomi va ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);

  • Arab tili bo‘yicha kamida C1 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (maksimal ball beriladi).

4. Modul ta’lim tizimi uchun:

  • Ariza, pasport/ID nusxasi, 6 dona fotosurat;

  • O‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi diplomi va ilovasi asl nusxasi;

  • O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilidan (qoziyot/vakillik) tavsiyanoma;

  • Tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi.

To‘lov haqida: Test sinovlarida ishtirok etish uchun BHMning yarim baravari (1/2) miqdorida to‘lov undiriladi.

Joriy yilda maktab, litsey yoki kollejni tamomlaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va to‘liq davlat ta’minotidagi abituriyentlardan to‘lov undirilmaydi.


Fursatni boy bermang, hujjatlaringizni topshirishga shoshiling! 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari