Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida muqaddas Ramazon oyi boshlanadigan sanasi aniq bo‘ldi. Bugun, bosh muftiy tomonidan Qozog‘iston xalqiga videomurojaat yo‘llandi.
Unda, Qozog‘istondagi astronomik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi idoralar ma’lumotlariga asoslanib, 17 may sanasi Ramazonning birinchi kuni ekani ma’lum qilindi.
Bu yilgi Ramazon ro‘zasining boshlanish sanasi barcha qo‘shni davlatlarda bir kunga belgilangani qo‘shni respublikalar ulamolarining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatlarining ijobiy samarasi, deb aytish mumkin.
Avvalroq, qo‘shni Tojikistonda ham Ramazonning 17 may kuni boshlanishi ma’lum qilingan edi.
Ushbu videolavhada Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Serikbay hoji O‘razning murojaati bilan tanishishingiz mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 6 aprel sanasidan Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tajvid darslarining navbatdagi amaliy mashg‘ulotlari boshlandi.
"Qur’on va tajvidni o‘rgatish" va Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu darslarda amaliy mashg‘ulotlarni Abdulloh qori Haydarov, Abdusamad qori Mamasoliyev va Abdulbosit qori Eshqobilov olib bormoqda.
Shuningdek, Respublikamizda faoliyat olib borayotgan otinoyilarning Qur’on qiroati va tajvid borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida Toshkent islom institutida otinoyilar uchun ham tajvid bo‘yicha chuqurlashtirilgan amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.
Mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan otinoyilarga Qur’on qiroati bo‘yicha maxsus ijoza berish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati