Qadrli yurtdoshlar, saytimizning aziz muxlislari!
O‘tib borayotgan har kunimiz, har soatimiz, har daqiqayu, har soniyamiz sizu bizni rahmat va mag‘firat, Qur’oni karim nozil bo‘lgan oy - Ramazoni sharif sari yaqinlashtirmoqda. Ushbu oy munosabati bilan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Madaniyat va Ma’rifat» telekanali Diniy idora bilan hamkorlikda «Qur’oni karim ma’rifati» nomli yangi ko‘rsatuvni efirga uzatishni rejalashtirmoqda. Hozirda ushbu ko‘rsatuvni tasvirga olish jarayonlari jadal davom etmoqda.
Ushbu ko‘rsatuvni bir oy davomida, har kun, saharlik va iftorlik paytida tomosha qilishingiz mumkin. Alloh kalomiga bo‘lgan muhabbatimizni ziyoda qilsin, ushbu ko‘rsatuv barchamizga muborak bo‘lsin.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida "Vaqf" xayriya jamoat fondining Namangan viloyati filiali tomonidan ezgu tashabbus amalga oshirildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tavsiyasiga asosan, viloyatning turli hududlaridan kelgan, boquvchisini yo‘qotgan va mehrga muhtoj 35 nafar bolajon uchun sunnat to‘yi tashkil etildi.
Tadbir tafsilotlari:
– Har bir to‘y bolasiga homiylar tomonidan velosiped, kostyum-shim va bayramona sarpolar hadya qilindi.
– Bolajonlar va ularning yaqinlari uchun bayram dasturxoni yozilib, unutilmas va ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
– Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov ishtirok etib, bu xayrli ishga hissa qo‘shgan homiylarga minnatdorlik bildirdi va farzandlar kamolini so‘rab duo qildi.
Bu kabi savobli tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati