Qadrli yurtdoshlar, saytimizning aziz muxlislari!
O‘tib borayotgan har kunimiz, har soatimiz, har daqiqayu, har soniyamiz sizu bizni rahmat va mag‘firat, Qur’oni karim nozil bo‘lgan oy - Ramazoni sharif sari yaqinlashtirmoqda. Ushbu oy munosabati bilan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Madaniyat va Ma’rifat» telekanali Diniy idora bilan hamkorlikda «Qur’oni karim ma’rifati» nomli yangi ko‘rsatuvni efirga uzatishni rejalashtirmoqda. Hozirda ushbu ko‘rsatuvni tasvirga olish jarayonlari jadal davom etmoqda.
Ushbu ko‘rsatuvni bir oy davomida, har kun, saharlik va iftorlik paytida tomosha qilishingiz mumkin. Alloh kalomiga bo‘lgan muhabbatimizni ziyoda qilsin, ushbu ko‘rsatuv barchamizga muborak bo‘lsin.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 25-26 mart kuni Jizzax, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridan “Haj – 2026” mavsumiga saralab olingan guruh rahbarlari uchun maxsus o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ziyoratchilar uchun munosib sharoitlar yaratish va ibodatlarni yuqori saviyada tashkil etish masalasi muhokama etildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra tadbirlarini tashkil etish markazi direktori Maqsud Karimov, Buxoro viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Otabek Avezov va Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov olib bordi.
Seminar davomida notiqlar tomonidan ellikboshilarga yaqinlashib kelayotgan muborak safarning tashkiliy jihatlari, ziyoratchilar bilan ishlashda odob-axloq qoidalari va qonunchilik me’yorlariga rioya qilish yuzasidan muhim ko‘rsatmalar berildi. Xususan, haj amallarini ado etish tartibi, muborak qadamjolarni ziyorat qilish odoblari va ziyoratchilarga ma’naviy ko‘mak berishda guruh rahbarlarining mas’uliyatiga alohida urg‘u qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati