Dinimizda poklikka alohida e’tibor qaratiladi. Qur’oni karimning bir necha o‘rinlarida qalb, tana, kiyim va taomlar pokligi masalasiga oid oyatlar nozil bo‘lgan. Jumladan, Baqara surasining 222-oyatida: “Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi”, deyiladi.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam): “Pok bo‘linglar, pok bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi”, deb ogohlantirganlar. Biz bugun poklanishning asosi – g‘usl haqida to‘xtalamiz. “G‘usl” so‘zi arabcha bo‘lib, “yuvmoq” ma’nosini anglatadi.
Alloh taolo “Moida” surasining 6-oyatida shunday marxamat qiladi:
وَإِنْ كُنْتُمْ جُنُبًا فَاطَّهَّرُوا
Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)!
Keling, endi g‘uslni vojib qiladigan narsalarni bilib olsak. Ular quyidagilar:
Demak, shulardan birontasi bo‘lishi bilan imkon boricha tezroq g‘usl qilish kerak bo‘ladi. G‘uslda dastlab qo‘llar yaxshilab yuvilgach, badandagi najosatlar yuviladi, so‘ngra qo‘llarni yuvib, tahorat qilinadi. Ya’ni og‘iz, burun suv bilan keyin yuz-qo‘llar tirsaqlari bilan qo‘shib uch martadan yuviladi. Qo‘llar suv bilan namlanib, boshga mas'h tortiladi. Agar suv to‘planadigan joy bo‘lsa oyoq yuvilmaydi.
G‘uslning farzi 3 ta bo‘lib, ular quyidagilar:
G‘usl oxirida oyoqlar yuvilib, pok narsa ustiga qo‘yiladi. Agar ayollar sochlarini o‘rgan bo‘lsalar, o‘rimini yechishi shart emas, balki o‘sha o‘rim ustidan suv qo‘yishi kifoya. Agar o‘rmagan bo‘lsalar, albatta yuvishlari shart. G‘uslni mukammal qilish kerak. Chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Har bir sochning va har bir terining ustida janobat bor”, deb ogohlantirganlar. Demak, erkakmi-ayolmi, boshimi yo boshqa a’zolarimi – butun tanaga suv tekkizishi shart. Tirnoqlarda lak bo‘lsa, uni ketkazish lozim. Agar erkak yo ayol og‘ir xasta holida junub bo‘lib, suvda cho‘milganda xastaligi ortib ketadigan bo‘lsa yoki mutlaqo imkoniyatsiz bo‘lsa, bunday kishilar iloji boricha najosatlardan tozalanib, tayammum qilishlari durust.
Xulosa qilib aytganda, ibodatlar qabul bo‘lishining muhim shartlaridan biri, bu poklik va ozodalik ekan. Junublikni ketkazish uchun, pokiza bo‘lib ibodatlarni ado etish uchun qilinadigan g‘usl ham shularning eng asosiysi ekan.
Oybek MA’RUPOV
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati