Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2026   |   27 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyul, 2026, 27 Muharram, 1448

G‘usl qilish qoidalarini bilasizmi?

11.05.2018   34610   3 min.
G‘usl qilish qoidalarini bilasizmi?

Dinimizda poklikka alohida e’tibor qaratiladi. Qur’oni karimning bir necha o‘rinlarida qalb, tana, kiyim va taomlar pokligi masalasiga oid oyatlar nozil bo‘lgan. Jumladan, Baqara surasining 222-oyatida: “Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi, deyiladi.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam): “Pok bo‘linglar, pok bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi”, deb ogohlantirganlar. Biz bugun poklanishning asosi – g‘usl haqida to‘xtalamiz. “G‘usl” so‘zi arabcha bo‘lib, “yuvmoq” ma’nosini anglatadi.

Alloh taolo “Moida” surasining 6-oyatida shunday marxamat qiladi:

وَإِنْ كُنْتُمْ جُنُبًا فَاطَّهَّرُوا

 Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)!

Keling, endi g‘uslni vojib qiladigan narsalarni bilib olsak. Ular  quyidagilar:

  • maniyning o‘rnidan shaxvat va quvvat bilan otilib chiqmog‘i;
  • erning olati ayolning farji yo duburiga aloqa qilmog‘i;
  • ehtilom (ya’ni uyqudan uyg‘ongan er va ayolning o‘z badanida yo ich kiyimida nam kurishi) bo‘lishi;
  • hayz kurgan ayolda hayzning to‘xtashi;
  • nifosdan  xalos bo‘lmog‘i.

Demak, shulardan birontasi bo‘lishi bilan imkon boricha tezroq g‘usl qilish kerak bo‘ladi. G‘uslda dastlab qo‘llar yaxshilab yuvilgach, badandagi najosatlar yuviladi, so‘ngra qo‘llarni yuvib, tahorat qilinadi. Ya’ni og‘iz, burun suv bilan keyin yuz-qo‘llar tirsaqlari bilan qo‘shib uch martadan yuviladi. Qo‘llar suv bilan namlanib, boshga mas'h  tortiladi. Agar suv to‘planadigan joy bo‘lsa oyoq yuvilmaydi.

G‘uslning farzi 3 ta bo‘lib, ular quyidagilar:

  1. Og‘izga suv olib uch marta yaxshi g‘arg‘ara qilish;
  2. Burunni uch marta yuvish(achishtirib);
  3. Avval boshdan, keyin o‘ng va chap yelkadan uch martadan suv quyish. Har quyganda badanning suv tegmay qolish ehtimoli bo‘lgan (kindik, quloq, qo‘ltiq osti, tirsak, to‘piq, qoboq, qo‘ldagi uzuk ostlari kabi) joylariga ishqalab suv yetkaziladi.

G‘usl oxirida oyoqlar yuvilib, pok narsa ustiga qo‘yiladi. Agar ayollar sochlarini o‘rgan bo‘lsalar, o‘rimini yechishi shart emas, balki o‘sha o‘rim ustidan suv qo‘yishi kifoya. Agar o‘rmagan bo‘lsalar, albatta yuvishlari shart. G‘uslni mukammal qilish kerak. Chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Har bir sochning va har bir terining ustida janobat bor”, deb ogohlantirganlar. Demak, erkakmi-ayolmi, boshimi yo boshqa  a’zolarimi – butun tanaga suv tekkizishi shart. Tirnoqlarda lak bo‘lsa, uni ketkazish lozim. Agar erkak yo ayol og‘ir xasta holida junub bo‘lib, suvda cho‘milganda xastaligi ortib ketadigan bo‘lsa yoki mutlaqo imkoniyatsiz bo‘lsa, bunday kishilar iloji boricha najosatlardan tozalanib, tayammum qilishlari durust.

Xulosa qilib aytganda, ibodatlar qabul bo‘lishining muhim shartlaridan biri, bu poklik va ozodalik ekan. Junublikni ketkazish uchun, pokiza bo‘lib ibodatlarni ado etish uchun qilinadigan g‘usl ham  shularning eng asosiysi ekan.

 

Oybek MA’RUPOV

 “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda: O‘zbekiston o‘z tarixi va diniy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashmoqda

09.07.2026   21437   1 min.
Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda: O‘zbekiston o‘z tarixi va diniy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashmoqda

—  O‘zbekistonning dunyo hadis ilmiga taqdim etgan eng katta tuhfasi – Imom Buxoriy va u zotning boy merosidir. Buxoriy maqbarasi nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki butun islom sivilizatsiyasining bebaho ma’naviy va madaniy merosidir. Bu maskan har bir o‘zbek uchun qanchalik aziz bo‘lsa, butun musulmon olami uchun ham shunchalik qadrlidir.

Sobiq sho‘ro tuzumi davrida vayron qilingan ushbu muqaddas qadamjoning qayta tiklanishida yoshligimda ishtirok etganman. O‘sha yillarda bu maskanning yana o‘zining munosib ulug‘vor qiyofasiga qaytishi uchun ustozlarimiz bilan qilgan duolarimiz bugun ijobat bo‘lganini ko‘rib, qalbim cheksiz quvonchga to‘lmoqda.

Samarqandning shuhratini yanada yuksaltirgan, Imom Buxoriy maqbarasini uning muqaddasligiga munosib muhtasham majmuaga aylantirgan, Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etgan muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblariga chuqur ehtirom va samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Bu ishlar O‘zbekistonning o‘z tarixi, dini va ma’naviy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashayotganining yorqin namunasidir.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan fundamental ishlar bugun xalqaro miqyosda munosib baholanmoqda. Islom mutafakkirlari merosi butun insoniyatning umumiy boyligi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu ezgu ishlarga hissa qo‘shayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, ICESCO hamda ushbu sohada mehnat qilayotgan barcha olimlar va mutaxassislarga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Alloh taolo O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini doimo o‘z panohida asrasin.
 
Shayxulislom Olloshukur Poshozoda, 
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi

MAQOLA