Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Oqimlarga ergashmang!

31.05.2023   2891   3 min.
Oqimlarga ergashmang!

Barchamizga ma'lum, bugungi kunda internet olamining imkoniyati, ko'lami yana ham kengaydi. Ko'p davlatlarda joriy qilingan karantin sabab, odamlar uyda qolib, ushbu tarmoqdan foydalanish holati bir muncha o'sdi. Bu esa, ayrim buzg'unchi oqimlarning o'zlari ilgari surayotgan da'volarini keng ommaga tarqatish imkoniyati yanada qulay bo'ldi. Ayniqsa, bizning diyorda, telegram messenjeridan foydalanuvchilarning son jihatidan ko'p bo'lishi bularga qo'l keldi. O'zi avvaldan ham telegramdagi bu oqimlarning faoliyati juda ham yuqori edi. Ularning «da'vatlari» bilan yo'g'rilgan kanallarga, afsuski, qanchadan qancha vatandoshlarimiz, Islomni o'rganish maqsadida, ularning niyatini anglamasdan a'zo bo'lib, natijada e'tiqodga tegishli masalalarda ikkilanish holatlari ko'zga tashlanib qoldi va. Ayniqsa, kundalik namozlardan keyin o'qiladigan zikrlar to'g'risidagi noo'rin gaplar, iymon va amal haqidagi mulohazalar, juma tabrigi mavzusi va hokazo holatlarda odamlar o'rtasida qarama-qarshi fikrlar o'yg'onishiga sabab bo'ldi. Karantin davrida esa, ushbu «da'vatchilar» yana ham faollashib, hanafiy mazhabini niqob qilib olib, go'yoki Imomi A'zam rohmatullohi alayhga o'zini ergashgan qilib ko'rsatib, aslida esa bemazhablikni tarqatishga qaratilgan g'oyalarni singdirishga bo'lgan harakatlar avvalgidan ham avj oldi.

Halqimizda Islomni o'rganishga bo'lgan intilish yuqori bo'lgani uchun, bu masalada kerakli ma'lumotlar bilan qondirish maqsadida, hozirda, alhamdulillah, O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritib turgan ahli ilmlarimiz tomonidan, yutub, telegram, feysbuk va boshqa axborot vositalari orqali etarli ma'lumotlar berib borish yo'lga qo'yildi. Vatandoshlarimizni dinimizga tegishli bo'lgan masalalarda yordam berish maqsadida alohida savol-javoblarga qaratilgan telegram kanallari, koll-tsentrlar tashkil qilindi. Albatta, bunga undagan narsa, xalqimizning aqidaviy, fiqhiy masalalardagi kerakli, asosli bilimlar bilan ta'minlash, ularning aqidasini sofligini saqlab qolish ko'zda tutilgan. Ushbulardan kelib chiqib, aytmoqchi bo'lganimiz, avvalo ogohlik ma'nosida, qolaversa, Alloh taoloning mo'min mo'minning birodari, degan Kalomiga muvofiq, dindoshlik yuzasidan mana shunday oqimlarga xayrihoh bo'lib qolib, o'zlariga jabr qilib qo'yishlaridan ehtiyot bo'lishlariga chaqirgan bo'lar edik. Zero, hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Mo'minlar bir-birlariga mehr-muhabbat va g'amxo'rlik qilishda bamisoli bitta tana kabidirlar. Agar tanada bir a'zo og'risa, qolgan a'zolar isitma va bedorlik bilan unga sherik bo'ladi” (Muttafaqun alayh), deya bejiz aytmaganlar. Bu esa, bir vatandoshimizning jabr tortishi bizga ham ozor berishidan darak beradi.

 

Qodirjon Umurzakov,

Pop tumani «Muhammadjon qori»jome

masjidining imom-xatibi

Media
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   94118   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari