Barchamizga ma'lum, bugungi kunda internet olamining imkoniyati, ko'lami yana ham kengaydi. Ko'p davlatlarda joriy qilingan karantin sabab, odamlar uyda qolib, ushbu tarmoqdan foydalanish holati bir muncha o'sdi. Bu esa, ayrim buzg'unchi oqimlarning o'zlari ilgari surayotgan da'volarini keng ommaga tarqatish imkoniyati yanada qulay bo'ldi. Ayniqsa, bizning diyorda, telegram messenjeridan foydalanuvchilarning son jihatidan ko'p bo'lishi bularga qo'l keldi. O'zi avvaldan ham telegramdagi bu oqimlarning faoliyati juda ham yuqori edi. Ularning «da'vatlari» bilan yo'g'rilgan kanallarga, afsuski, qanchadan qancha vatandoshlarimiz, Islomni o'rganish maqsadida, ularning niyatini anglamasdan a'zo bo'lib, natijada e'tiqodga tegishli masalalarda ikkilanish holatlari ko'zga tashlanib qoldi va. Ayniqsa, kundalik namozlardan keyin o'qiladigan zikrlar to'g'risidagi noo'rin gaplar, iymon va amal haqidagi mulohazalar, juma tabrigi mavzusi va hokazo holatlarda odamlar o'rtasida qarama-qarshi fikrlar o'yg'onishiga sabab bo'ldi. Karantin davrida esa, ushbu «da'vatchilar» yana ham faollashib, hanafiy mazhabini niqob qilib olib, go'yoki Imomi A'zam rohmatullohi alayhga o'zini ergashgan qilib ko'rsatib, aslida esa bemazhablikni tarqatishga qaratilgan g'oyalarni singdirishga bo'lgan harakatlar avvalgidan ham avj oldi.
Halqimizda Islomni o'rganishga bo'lgan intilish yuqori bo'lgani uchun, bu masalada kerakli ma'lumotlar bilan qondirish maqsadida, hozirda, alhamdulillah, O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritib turgan ahli ilmlarimiz tomonidan, yutub, telegram, feysbuk va boshqa axborot vositalari orqali etarli ma'lumotlar berib borish yo'lga qo'yildi. Vatandoshlarimizni dinimizga tegishli bo'lgan masalalarda yordam berish maqsadida alohida savol-javoblarga qaratilgan telegram kanallari, koll-tsentrlar tashkil qilindi. Albatta, bunga undagan narsa, xalqimizning aqidaviy, fiqhiy masalalardagi kerakli, asosli bilimlar bilan ta'minlash, ularning aqidasini sofligini saqlab qolish ko'zda tutilgan. Ushbulardan kelib chiqib, aytmoqchi bo'lganimiz, avvalo ogohlik ma'nosida, qolaversa, Alloh taoloning mo'min mo'minning birodari, degan Kalomiga muvofiq, dindoshlik yuzasidan mana shunday oqimlarga xayrihoh bo'lib qolib, o'zlariga jabr qilib qo'yishlaridan ehtiyot bo'lishlariga chaqirgan bo'lar edik. Zero, hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Mo'minlar bir-birlariga mehr-muhabbat va g'amxo'rlik qilishda bamisoli bitta tana kabidirlar. Agar tanada bir a'zo og'risa, qolgan a'zolar isitma va bedorlik bilan unga sherik bo'ladi” (Muttafaqun alayh), deya bejiz aytmaganlar. Bu esa, bir vatandoshimizning jabr tortishi bizga ham ozor berishidan darak beradi.
Qodirjon Umurzakov,
Pop tumani «Muhammadjon qori»jome
masjidining imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV