#Haj_umra
1063-CAVOL: Tavofi qudum yoki nafl tavofni betahorat qilib qo'ysa, biror jarima lozim bo'ladimi?
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Har qanday tavofda tahoratli bo'lish vojib sanaladi. Tavofi qudum sunnat hisoblanadi. Sunnat va nafl tavoflarni betahorat qilib qo'ysa, jinoyat qilgan bo'lib, jarimasiga sadaqa lozim bo'ladi. Farz va vojib tavoflarni betahorat qilib qo'ysa, jonliq so'yish yoki shu tavofning o'zini qaytarish vojib bo'ladi.
ومن طاف طواف القدوم محدثا فعليه صدقة ...فإذا شرع في هذا الطواف وهو سنة يصير واجبا بالشروع ويدخله نقص بترك الطهارة فيجبر بالصدقة إظهارا لدنو رتبته عن الواجب بإيجاب الله وهو طواف الزيارة وكذا الحكم في كل طواف هو تطوع ولو طاف طواف الزيارة محدثا فعليه شاة ...وإن كان جنبا فعليه بدنة
“Tavofi qudumni betahorat qilsa, sadaqa vojib bo'ladi. Chunki tavofi qudum sunnat bo'lsada, kirishish bilan vojibga aylanadi. Uni betahorat holda qilish kamchilik hisoblanadi. Bu kamchilikni sadaqa bilan to'ldiriladi. Chunki bu tavof Alloh taolo farz qilgan tavofi ziyoratdan quyida turadi. Barcha nafl tavoflarda ham hukm shunday(Ya'ni sadaqa lozim bo'ladi). Agar tavofi ziyoratni betahorat qilsa, qo'y so'yish, junub holatda bajarsa, budana (tuya yoki qoramol) so'yish vojib bo'ladi”. (Hidoya). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
YouTube (https://www.youtube.com/@Fatvouzb) | Instagram (https://www.instagram.com/fatvouz/) | Facebook (https://www.facebook.com/diniysavollar) | Telegram (https://t.me/diniysavollar)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati