Islom ummati Allohning buyuk ne’matini kutib olish taraddudida turibdi. Bu shunday ne’matki, har yili xayru barakot, rahmatu mag‘firat ila to‘la bu ummat ustida soyabon bo‘ladi. Bu shunday ne’matki, u bilan faqat Islom ummatigina xoslangan. Bu muborak Ramazon oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kelganda sahobalariga ushbu muborak oyni shunday tasvirlab berar edilar.
أتاكُم رَمضانُ شَهرٌ مبارَك، فرَضَ اللَّهُ عزَّ وجَلَّ عليكُم صيامَه، تُفَتَّحُ فيهِ أبوابُ السَّماءِ، وتغَلَّقُ فيهِ أبوابُ الجحيمِ، وتُغَلُّ فيهِ مَرَدَةُ الشَّياطينِ، للَّهِ فيهِ ليلةٌ خيرٌ من ألفِ شَهرٍ، مَن حُرِمَ خيرَها فقد حُرِمَ
Abu Hurayra roziyallohu anhu dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Sizlarga Ramazon oyi muborak oy keldi. Alloh uning ro‘zasini sizlarga farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilib, jahannam darvozalari yopilib, shaytonlar zanjirband qilinadi. Bu oyda bir kecha borki, u ming oydan ko‘ra yaxshiroqdir. Kim u kechaning xayrlaridan mahrum qolsa, (ko‘p narsadan) mahrum bo‘libdi» (Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyatlari).
Ramazon oyi Islom ummati ta’biriga ko‘ra uchta asosiy vazifani bajaradi:
1) Bu muborak oy sabab qalblar gunohlardan poklanadi.
2) Masjidlarda musulmonlarning birligi namoyon bo‘ladi.
3) Haddidan oshgan nafslar jilovlanadi va tarbiyalanadi.
Musulmon kishi Ramazon oyini qanday kutib oladi?
1) Xolis niyat qilish. Allohning huzuridagi ajr savobga erishish va gunohlarini mag‘firat qilinishi uchun imon va ishonch ila ruza tutishni niyat qilmoqlik.
2) Alloh taolodan muborak Ramazon oyiga sog‘-salomatlik, tinchlik-ofiyatlikda yetishni va bu oyda ibodatlarni ado etishga quvvat va himmat so‘ramoqlik.
3) Ramazon ro‘zasi va bu fazilatli oyga taalluqli bo‘lgan barcha shar’iy xukmlarni puxta o‘rganmoqlik.
4) Bu fazilatli oy boshlanishidan oldin insonlarni avf etish va barchaga birdek marhamatli bo‘lmoqlik.
5) Har qanday talashib-tortishishlarni tark etish. Urush-janjallardan o‘zini olib qochmoqlik.
6) Alloh taologa tavbai-nasuh, istig‘for ila, shuningdek, umrini haq yo‘ldan yiroq bo‘lib, gunoh-ma’siyatda o‘tkazgan vaqtlariga nadomat bilan yuzlanmoqlik.
7) Ramazon oyi inson o‘zini yaxshi tarafga o‘zgartirishi uchun ayni farsat ekanligini anglab yetishi. O‘zini isloh qilish, xatolarini tuzatishga azmu qaror qilmoqlik. Ramazon oyidan keyin ham shu yo‘sinda bardavom bo‘lmoqlik.
8) Bu muborak oyda solih amallarni ko‘paytirish. Qur’on tilovati, kundalik zikrlar, sadaqa va e’tikof kabi ezgu amallar bilan ziynatlanmoqlik.
9) Ota-onaga yaxshilik qilish. Ularning huzurida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun afv etishlarini so‘rash. Shuningdek, qarindosh-urug‘lar bilan silai rahm qilmoqlik.
10) Qarz va omonat kabi haqlar bo‘lsa, egalariga qaytarish.
11) Ezgu amallarga chorlaydigan va namuna bo‘ladigan solih insonlar bilan hamroh bo‘lish.
12) Ramazon oyi hilolini (yangi chiqqan oy) kuzatish.
13) Hilolni ko‘rsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilganlari kabi duo qilish.
كانَ رسولُ اللهِ إذا رأى الهلالَ قالَ: اللهُ أكبرُ، اللَّهمَّ أَهِلَّهُ علينا بالأمنِ والإيمانِ ، والسَّلامةِ والإسلامِ ، والتَّوفيقِ لما تحبُّ، وَترضَى ، ربُّنا وربُّكَ اللهُ
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yangi chiqqan oyni ko‘rsalar: «Alloh ulug‘dir, ey Rabbim, bizga bu oyni omonlik, iymon, salomatlik, islom, tavfiq, O‘zing yaxshi ko‘radigan va rozi bo‘ladigan oy qil. (Ey hilol!) Mening rabbim ham, seni rabbing ham Allohdir» (Imom Dorimiy rivoyati).
14) Ramazon oyining ahamiyatini his qilish. Shuningdek, Alloh taoloning bu fazilatli oyda kunduzlari ro‘zador, kechalari tungi namozlarni ado etuvchi mo‘minga berajak ulug‘ ajr-savoblari, rahmat va mag‘firatlarini mulohaza qilish.
15) Ramazon oyida vaqtdan unumli foydalanish uchun o‘ziga kun tartibini tuzib olish. Muhim amallarni belgilab olish. Do‘stlar bilan uzundan-uzoq suhbatlar, televizor ko‘rish kabi ruhsat berilgan ishlarda ham isrofga yo‘l qo‘ymaslik.
16) Sahobalar kabi bu duolar mustajob bo‘ladigan muborak oyning kirib kelayotganiga xursandchiligini izhor qilishi. Unda hasrat, shikoyat va noroziligini izhor qilmaslik. Ayniqsa, Ramazon oyi yoz fasliga to‘g‘ri kelib qolsa…
Alloh barcha mo‘minlarni o‘zi suygan va o‘zi rozi bo‘ladigan amallarga muvaffaq aylasin!
Avazxo‘ja BAXROMOV
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:
Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati