Ramazon istig‘for oyidir. Ya’ni, bu oyda farishtalar ro‘zadorlar uchun Allohdan mag‘firat talab qilishadi. Imom Ahmad “Musnad” kitobida keltirishicha, Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Ramazon oyida Mening ummatim boshqa hech qaysi ummatlarga berilmagan beshta xislat bilan ne’matlandi: birinchisi, Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan hid Alloh taolo uchun mushk-anbardan ham yoqimliroqdir. Ikkinchisi, ular to og‘izlarini ochgunlaricha farishtalar ularning gunohlarini kechirishini Allohdan so‘rab turishadi. Uchinchisi, Ramazon oyi kirganida do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. (To‘rtinchisi,) Alloh taolo har kuni jannatni ziynatlaydi. So‘ngra: “Ey jannat, senga Mening ro‘zamni tutib qiynalgan solih bandalarim kirib rohatlanishlari uchun ziynatlan va bezaklaringni chiroyli qil!” deb buyuradi. (Beshinchisi, Ramazon oyining) oxirgi kechasida u(ro‘zador)larning gunohlari kechiriladi. (Sahobalar): “Yo Rasululloh, u Qadr kechasimi?” deb so‘rashganida, u zot (alayhissalom): “Yo‘q, lekin ishchi qilayotgan ishi bitganida unga haqini beriladi”, deb marhamat qildilar”. Ya’ni, u kecha Qadr kechasi emas, ammo xuddi birovga bir ish buyurilganida u o‘sha ishni bitirgach, haqini o‘talgani kabi, Ramazon oyi tugashi bilan Alloh taolo ro‘zador bandalariga haqlarini beradi – ularning gunohlarini kechiradi.
“Rahmat oyi ramazon” kitobidan
Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning 13-sammiti arafasida Turkiya ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, uning mintaqaviy hamkorlikdagi o‘rni va turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosiga qo‘shgan hissasini keng yoritayapti, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, “Diriliş Postası” va “Yeni Şafak” gazetalari mamlakatimiz taraqqiyotiga oid materiallarni chop etdi. “Ülke TV” telekanalida O‘zbekiston tarixi va tamadduniy merosi haqida 22 qismli hujjatli filmlar turkumi namoyish qilindi.
“Diriliş Postası”dagi “Yangi O‘zbekiston – turkiy dunyoda nufuzi ortib borayotgan strategik kuch” sarlavhali maqolada ta’kidlanishicha, 2017–2025 yillarda yurtimiz iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 6 foizdan ko‘proqqa o‘sgan. 2026 yilning birinchi yarmida o‘sish ko‘rsatkichi 8,5 foizni tashkil etib, xorijiy investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga yaqinlashgan.
“Fitch” va “Standard & Poor’s” agentliklari tomonidan O‘zbekistonning kredit reytingi ijobiy prognoz bilan “BB−” dan “ BB” darajagacha ko‘tarilganiga e’tibor qaratgan. Energetika sohasidagi islohotlar, xususiylashtirish jarayonlari, investitsiya muhitining yaxshilanishi va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik buning asosiy omillari sifatida qayd etilgan.
“Yeni Şafak” nashrida “Islohotlar negizida Yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda” nomli maqola chop etildi. Materialda O‘zbekiston taraqqiyotining asosini tashkil etuvchi yoshlar qatlamiga alohida urg‘u berilgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston aholisining qariyb 52 foizi 30 yoshga to‘lmagan yoshlardan iborat. Shu bilan birga, nashrda Samarqand va Buxoroning turizm salohiyati hamda respublikaning xalqaro mavqei mustahkamlanib borayotgani e’tirof etilgan.
Turkiya matbuoti TDT doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston 2019 yilda tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylandi, 2022–2023 yillarda esa unga raislik qilib, Samarqandda muhim sammitni tashkil etdi hamda 100 dan ortiq tadbirlarni o‘tkazdi.
Ushbu davrda “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan strategiya qabul qilindi. Turkiy davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard dollardan oshdi, transport va logistika sohalarida investitsiyaviy aloqalar hamda qo‘shma loyihalar kengayib bormoqda.
“Diriliş Postası”ning ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev TDT sammitlarida hamkorlikni amaliy rivojlantirishga qaratilgan 100 ga yaqin tashabbusni ilgari surgan. Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni, sanoat alyansi hamda Temir yo‘l ma’muriyatlari kengashini tashkil etish shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Ülke TV” telekanali mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi ko‘magida suratga olingan “O‘zbekiston tamadduniga sayohat” nomli hujjatli filmlar turkumining haftalik namoyishini boshlamoqda. Tasvirga olish ishlari Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarini qamrab olgan bo‘lib, mamlakatning turkiy va islom sivilizatsiyalari tarixidagi ahamiyatini ochib beradi.
Filmlarda Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband va Amir Temur merosi namoyish etiladi. Loyiha turk tomoshabinlarini mushtarak tarixiy ildizlar, madaniy aloqalar hamda mintaqaning jahon ilm-fani va ma’naviy tafakkuriga qo‘shgan hissasi bilan tanishtirishga qaratilgan.
Bo‘lajak sammit arafasida chop etilgan ushbu maqolalar va televizion loyiha O‘zbekiston–Turkiya aloqalari mustahkamlanib borayotgani hamda iqtisodiyot, siyosat va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan intilishni yaqqol ko‘rsatadi. Eng muhimi, O‘zbekiston turkiy dunyodagi integratsiya jarayonlarining faol ishtirokchilaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati