Ibn Os roziyallohu anhudan keltirilgan bir rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Hech biringiz barcha yaxshilik va yomonlikning taqdirdan ekani, inson taqdirida bo‘lmagan narsalarga duchor bo‘lmasligi va aksincha, taqdiriga yozilganlarning, albatta, sodir bo‘lishiga amin bo‘lmagunicha mo‘min bo‘la olmaydi”.
Taqdir – Alloh taolo maxluqotni yaratishdan oldin belgilab qo‘ygan qismat. Biror hodisa Allohning ilmisiz bo‘lmaydi. Har bir narsa Allohning hukmidadir. Shuning uchun ham taqdirning yomonligi, yaxshiligi, shirin va achchiqligi Alloh taolodan ekaniga iymon keltirishimiz kerak.
Ammo ba’zilar “taqdirimda bor ekanki, gunoh qilyapman, taqdirimga yozilgani uchun menda ayb yo‘q” deyishadi. Rizq masalasida ertayu kech tinim bilmay yugurib, o‘zini o‘tga cho‘qqa uradi. Ammo rizq ham taqdirda belgilab qo‘yilgandir.
“Alloh xohlasa, taqdir qilsa, bir kun ibodat qilarman” deb Allohga itoat etishga erinib, taqdirni bahona qilishadi. Zero, Qur’oni karimda shunday deyilgan: “Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat).
Sahobalar va tobeinlar taqdirga ana shunday iymon keltirganlar. Lekin sahobalar zamonining oxirrog‘iga borib taqdirga til tekkiziladi. Taqdir haqida bid’at so‘zni qo‘zg‘agan eng birinchi odam basralik Ma’didiya Juxariydir. U taqdir haqida shunday deydi: “Alloh taolo bandalarining qiladigan ishlarini oldindan bilmaydi, gunoh qilgandan keyin biladi. Agar Alloh taolo bandaning gunoh qilishini oldindan bilsa, bu bandani gunoh qilishga majburlagan bo‘ladi. Demak, shu gunoh uchun azob bergan bo‘ladi. Bu holda Alloh zolim bo‘lib qoladi, degan buzuq aqidasi bilan Madinaga keladi. Va uning so‘zlarini tasdiqlab, unga ergashganlar ham paydo bo‘ladi. Shu bilan qadariya degan toifa vujudga keladi. Qadariylar bandalarning amallariga bog‘liq Alloh taoloning xohishi, qazosi, qadari, shuningdek yaratishini inkor qiladilar. Ular taqdirni inkor qilganlari uchun “qadariy” deb ataladi.
Biz taqdirga sahobalar iymon keltirgandek iymon keltiramiz. Shuning uchun ham Allohning xohlaganigina bo‘ladi, degan e’tiqodimiz mo‘taziliylar va qadariylarga raddiya javobdir.
Imomi Ahmad u kishiga uzoq umr so‘rab duo qilishlikni yomon ko‘rar edilar va aytardilarki: “Bu tugatib qo‘yilgan ishdir”.
Alloh taolo xalqlarni yaratishdan oldin hech bir narsa Unga maxfiy bo‘lmagan, ya’ni Alloh taolo hamma narsani bilgan.
Har bir narsa Allohning taqdir va xohishi bilan joriy bo‘ladi. Bandalar uchun Alloh xohlasagina xohish bordir. Alloh taolo: “(Ey, insonlar!) Istaklaringiz faqat Alloh xohlasagina ro‘yobga chiqur. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasidir” (Inson surasi, 30-oyat), deb ogohlantiradi.
Alloh taolo xohlagan kishini hidoyat qiladi va hidoyat qilingan odamni Allohning xohishisiz biron bir adashtiruvchi adashtira olmaydi va Alloh xohlagan kishini adashtiradi va bu adashgan odamni Allohning xohishisiz hech bir odam to‘g‘ri yo‘lga boshlay olmaydi. To‘g‘ri mana bunday: “Alloh xohlagan narsa bo‘ladi va xohlamagan narsa bo‘lmaydi”.
Taqdir to‘g‘risida ko‘p gapirmagan ma’qul. Bir odam qilgan gunohini taqdirdan deb o‘ziga tasalli bergani bilan, baribir, o‘ziga qarshi hujjat bo‘ladi. Agar bir kishining boshiga musibat tushganda, taqdirni xujjat qilsa, hujjatga o‘tadi.
Vahb ibn Munabbah aytadilar: “Qadar masalasiga bir marta nazar solib hayratda qoldim va yana bir marta qarab dahshatda qoldim. Keyin shuni bildimki, odamlarning eng olimi – taqdir to‘g‘risida ko‘p tiyilgani va odamlarning eng johili – taqdir to‘g‘risida ko‘p vaysagani ekan”.
Zilola SUYAROVA,
Imom Buxoriy nomli TII uslubchi-murabbiysi
Hasan ibn Abu Sinan rahimahulloh oltmish yil davomida yotgan holatda uxlamagan ekanlar, yog‘li taomlar iste’mol qilmagan hamda sovuq suv ichmagan ekanlar. Vafot etganlaridan so‘ng u zot bir kishining tushiga kirdilar va u kishi: “Alloh taolo sizni qanday qabul qildi?” — deb so‘radi.
Hasan ibn Abu Sinan rahimahulloh: “Alloh taolo meni juda yaxshi qabul qildi, ammo hayotimda bir kishidan igna qarzga olib, qaytarib bermagan edim. Shu sabab jannatga kira olmayapman”, degan javobni berdilar.
“Ruhul-bayon” tafsiri, 2-jild, 171-sahifa