Rasululloh: “Men bobom Ibrohimning duosiman, Iso ibn Maryamning bashoratiman va onamning tushiman”, deganlar. Payg‘ambarimizning “Men bobom Ibrohimning duosiman” deganlaridan murod Hazrat Ibrohimning Ismoil bilan birga Ka’bani qurayotganlarida: “Ey Rabbimiz, ularga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambarni yubor! Albatta, Sen O‘zing Aziz va Hakimsan”, deb duo qilganlaridir.
Payg‘ambarimizning “Iso ibn Maryamning bashoratiman” deganlaridan murod Hazrat Isoning: “Ey Isroil avlodi, albatta, men Allohning sizlarga (yuborgan) Payg‘ambariman. (Men) o‘zimdan oldin berilgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keladigan “Ahmad” ismli Payg‘ambar haqida bashorat beruvchiman”, deganlaridir.
Payg‘ambarimizning “onamning tushiman” deganlari esa, “Onam o‘zlaridan nur chiqqanini ko‘rganlar va bu nur tufayli Shom qasrlari yorishib ketgan” mazmunli hadisi sharifga ishoradir.
Ushbu xabarni Imom Buxoriy “At-tarixul kabir” va “At-tarixus sag‘ir”da, Abu Dovud, Ahmad ibn Hanbal, Abu Bakr Bazzor, Abu Ya’lo Muvsiliy va Ibn Rohavayh “Musnad”larida, Ibn Hibbon “As-siqot”da, Dorimiy “Sunan”da, Tabaroniy “Al-mu’jamul kabir”da, Bayhaqiy “Shu’abul imon”, “Daloilun nubuvvah”da, Abu Nuaym “Al-huliya”da, Bag‘aviy “Sharhus sunna”da, Ibn Adiy “Al-komil”da, Imom Tabriziy “Mishkotul masobih”da, Ibn Sa’d “At-tabaqotul kubro”da, Ibn Is'hoq, Ibn Hishom va Ibn Asokirlar “As-siyratun nabaviya” kitoblarida, Abdulloh ibn Muborak va Abu Bakr ibn Mardavayh ham rivoyat qilgan.
Hokim “Al-mustadrak ’alas sahihayn” kitobida bu hadisni: “Imom Muslimning shartiga ko‘ra sahihdir”, degan. Imom Zahabiy “At-talxis”da va Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”da “Sahih” deyishgan. Shuayb Arnaut “Musnadi Ahmad” va “Sahihi ibn Hibbon” taxrijida: “Sahihun li g‘oyrih”, deydi. Hofiz Nuriddin Haysamiy “Majma’uz zavoid”da va Ahmad ibn Abu Bakr Busoyriy “Ithoful xiyaratil mahara” kitobida: “Isnodi hasan”, deyishgan. Hofiz Zayniddin ibn Abdurahmon ibn Ahmad ibn Rajab Dimashqiy: “Rasululloh tug‘ilayotganlarida bu muborak nurning chiqishi insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan va shirk zulmatini yo‘q qilgan hidoyat nuriga ishoradir”, degan[1].
Alloma Ibn Kasir: “Bu muborak nur chiqib, Shom diyoridagi qasrlarni yoritib yuborgani Islom dinining Shom diyoriga o‘rnashib, mustahkam bo‘lishiga ishora. Shuning uchun ham oxirzamonda Shom diyori Islom dini va musulmonlar uchun mustahkam qal’aga aylanadi. Iso Shom diyoriga, aniqrog‘i, Damashqning sharqiy oq minorasi joylashgan yerga tushadilar”, degan.
Omina onamizning doyasi
Payg‘ambarimizga muhabbatimiz tufayli atroflarida bo‘lgan har bir kishini bilgimiz, tanigimiz keladi. Xo‘sh, Rasululloh tug‘ilayotganlarida Omina onamizga kim doyalik qilgan edi?
Ayrim rivoyatlarda Isoning onalari pokdomon Maryam bilan Musoni ulg‘aytirgan hazrat Osiyodek mukarrama zotlar hozir bo‘lishgani aytilgan. Ammo “Maryam va Osiyo onalarimiz Rasululloh tug‘ilayotgan paytda hozir bo‘lganlari” haqidagi rivoyatni imom Suyutiy “Al-xasoisul kubro” kitobida (1/47): “Juda ham munkar”, degan.
Haq gap esa Omina onamizga Shifo doyalik qilganlaridir. Shifoning onasi Salmo, eri Avf, o‘g‘illari Abdurahmon va Asvad, qizi Otikadir.
Olamlar sarvarining yorug‘ dunyoga tashrifida istiqbollariga chiqqan, bo‘lajak payg‘ambarni ilk kutib olish sharafiga muyassar bo‘lgan Shifo binti Avfni Alloh taolo keyinchalik ham ko‘p yaxshiliklar ila siyladi. Shifo haq din kelganida uni qabul etdi, istiqomatda sobit bo‘ldi, Rasululloh hayotlik davrlarida vafot etdi va o‘g‘li Abdurahmonning jannati ekani bashoratini oldi.
Ilohiy irodaning ro‘yobi
Rasululloh dunyoga kelganlaridan so‘ng Omina onamiz qaynotalari Abdulmuttalibga odam jo‘natib, nabirali bo‘lgani xabarini yetkazadi. Abdulmuttalib behad quvonadi, chaqaloqni olib, Ka’baning ichiga kiradi, Allohga duolar qilib, shukronalar aytadi va shu yerda muborak nabirasiga “Muhammad” deb ism qo‘yadi. Qiziq, Abdulmuttalib nimaga asoslanib ota-bobolarining urfida bo‘lmagan bu ismni qo‘ydi?
Bu borada ikki asos bor:
Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz tug‘ilganlarining yettinchi kuni Abdulmuttalib muborak nabirasi nomidan, o‘sha paytdagi arablarning odatiga ko‘ra, qo‘chqor so‘yib, Quraysh ahliga ziyofat beradi. Mehmonlar ziyofat so‘ngida: “Bu nabirang sharofati bilan bizni juda siylading, unga qanday ism qo‘yding?” deb so‘rashadi. U: “Muhammad deb ism qo‘ydim”, deydi. Ular: “Ota-bobolaringda bunaqa ism yo‘q-ku?” deb ajablanishganida, u: “Men bu nabiramning yerda ham, osmonda ham doimo maqtalishini xohladim», deydi”.
Aslida esa, Alloh taolo so‘nggi payg‘ambarining ismi “Muhammad” bo‘lishini iroda etgan va bu ilohiy irodaning ro‘yobini Abdulmuttalib bilan Omina onamizga tush orqali ilhom qilib, yuzaga chiqardi. Chunki asl Tavrotda “Muhammad” deb, asl Injilda “Ahmad” deb xabar berilgani ma’lum.
Abdul Azim ZIYOVUDDIN,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.