Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446

Mazhablar o‘rtasida qarz masalasi

02.05.2018   9645   4 min.
Mazhablar o‘rtasida qarz masalasi

Zakoti beriladigan molga qo‘yiladigan shartlardan biri bandalar tarafidan talab qilinadigan qarzdan ortiq bo‘lishidir.

Bandalar tarafidan talab qilinadigan qarz bo‘lmaslik” deganda – qarzlar ikki qismga bo‘linadi: Alloh taolo tomonidan talab qilingan qarzlar; bandalar tomonidan talab qilinadigan qarzlar;

Bir kishining zimmasida nazr, kafforat, sadaqai fitr, tamattu’ hajining qurbonliklari, qurbon hayitining qurbonligi kabi qarzi bor bo‘lsa va zakot nisobiga yetadigan mablag‘i ham bo‘lsa, avval zakotini ado qiladi, chunki bu qarzlar bandaning haqqi emas, Allohdan talab qilinadigan qarzlardir. Zakot farz bo‘lishi uchun mol egasining nisobini kamaytirib yuboradigan darajada qarzi bo‘lmasligi kerak. Bir odamning qo‘lida nisobga yetadigan moli bor. Shu bilan birga, boshqa odamlardan qarzi ham bor. Agar qarzni berganidan keyin ham qolgan moli nisob miqdorida bo‘lsa, zakot beradi. Ammo qarzni berganda o‘ziga mol qolmaydigan yoki moli nisob miqdoridan kamayib qoladigan bo‘lsa, zakot berish farz bo‘lmaydi. Chunki odamlardan qarzi bor odam boy hisoblanmaydi.

Qarz borasida mazhab ulamolari turlicha bayon qilishgan:

Hanafiylar: “Qarz uch qismga bo‘linadi: Birinchi qismi – bandalarga xos qarz. Ikkinchi qismi – Alloh taologa xos qarz. Uchinchi qismi – Bandalar tomonidan talab qilinmagan qarz.

Qarzni bandalar tomonidan talab qiluvchisi (yig‘ib oluvchi) bo‘ladi. Huddi o‘tgan yilda berilmagan zakot qarzi kabi. Zohiriy (ko‘rinib turuvchi) mollarni, ya’ni chorva mollari va yerdan chiqqan narsalarni o‘sha paytda talab qiluvchi boshliq bo‘lgan. Yoki oltin va kumushga o‘xshash tijorat mollari kabi botiniy mollarni talab qiluvchi boshliq yordamchisi bo‘lgan. Boshliq yordamchilari zakotni idora qiluvchilardir. Chunki boshliq Usmon roziyallohu anhu zamonlarigacha zakotni  yig‘ib olar edi. Bas, u zot roziyallohu anhu botiniy mollarda zakot berishni o‘z egalariga topshirganlar. Uchinchi qismi – uni bandalar tomonidan talab qiluvchisi bo‘lmagan nazr, kafforat, fitr sadaqasi va hajning nafaqasi kabi Alloh taologa xos bo‘lgan qarzlardir. Zakotni farz bo‘lishini man qiladigan qarzlar avvalgi ikki qism qarzlaridir. Agar bir kishi zakot nisobiga ega bo‘lib, so‘ng o‘sha nisob bir yil aylansa, o‘sha yili undan zakot chiqarmay, boshqa yilga o‘tib ketsa, ikkinchi yili unga zakot farz bo‘lmaydi. Chunki o‘sha qarz ana shu yilning nisobidan kamaytiradigan, o‘tgan yilgi zakotning qarzi edi. Shuningdek, molga ega bo‘lsa va uning zimmasida boshqa shaxsga qarzi bo‘lib, qarz – oldi-sotdi pul yo naqd pul yoki o‘lchov mollari bo‘ladimi yoxud hayvonlarmi yoki bulardan boshqa qarzlar bo‘ladimi, ularning orasida hech qanday farq yo‘q. Mazkur qarzlarning barcha navlari zakot farz bo‘lishligini man qiladi. Illo, ziroat va mevalarning zakoti – ushr va xiroj bundan mustasno. Ammo uchinchi qismi zakot farz bo‘lishligini man qiladi”, deganlar.

Molikiylar: “Bir kishini nisobini kamaytirib yuboradigan darajada qarzi bo‘lsa, yashash joyiga o‘xshash zaruriyatda unga ehtiyoji tushmaydigan narsalardan boshqa zakot mollaridan o‘zida qolgan nisob to‘liq bo‘lmay qolsa,  o‘zidagi molda zakot farz bo‘lmaydi. Bu shart oltin va kumush zakotlariga tegishlidir. Ma’dan oltin yoki kumush rudasidan bo‘lmagani uchundir. Ammo chorva va ekinlarda zakot farz bo‘ladi”, deganlar.

Shofe’iylar: “Molning qarzdan forig‘ bo‘lishligi shart qilinmaydi. Bas, kimning zimmasida qarzi bo‘lsa, unga zakot farz bo‘laveradi. Agar ana shu qarz nisobni kamaytirib yubormasa”, deganlar.

Hanbaliylar: “Zimmasidagi qarzni berganda o‘ziga mol qolmaydigan yoki nisob miqdoridan kamayib qoladigan kishiga zakot farz bo‘lmaydi. Garchi qarz zakoti beriladigan molning jinsidan boshqa bo‘lsa ham. Agar qarz xiroj yoki o‘rib yig‘ilgan yo yer ijarasi yoxud haydalgan yer bo‘lsa ham (zakot farz bo‘lmaydi). Qarz naqd pullar, tijorat mollarining qiymati yoki ma’dan kabi botiniy mollarda, mevalar, donlar va chorva mollari kabi zohiriy mollarda zakot farz bo‘lishligini man qiladi. Bir odamning nisobga yetgan moli bor. Shu bilan birga, qarzi ham bor. Avval qarziga yetadigan miqdori undan chiqariladi. Agar qarzni berganidan keyin ham qolgan moli nisob miqdorida bo‘lsa, zakot beradi”, deganlar.

 “Al-Fiqhu alal-Mazohibil-arba’a” kitobi asosida
Yangiyo‘l tumani “Imomi A’zam” jome masjidi
imom noibi Nuriddin Akromov tayyorladi

 

Fiqh
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   14345   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD