Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Noyabr, 2026   |   6 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:12
Peshin
12:13
Asr
15:22
Shom
17:06
Xufton
18:23
Bismillah
16 Noyabr, 2026, 6 Jumadul soni, 1448

Totuvlik siri – vazminlikdir

30.04.2018   7111   5 min.
Totuvlik siri – vazminlikdir

Albatta, er-xotin baxtiyor yashashni istaydi. Ammo istasa-istamasa, ular orasida kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Yaqinlari bilan ahil-inoq yashash – tushunmovchiliklardan bezgan ruhiyatga eng kerakli oziqdir. Ushbu muammoni ijobiy hal qilish oila a’zolarining saodatiga xizmat qiladi. Buning uchun avvalo ikki taraf ham bir-birini tushunmog‘i ayol va er o‘z haqlarini ado etmog‘i lozim.

Oiladagi tinch-totuvlik, osoyishtalik ko‘p jihatdan ayol kishiga bog‘liq. Kelishmovchiliklar yuzaga kelganda ayol bosiqlik qilib ovozini balandlatmasa, erkak jazavaga tushmaydi.

Har tomonlama to‘kis yashayotgan tanishlarimizga havas qilamiz, o‘shanday baxtli yashashga intilamiz. Ammo har doim ham istaganlarimiz amalga oshavermaydi. Ammo imkon qadar o‘sha oilalardagi osoyishtalikni hayotimizga tadbiq etishga unchalik ham e’tibor qilmaymiz. Shunchaki istak bilan ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi.

Kuzatadigan bo‘lsak, barcha namunali deb qaralgan oilalardagi o‘zaro munosabatlar bir-biriga o‘xshashligiga guvoh bo‘lamiz. Ko‘pchilik ajrimlarga kelin va qaynona munosabatlaridagi ziddiyatlar sabab bo‘lmoqda. Ba’zi namunali vakilalar bilan suhbatlashdik.

– Tinch-totuv yashashning siri nimada, murosa qilishda kim tashabbuskor bo‘lishi kerak? Turmushingizda noqulay vaziyatlar bo‘lganmi?

– Men Umarova Shohida, uch kelinning qaynonasiman (65 yosh). Oilada har xil vaziyatlar bo‘ladi. Hech qachon o‘g‘illarimga kelinlarimni yomonlamayman, xatolarini gapirmayman. Ularning urishib qolishiga sababchi bo‘lishni istamayman. Hattoki kelinlarim tarafidan biror noxush vaziyat yuzaga kelsa, xato qilsa o‘zlariga darrov aytmayman. Bir oz vaqt o‘tib yotig‘i bilan tushuntiraman. Ko‘pincha yoshligim va kelinlik davrimni eslab ularga muomala qilaman. Barcha narsani yaxshilikcha hal qilsa bo‘ladi, dilozorlik yomon. Hech qaysi farzand onasi xotinidan norozi bo‘lishini istamaydi. Bilsa, albatta, asabiylashadi, o‘g‘limni notinch qilib nima qilaman. Qolaversa, kelin ham birovning qizi.

Kimdan nima o‘tmaydi deysiz, ko‘p sinoatlar o‘tdi boshimizdan. Oilani oila qilish uchun ayol haqiqiy bog‘bon bo‘lishi kerak. Menga yoqmadi yoki o‘g‘limning “to‘g‘ri kelmayapti” degan so‘zi bilan ajralib ketaversa, hayot to‘kis bo‘lmaydi. Axir norasidalarni yetim qilib qanday yashilikni istash mumkin. Olsa olar nasihat olmasa, boshiga tushganda ko‘p narsani anglab yetadi. Juda epsiz bo‘lsayam, ajratishdek narsani hayolimga keltirmayman. Allohga shukr, o‘rgatganlarimni o‘zimdan ziyod bajargan kelinlarim ham bor. Hamma kelinlarimdan roziman, o‘tganimda yaxshilik bilan eslashib, chin ko‘ngildan duo qilishsa bas.

Qolaversa, gapimiz ko‘chaga chiqmaganining birinchi sababi oiladagi ahillik. Fikrimcha, kelinning xatosini hadeb yuziga solib, bo‘lar-bo‘lmas vajlarni o‘g‘liga yetkazish er-xotin munosabatlarining buzilishiga sabab bo‘ladi. To‘g‘ri, fe’li-fe’liga tushmasligi, kelin qaynona orzu qilgan sifatlarga ega bo‘lmasligi mumkin, ammo o‘g‘lingiz bilan yaxshi yashayapti, farzandlar bor, muhimi shu.

Ulardan ranjigan paytim ham bo‘lgan. Ammo men uchun muhimi oila mustahkamligi. O‘g‘lim bilan kelinimning totuvligini hamma narsadan ustun qo‘yaman. Hatto og‘ringan ko‘nglimdan ham. Oila qurish, birovga rahmat aytish yoki birovdan rahmat eshitish oson ish emas. Muammo va masalalarni yechishda sabr va og‘ir bosiqlik yoshlardan ko‘ra biz keksalarning zimmasiga tushadi.

Ikkinchi suhbatdoshimiz Zilola Yarashbek qizi marhuma qaynonasi Jumagul Choriyeva haqida shunday xotirlaydi.

– Oilada uchinchi kelinman. Ularni qaynonam emas onam deyman. Ilohim, oxiratlari obod bo‘lsin. Bu oilaga kelin bo‘lib tushganimda uy ishlarini deyarli eplamasdim. Kelin bo‘lib kelganimda qaynonam, xatolarimni chiroyli tarzda ko‘rsatib berish orqali menga o‘rgatganlar. Nihoyatda shirinso‘z, saxiy va ko‘ngli ochiq edilar. Ikki nafar farzandim bo‘lgandan keyin meni poytaxtga universitetga o‘qishga yuborib to‘lov shartnoma pullarini ham qaynotam to‘laganlar. Qaynota va qaynonamni Alloh rahmat qilsin. Ular ilm olishim uchun ham sharoit yaratib berganlar. Men ularni juda sog‘inaman. Qaynonamning jahl bilan gapirishi tugul birovdan norozi bo‘lib gapirganlarini eslolmayman. Hech kimdan norozi bo‘lmasdi. O‘g‘lim uchun echkini sog‘ardi-da, echki bolasidan unga tegishli bo‘lgan sutni sog‘ib olayotgani uchun rozilik so‘rardi. Mening orzuim qaynonamdek qaynona bo‘lishdir.

Bu qaynona va kelinlarning o‘z hayotidan mamnunligi yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Ayniqsa, farzandlari baxtini o‘ylab ish qiladigan Shohida ayaning turmushidagi yo‘riqlari ba’zi qaynona va bo‘lajak qaynonalarga yaxshigina dasturil amal bo‘lib xizmat qiladi, inshoalloh. Kattalar yoshlar uchun bir ko‘prik. Yangi ko‘chatni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirsangiz, qanchalik e’tibor bilan parvarishlaysiz, kelin ham nihol. Har qanday vaziyatda ham iloji boricha oilani saqlab qolish choralari ko‘rilishi maqsadga muvofiq. Biz ayollar oxiratning saodati, farzandlar kamoli uchun tilimizni shirin, fe’limizni keng qilsak, oila mustahkamligini ta’minlagan bo‘lamiz.

Nilufar BOZORBOY qizi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duosi ijobat duotalablar

16.11.2026   5867   1 min.
Duosi ijobat duotalablar

Ali ibn Abu Harora rahimahulloh hikoyat qiladi: «Onam yigirma yildirki o‘rnidan tura olmasdi. Bir kuni menga:

– O‘g‘lim, Ahmad ibn Hanbalning huzuriga borib, undan men uchun Allohga duo qilishlarini so‘ra, – dedi. Men u zotning uyiga bordim va eshigini taqillatdim. Uyda edi. Eshikni ochmasdan:

– Kim u? – deb so‘radi.

– Men falon qasabadan keldim. Onam uzoq yillardan beri og‘ir bemor, o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi. U meni sizdan duo so‘rashim uchun yubordi, – dedim. Shunda u kishining ajablangandek:

– O‘zimiz odamlarning duosiga muhtojmiz, – deganlarini eshitdim va noumid bo‘lib ortimga o‘girildim. Shu damda uydan bir kampir chiqib:

– Sen Abu Abdulloh (Ahmad ibn Hanbal) bilan gaplashgan yigitmisan? – dedi.

– Ha, – dedim.

– U kishi onang uchun duo qilishga kirishdi, – dedi kampir. Men shoshilib uyga yugurdim. Borib eshikni taqillatib, onamning iznini kutdim. Bir payt eshik ochildi. Qarasam, eshik oldida onam turibdi.

– Alloh menga shifo va ofiyat ato qildi, – dedi hayrat bilan».

Bu hikoya solih bandalarning duosi albatta qabul bo‘lishini va haqiqiy avliyolar o‘zlarini doimo Allohning rahmatiga muhtoj deb bilishini ko‘rsatadi. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh duosi ijobat bo‘ladigan zotlardan edi. Ammo o‘zini hecham boshqalarning duosidan behojat deb bilmasdi.

Honiy al-Hojning “Solih va solihalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Ilyosxon AHMAD tarjimasi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan

Ibratli hikoyalar