Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

94 yoshli otaxon: hecham bunday xursand bo‘lmaganman

30.04.2018   3545   2 min.
94 yoshli otaxon: hecham bunday xursand bo‘lmaganman

Inson xotirasi bilan aziz sanaladi, millat esa xotirasi va tarixi bilan ulug‘lanadi. Shu bois ham har yili 9 may sanasi Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bu sana xalqimiz – katta-kichik, yoshu qari, jamiyatimizning barcha a’zolari tomonidan o‘tganlarni xotirlash va ruhini shod etish, Vatan tinchligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan kishilarni qadrlab, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladigan kun sifatida e’zozlanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 16 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Farmoni bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun kurashgan, fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, tinchlik-osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi xayrli ishlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda. Jasur qahramonlarimiz xonadonlariga ko‘ngil so‘raganlar, uzoqu yaqindan mehmonlar kelishmoqda. Ularning holidan xabar olib, ko‘ngillarini ko‘tarishmoqda.

Ana shunday xayrli ishlarda imom-domlalarimiz ham faollik ko‘rsatishmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi “Qodirxon maxsum” jome masjidi jamoasi “Achamayli fayzbaraka” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 1924 yilda tug‘ilgan ikkinchi jahon urushi qatnashchisi  Turg‘unboy ota Chintoyev xonadoni yo‘qlab borishdi.

Masjid faollari otaxondan hol-ahvol so‘rab, u kishiga o‘zlarining hadyalarini ulashishdi.

Suhbat asnosida, Turg‘unboy ota Toshkent viloyati rahbarlari Prezidentimizning pul mukofotlarini topshirishganidan va o‘zlari xizmat qilgan davlatlarga sayohat qilish taklifi bildirganlaridan boshlari ko‘kka yetganini aytdilar. Otaxon 94 yil yashab hech  bunday xursand bo‘lmaganman, bolam, deb quvonchlarini izhor qildilar. Turg‘unboy ota: O‘tgan yili Prezidentimiz o‘zlari urush qatnashchilarini  mehmon qildilar. Meni xursand qilgan holat: Yurtboshimiz meni bag‘rilariga bosib, tabrikladilar. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini muborak haj safariga yuborishlari bu tarixda kuzatilmagan hodisa bo‘ldi, bunday ehtiromdan xursand bo‘lmay bo‘ladimi, bolam”, ko‘zlarida yosh bilan Prezidentimizni duo qildilar.

 

Azimjon ALIMJONOV

Buka tumani "Qodirxon maxsum"

jome masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   38950   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari