بسم الله الرحمن الرحيم
Omonatga xiyonat qilmaylik!
Muhtaram jamoat! Musulmon kishida topilishi lozim bo‘lgan go‘zal xulqlardan biri omonatdorlik va ahdga vafo qilishdir. Har bir imonli shaxs o‘zgalar bilan biror ishda ahdlashgan bo‘lsa, ahdiga vafo qilishi va va’dasining ustidan chiqishi hamda omonatini ado etishi lozim bo‘ladi. Insonlarning omonatlari xoh mol-mulk, xoh boshqa narsa bo‘lsin, unga rioya qilish mo‘minlik burchi hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida omonatni o‘z egasiga salomat yetkazishga amr qilgan:
فَإِنْ أَمِنَ بَعْضُكُمْ بَعْضًا فَلْيُؤَدِّ الَّذِي اؤْتُمِنَ أَمَانَتَهُ وَلْيَتَّقِ اللَّهَ رَبَّهُ
ya’ni: “... Agar bir-biringizga omonat qo‘ysangiz, omonat qo‘yilgan kishi omonatni qaytarsin va Rabbi bo‘lmish Allohdan qo‘rqsin...!” (Baqara, 283).
Yana boshqa bir oyatda esa shunday marhamat qilgan:
إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُكُمْ أَنْ تُؤَدُّوا الْأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا وَإِذَا حَكَمْتُمْ بَيْنَ النَّاسِ أَنْ تَحْكُمُوا بِالْعَدْلِ إِنَّ اللَّهَ نِعِمَّا يَعِظُكُمْ بِهِ إِنَّ اللَّهَ كَانَ سَمِيعًا بَصِيرًا
ya’ni: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam ummatlariga barcha ishlarda o‘rnak bo‘lganlaridek, omonat bobida ham katta namuna va o‘rnakdirlar. Omonatni yaxshi saqlab, o‘z egasiga salomat topshirish xususida Janob Payg‘ambarimiz yoshliklaridan boshlab barchaning e’tiborini qozonganlar. Ul zoti sharif rostgo‘yliklari, birovlarning haqqiga xiyonat qilmasliklari, va’dalariga vafodorliklari tufayli “al-Amin” ya’ni, “omonatdor, ishonchli odam” degan sifatni olganlar. U zot ko‘plab hadisi shariflarida omonatdorlikka da’vat etganlar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي الله عَنْهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ " أَدِّ الْأَمَانَةَ إِليَ مَنِ آئْتَمَنَكَ وَلاَ تَخُنْ مَنْ خَانَكَ"
(رواه أبو داود والترمذى)
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Omonat bergan kishiga omonatini qaytaring. Sizga xiyonat qilgan kishiga siz xiyonat qilmang” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Avvalo, har bir inson Haq taolo va Payg‘ambari oldidagi omonat, ikkinchidan, barcha insonlar oldidagi omonatlarga rioya qilishi darkor.
Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَخُونُوا اللَّهَ وَالرَّسُولَ وَتَخُونُوا أَمَانَاتِكُمْ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga va Rasulga xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qo‘ygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!” (Anfol surasi, 27-oyat).
Omonatdorlikni faqat vaqtincha saqlab berish uchun birovning moddiy narsasini ehtiyot qilish, deb tushunib qolinmaslik kerak. Bu omonatdorlikning eng sodda ko‘rinishi xolos. Aslida, shariatimiz tomonidan buyurilgan omonatdorlikning ko‘plab ko‘rinishlari bor. Mazkur oyati karimada ikki xil omonatga urg‘u berilmoqda:
Birinchisi- Alloh taoloning bandasi zimmasidagi omonati. Bunga Haq taoloning o‘z bandalariga buyurgan namoz, ro‘za, zakot, qodir bo‘lsa, haj kabi buyuk omonatlari kiradi. Ularni o‘z vaqtida va shariatimizda buyurilganidek ado etilishi omonatdorlikning bir ko‘rinishidir.
Ikkinchisi- bandaning banda oldidagi omonatidir. Bunga kishining o‘zi bilan ahlu ayoli, qavmu qarindoshlari va barcha insonlar oldidagi haqlari tushuniladi. Kishi o‘z oilasi sha’nini himoya qilishi, oldi-sotdi muomalalarida xaridorni aldamaslik, kelishilgan va’dalarni o‘z vaqtida ado etish, birovdan eshitilgan sirni saqlay olish, kasb-korda esa har bir inson o‘z zimmasidagi vazifasini sidqi dildan bajarishi ham omonatdorlik hisoblanadi.
Qur’oni karimning bir necha o‘rinlarida mo‘minlarning go‘zal xislatlari aytilganda, omonatdorlik ham maqtalgan. Alloh taolo marhamat qilib aytadiki:
وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ
ya’ni: “Ular (mo‘minlar) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan) ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar” (Mu’minun surasi, 8-oyat).
Keyingi paytlarda olingan qarzlarni o‘z vaqtida egasiga bermaslik kasalligi avj olmoqda. Olingan qarzni o‘z vaqtida berishga imkoniyati bo‘la turib, bermasdan cho‘zib yurish omonatga xiyonat va og‘ir gunoh hisoblanadi. Shu bilan birga, qarzini uzishga yetadigan moli bo‘la turib, uni egasiga bermay vaqtini o‘tkazib yurish zulmdir.
Dinimizda omonatdorlikka targ‘ib qilinishi barobarida, unga xiyonat qilishlik mo‘minning xislatlaridan emasligi ta’kidlanadi. Omonatga xiyonat ‒ munofiqlarning xislati sifatida zikr qilinadi.
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي الله عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : "أَرْبَعٌ مَنْ كُنَّ فِيهِ كَانَ مُنَافِقًا خَالِصًا وَمَنْ كَانَتْ فِيهِ خَصْلَةٌ مِنْهُنَّ كَانَتْ فِيهِ خَصْلَةٌ مِنَ النِّفَاقِ حَتَّى يَدَعَهَا إِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ وَإِذَا حَدَّثَ كَذَبَ وَإِذَا عَاهَدَ غَدَرَ وَإِذَا خَاصَمَ فَجَر"
(رواه البخاري ومسلم)
ya’ni: Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kimdaki to‘rtta narsa bo‘lsa haqiqiy munofiq bo‘ladi. Kimdaki ulardan bir xislat bo‘lsa, o‘shani ketkazmaguncha unda munofiqlikdan bir xislat bo‘ladi ‒ omonat qilinsa, xiyonat qiladi; so‘zlasa, yolg‘on gapiradi; ahd qilsa, buzadi; xusumatlashib qolsa, fujur (nohaqlik, g‘irromlik) qiladi”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Omonatdorlik borasidagi dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilinsa, jamiyatdagi o‘zaro ishonch, mehr-oqibat va hamjihatlik ortadi. El-yurtning qut-barakasi va fayzi ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir imonli va chin e’tiqodli kishi mas’uliyatni chuqur his etgan holda, turli salbiy sifatlardan saqlanib borishga va zimmamizdagi omonatlarni o‘z vaqtida ado etishga jiddiy harakat qilishimiz, lozim bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni omonatdor shaxslardan bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin.
ILOVA
XOTIRA VA QADRLASH – INSONIY BURCH
Muhtaram jamoat! Yurtimizda an’anaviy nishonlab qarshi olinadigan, alohida e’tibor qaratilgan kunlardan biri “Xotira va qadrlash kuni”dir. Bu kunda biz o‘tmishda o‘tgan ajdodlarimiz, xususan, Vatan ozodligi va xalqimizning farovonligi yo‘lida jonlarini fido qilib, bugungi kunda olamdan o‘tib ketgan barcha fidoyi yurtdoshlarimizni yodga olib, ruhlariga Qur’on tilovat qilib, duoi xayrlar qilamiz. Tiriklarini esa qadrlariga yetib, nasihat va duolarini olib, xizmatlarini qilishga harakat qilamiz. Biz o‘tganlarni maxsus bir kunda emas, balki har doim eslab, haqlariga duoda bo‘lishimiz bizlarning vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qiladilar:
عن ابن عمر رضي اللّه عنهما أن رسول اللّه صلى اللّه عليه وسلم قال: اذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتاكُمْ وكُفُّوا عَنْ مَساوِيهِمْ.
(رواه الإمام أبو داود والإمام الترمذي)
ya’ni: Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘tganlaringizning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”, dedilar”.(Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Dinimizda o‘tganlarni eslash, ularga duoyi-xayrlar qilish ibodat hisoblanadi. Hayot yurgan kishilar ibodatda bo‘lib, solih amallar qilishsa, ularning vafot etgan yaqinlari xursand bo‘lishadi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَن أَنَس بْن مَالِكٍ رضي اللّه عنه يَقُولُ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ أَعْمَالَكُمْ تُعْرَضُ عَلَى أَقَارِبِكُمْ وَعَشَائِرِكُمْ مِنْ الْأَمْوَاتِ فَإِنْ كَانَ خَيْرًا اسْتَبْشَرُوا بِهِ وَإِنْ كَانَ غَيْرَ ذَلِكَ قَالُوا اللَّهُمَّ لَا تُمِتْهُمْ حَتَّى تَهْدِيَهُمْ كَمَا هَدَيْتَنَا.
(رواه الإمام أَحْمَدُ)
ya’ni: Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagicha kelgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta amallaringiz o‘tib ketgan yaqinlaringiz va qarindoshlaringizga namoyish qilib turiladi. Agar (amallaringiz) yaxshi bo‘lsa, ular undan xursand bo‘lishadi. Agar undan boshqacha bo‘lsa, ular: “Allohim, bizni hidoyat qilganing kabi, ularni ham hidoyat qilmacdan jonlarini olmagin”, deyishadi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Demak, bizdan o‘tib ketgan yaqinlarimiz Allohning huzurida xursand va yuzlari yorug‘ bo‘lishi uchun biz ibodatli, solih amallarda bo‘lishimiz o‘ta ahamiyat kasb etar ekan. Zinhor va zinhor ularni Allohning huzurida xijolatga qo‘ymaylik!
Muhtaram jamoat! Davlatimiz doim urush qatnashchilari, keksa yoshdagi otaxonlarimiz, onaxonlarimiz va barcha nafaqaxo‘rlarga katta diqqat-e’tibor bilan g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Hukumatimiz ularning moddiy farovonliklarini yanada yaxshilash, ularni rag‘batlantirish maqsadida bir qator qarorlar qabul qildiki, bu narsa barchani chin dildan xursand etdi. Yaqinda muhtaram Yurtboshimiz tomonlaridan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 5 000 000 (besh million) so‘m miqdorida pul mukofoti berilishi to‘g‘risidagi farmon imzolandi.
عَنْ أَبِى مُوسَى الأَشْعَرِىِّ رضي اللّه عنه قَال قَالَ رَسُولُ اللَّه صلى الله عليه وسلم: "إِنَّ مِنْ إِجْلاَل اللَّهِ إِكْرَامَ ذِى الشَّيْبَةِ الْمُسْلِمِ"...
(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ)
ya’ni: Abu Muso ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Soch-soqoli oqargan musulmonni... hurmat qilish Allohni ulug‘lashdandir”, dedilar”. (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barcha marhum ajdodlarimizni O‘zining rahmatiga olib, ularning haqlariga qilayotgan duolarimizni ijobat qilib, qolganlarga farovon hayot, tinchlik va ofiyat ato etishini so‘rab qolamiz! Omin, yo Robbal olamiyn.
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati