Bismillahir rohmanir rohim
Alhamdulillahi robbil a'lamin. Allohumma solli ala sayyidina Muhammad va a'la a'lihi va as'habihi ajma'iyn.
Shariatimiz doimo mutaassiblikka qarshi bo'lib, uning asl manbalari bo'lgan Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu bid'at ish juda qattiq qoralangan.
Mutaassiblik – biron e'tiqodga yoki dunyoqarashga o'ta berilganlik, o'z fikrida qat'iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o'zini haq deb bilishdir. Hozirgi zamon tili bilan buni «fanatizm» ham deyiladi.
«Kashshofu istilohotil funun» kitobida: «Mutaassiblik – garchi dalil ko'rinib turgan bo'lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir», deb ta'riflangan. Ulamolardan Alloma Taftazoniy: «Mutaassiblik – haq zohir bo'lsa ham uni tan olmaslikdir», deb aytgan. Shayx Alovuddin Buxoriy: «Dalil zohir bo'lganda, aqidasi haqni tan olishdan to'sadigan kishi mutaassib hisoblanadi», deb ta'rif bergan. Sodrush shari'a Ubaydulloh ibn Mas'ud al-Mahbubiy esa: «Bilingki, bid'at ikki ishning biridan paydo bo'ladi; birinchisi mutaassiblikdan, ikkinchisi ahmoqlikdan. Bir inson aqli joyida bo'lgan holida qalbidagi aqidasi buzuq bo'lgani bois haqni tan olmasdan katta ketsa, ana shu kimsa mutaassib bo'ladi», deb aytgan ekan.
Alloh taolo bunday kimsalarga tahdid qilib Niso surasining 15-oyatida:
ومن يشاقق الرسول من بعد ما تبين له الهدى ويتبع غير سبيل المؤمنين نوله ما تولى ونصله جهنم وساءت مصيرا
«Kim o'ziga hidoyat ravshan bo'lgandan keyin Payg'ambarga xilof qilsa
va mo'minlarning yo'lidan boshqa yo'lga yursa, ketgan tomonga qo'yib qo'yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy!», deb aytgan.
Hulosa qilib aytganda inson mutaassiblik illatidan saqlanishi bu ayni islom dinida sobit bo'lishi demakdir. Alloh taolo barchamizni bunday illatlardan asrasin.
SALIMHON JAMOLIDDINOV
Mir Arab oliy madrasasi 2-bosqich talabasi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV