Alloh taolo Qur’onda مَيِّتٌ (“mayyit” ko‘rinishida bo‘lib, “yo” harfi harakatli va tashdidli) lafzini zikr qilganda, buning ma’nosi “Hali o‘lmagan, ammo yaqinda o‘ladigan tirik kimsa” degani bo‘ladi. Ushbu so‘zdagi “yo” harfi harakatli bo‘lganidek, u inson ham harakatdadir, tirikdir. Bunga misol:
إِنَّكَ مَيِّتٌ وَإِنَّهُم مَّيِّتُونَ
“Albatta, sen ham o‘lguvchisan, ular ham o‘lguvchidirlar” (Allohdan boshqa har bir tirik jon o‘ladi. Hamma ham o‘ladi. O‘lmaydigan hech kim yo‘q. Faqat Alloh taoloning O‘zigina qoladi.) (Zumar surasi, 30-oyat).
Ammo مَيْتَ (“mayta” ko‘rinishida bo‘lib, “yo” harfi sukunli) lafzini zikr qilganda, buning ma’nosi “Ruhi ajragan, o‘lgan, vafot etgan” degani bo‘ladi. So‘zdagi “yo” harfi sukunli, harakatsiz bo‘lganidek, u kimsa yoki jonzot ham harakatsizdir, o‘lgandir. Bunga misol:
حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ
“Sizlarga o‘limtik...harom qilindi” (Moida surasi, 3-oyat).
Qur’on lug‘atidagi bu ajoyiblikni, harf harakatining voqelikka munosibligini ko‘ring!
Shayx Solih Turkiyning “Min rovai’il Qur’an”
nomli maqolasidan
Nozimjon IMINJONOV
tarjimasi
Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning rasuli va bandasi bo‘lib, u zotni Alloh taolo butun olamlarga rahmat qilib yuborganini aytadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarni butlarga, quyoshga, daraxtlarga, olovga va boshqa narsalarga sig‘inishdan voz kechib, faqat Allohga ibodat qilishga da’vat qildilar. Chunki bularning barchasi Alloh yaratgan narsalardir, ular o‘z-o‘zidan na foyda bera oladi, na zarar yetkaza oladi.
Alloh taolo Qur’onda shunday deydi:
"Muhammad Allohning rasulidir" (Fath surasi, 29-oyat).
"Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir" (Ahzob surasi, 40-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insoniyat uchun rahmat bo‘lib kelganlar. U zot odamlarni dunyo gumrohligidan qutqarib, oxirat azobidan saqlab, hidoyat va jannat ne’matlariga yetaklaydilar.
Alloh taolo aytadi:
"Biz seni (ey Muhammad) olamlarga faqar rahmat qilib yubordik" (Anbiyo surasi, 107-oyat).
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlarini yuksak sifatlarda madh etib: "Albatta, siz ulug‘ axloq uzradirsiz" deb marhamat qilgan. (Qalam surasi, 4-oyat)