Abdullaxon madrasasi XVI asr o‘zbek me’morchiligining nodir namunalaridan biri, 1588-1590 yillarda Buxoro xonligining Shayboniylar sulolasidan chiqqan hukmdori, buyuk sarkarda va davlat arboblaridan biri Abdullaxon II tomonidan bunyod etilgan.
Madrasa rejasi va ichki tuzilishi murakkab muhandislik yechimi bilan an’anaviy Buxoro madrasalaridan farq qiladi. Majmuaning bosh kirish qismi janubga qaragan bo‘lib, u ko‘k rangli koshin va sirli naqshlardan terilgan geometrik mozaika bilan bezatilgan.
XVI asrda madrasa Movarounnahrning eng yirik va nufuzli oliy ta’lim va ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan. Bu yerda ilmi toliblarga diniy va dunyoviy fanlardan dars berilgan. Xususan, madrasada Qur’on, tafsir, hadis, fiqh, aqoid bilan bir qatorda arab tili va adabiyoti, mantiq, falsafa, matematika, geometriya, tibbiyot fanlari chuqur o‘qitilgan.
Ansamblning janubiy qismida 1566-1567 yillarda Abdullaxon II tomonidan o‘z onasi sharafiga bunyod etilgan Modarixon madrasasi joylashgan. Madrasalar bir-biriga qarama-qarshi, bir o‘q chizig‘ida qurilgan.
Qo‘shmadrasa ansambli 2023-2024 yillarda qiymati 6 milliard so‘mlik loyiha doirasida qisman restavratsiya qilingan. Bugungi kunda mazkur ansamblga 1 million sayyoh tashrif buyurmoqda.
Davlatimiz rahbariga Qo‘shmadrasa ansamblini restavratsiya qilish rejasi taqdimot qilindi.
Prezidentimiz sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati