Amazonka qalin o‘rmonzorining serhosilligini Sahroi Kabirning markazidagi qurib qolgan ko‘lning tubidan ko‘tarilgan fosfor zarralari ta’minlab beradi, deb tasdiqlamoqda amerikalik olimlar. «Geophysical Letters» oynomasida chop etilgan yangi izlanishlar sayyoramizning olis hududlarining o‘zaro bog‘liqligini yana bir bor namoyish qilmoqda.
Shamol Sahroi Kabirdan chang va qum zarralarining ko‘tarib minglab kilometr g‘arbga, Amazonka daryosi hududiga olib borishi avvaldan ma’lum. NASA 2006 yilda Yer atmosferasidagi bulut qoplamlarining harakatilarini kuchatuvchi «CALIPSO» nomli sun’iy yo‘ldoshni uchirgan edi.
Mana shu sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlarga tayanib, Merilend Davlat Universitetida faoliyat yurituvchi Xunbin Yu (Hongbin Yu) har yili Sahroi Kabirdan o‘rtacha hisobda 182 million tonna chang ko‘tarilib, undan 28.8 million tonnasi Amazonka daryosi hududiga yetib boradi, deb tasdiqlamoqda.
Yu, shuningdek, ushbu chang-g‘uborning qancha miqdori fosfor ekanligini ham aniqlab chiqdi. Amazonka daryosi hududining tuprog‘i fosforga juda qashshoq: yomg‘irlar va daryo oqimi qalin o‘rmonzorlardan mana shu ozuqaviy moddani oqizib ketadi. Sahroi Kabir esa aksincha, fosforga juda boy — ushbu mineralining eng katta koni Chad hududida joylashgan, avval qurib qolgan ko‘lning tubi hisoblanadi.
Yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlar hamda Chad, Barbados va Mayamidagi ilmiy-izlanish stansiyalarida yig‘ilgan chang namunalarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, Amazonka daryosi hududiga har yili qariyb 22 ming tonna — deyarli qancha miqdor yuvilib ketgan bo‘lsa, shuncha fosfor yetib boradi ekan.
Mana shu joyda, Alloh taoloning Qur’oni Karimda zikr qilgan: «Kechayu kunduzning almashib turishida, Alloh osmondan rizq nozil qilib, uning ila yerni o‘limidan keyin tiriltirishida va shamollarni ne yo‘nalishida aql yuritadigan qavm uchun oyat-belgilar bor» ( "Josiya" surasi, 5-oyat) degan oyatini eslamaslikning iloji yo‘q.
Darhaqiqat, Alloh taolo Amazonka daryosi o‘simliklari uchun o‘ziga xos rizq bo‘lgan fosforni osmondan yog‘dirib qo‘ygan, mana shu rizqni olib kelish uchun shamollarning yo‘nalishini tartibga soldirib qo‘ygan Zotdir. Alloh taoloning yaratgan va tartibga solgan narsalari, osmonlaru yerning yaratilishini tafakkur qilib: «Yo Robbimiz, Sen bularni bekorga yaratganing yo‘q, O‘zing poksan» ("Oli Imron" surasi, 191-oyat), deymiz.
Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Misrning “See News” va “Al-Ahram” nashrlarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Birodar shaharlar xalqaro forumi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
“See News” portali ma’lum qilishicha, joriy yilning 24–25 iyul kunlari Samarqand shahrida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini kengaytirish, shaharlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan Birodar shaharlar xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum davomida shaharlar hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, panel sessiyalari va davra suhbatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, birodar shaharlar o‘rtasida memorandum va bitimlarni imzolash marosimlari, xalq diplomatiyasi va hududlararo hamkorlik taqdimotlari, xorijiy delegatsiyalar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Samarqandning tarixiy obidalariga tashriflar, investitsiya, turizm va madaniyat sohalariga bag‘ishlangan turli ko‘rgazmalar esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi.
“Al-Ahram” gazetasi muxbiri Muhammad Abdulsalom Sabrin Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida reportaj tayyorladi. Jurnalistning yozishicha, u ushbu muhtasham majmuani “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” asari – ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida borib ko‘rgan.
Maqolada Imom Buxoriy majmuasi qariyb 450 ming kvadrat metr maydonni egallagan yaxlit ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy markaz sifatida tasvirlangan. Unda to‘rtta 75 metrli minoraga ega masjid, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy safarlariga bag‘ishlangan noyob qo‘lyozmalar hamda xaritalar jamlangan to‘qqiz pavilondan iborat interaktiv muzey mavjud.
Muallifning qayd etishicha, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan qariyb 65 ming nafar ziyoratchigacha oshgan. U ushbu majmuani nafaqat betakror me’moriy yodgorlik, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan ma’naviy maskan sifatida ta’riflagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati