Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2026   |   21 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:30
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:02
Shom
19:01
Xufton
20:17
Bismillah
10 Aprel, 2026, 21 Shavvol, 1447

«Arvoh kapalak» bormi?

23.04.2018   8838   10 min.
«Arvoh kapalak» bormi?
Inson tabiati qiziq. Ba’zan kimdir biror ish qilsa, unga ergashishga urinamiz. Bu ish noto‘g‘ri ekanini bilsak-da, “Hamma qilyapti-ku, men ham qilsam nima bo‘pti?!”, degan fikrga boramiz. Buning oqibatida muqaddas dinimiz ta’limotiga zid turli qarashlar, fikr-mulohazalar, hatto noto‘g‘ri odatlar urfga aylanib boryapti. Shulardan biri marhumlarning arvohlari bilan bog‘liq noto‘g‘ri tushunchalardir.
 
Bir odat an’anaga aylanishi uchun juda ko‘p vaqt kerak. Xalqimizga xos, milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan, hatto qadriyat darajasiga ko‘tarilgan go‘zal an’analarimiz bisyor. Lekin bugun, nazarimda, bu an’analardan ko‘ra ko‘proq botil tushunchalar hayotimizni egallab olayotgandek.
 
Yaqinda bir tanishim, to‘g‘rirog‘i, qo‘shnim Olim Mamatov arvoh kapalak, shumlanish haqida so‘rab qoldi. Ushbu savolga batafsil javob olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohimjon INOMOVga murojaat qildim.
 
SAVOL: – Bundan besh yil avval qizimni turmushga uzatgandim. Kuyovim bilan qizim xorijga ketdi. Baxtsiz hodisa tufayli qizim chet elda vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng uyimga har kuni bir xil kapalak kela boshladi. Jonivorni tutib, bir necha marta derazadan chiqarib yuborsam ham baribir yana uyda paydo bo‘laverdi. Bu holatni men o‘zimcha qizimning arvohi kelibdi, deb tushundim. Adashmadimmi, arvoh kapalak bormi? Bu haqda dinimizda nima deyilgan.
 
JAVOB: – Vafot etgan insonning ruhi reinkarnatsiya (tanosux) bo‘ladi, ya’ni boshqa insonga yoki hayvonga o‘tadi, degan tushuncha islom diniga mutlaqo ziddir. Bu avom xalq tomonidan o‘ylab topilgan botil aqidadir. Ruhlarning tanosuxi, ya’ni ko‘chib yurishi noto‘g‘ri. Bunga dindan bexabar kishilar ishonishadi. Islom dinida shumlanishdan qaytarilgan va biror narsani ko‘rganda uning zararidan ehtiyot bo‘lgan holda, u haqida yaxshi gumonda bo‘lish tavsiya etilgan.
 
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqushdan shumlanish yo‘q, nav’u yo‘q, ruhlarning qushga aylanib yurishi yo‘q, safar oyida shumlanish yo‘q” (Imom Buxoriy rivoyati). 
Aslida “arvoh kapalak” kechasi chiroq yorug‘iga keladigan hajmi nisbatan katta, qo‘ng‘ir rangli kapalakdir. “Arvoh kapalak”ning turlari juda ko‘p. Mutaxassislar uning 300 ga yaqin turi borligini isbotlashgan. Bu kapalakning rangi ham turli-tuman, ba’zilari jigarrang, ba’zilari oq-qora, tim qora, qizg‘ish va hokazo. Yurtimizda arvoh kapalakning 20 ga yaqin turi mavjud ekan.
 
Ta’kidlash joizki, “arvoh kapalak”ning vafot etgan inson ruhi bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Bizda noto‘g‘ri tushuncha oqibatida bu kapalakka “arvoh kapalak” nomi berilgan. Boshqa millatlarda ham uning o‘z nomi bor ekan.
Ayrim kishilar “arvoh kapalak”ni ko‘rsa, har xil holatga tushadi. Ba’zilar qo‘rqib ketsa, boshqalar xursand bo‘ladi va marhumlarning ruhiga Qur’on tilovat qila boshlaydi. Bu ikki holat ham shariatga ziddir. Sababi kapalakni ko‘rganda qo‘rqish yoki vafot etgan uchun tilovat qilish joiz emas. 
 
Muqaddas dinimizning asosiy manbai, barcha ezgu ishlarning asosi – Kalomulloh faqat arvoh kapalak ko‘rilganda o‘qilmaydi. Kapalak bizga Qur’on o‘qishni eslatib qo‘ymasligi kerak. 
 
Ilmiy tilda “Brajnik”, deb ataladigan arvoh kapalak ikki sababga ko‘ra xalq orasida shumlanishga sabab bo‘lgan.
  
Birinchidan, bu kapalak kuraklari o‘rtasida inson bosh chanog‘iga o‘xshash hoshiyasi bor. Ya’ni kapalak qanotida skeletga o‘xshash surat bor.
 
Ikkinchidan, bu kapalak asosan tunda uchadi. Ma’lumki, tun bilan bog‘liq jonivorlar, hasharotlar kishilarda vahima va shumlanishni keltirib chiqaradi.
 
Qur’oni karimda inson vafot etgandan keyin uning ruhi qayerda bo‘lishi juda yaxshi ta’riflangan. Alloh taolo “Mutaffifun” surasining 7-oyatida: “Yo‘q! Albatta, fojirlarning (kofirlarning) nomai a’mollari «Sijjin»da bo‘lur”, deya marhamat qilgan bo‘lsa, shu suraning 18-oyatida: “Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a’mollari, albatta, «Illiyyun»dadir”, deyiladi.
 
Demak, inson vafot etgandan keyin uning ruhi Illiyyun, ya’ni oliy joy yoki Sijjiyn – tuban joyda bo‘larkan. Inson ruhi hayvon yoki jonzotlarga o‘tmas ekan. 
 
Islom aqidasiga ko‘ra, inson bir marta dunyoga keladi va qiyomatda qayta tiriladi. Vafot etgach, turli hayvon va hasharot shaklida dunyoga qaytib kelish haqidagi aqida noto‘g‘ri va botildir. 
 
Musulmon kishi “arvoh kapalak” deganda eti junjikib ketadigan darajada bo‘lmasligi, uni o‘ldirib qo‘yishdan qo‘rqishi, uni ko‘rganda xuddi bobosini ko‘rgandek hurmat bajo keltirishi noo‘rindir. U ham bir jonivor, insonga zarari tegmaydi. 
 
SAVOL: – O‘tgan hafta ishxonamga bir kishi bo‘ri terisini olib keldi. Aka, buni oling, sizga baxt keltiradi, martabangiz ulug‘ bo‘ladi, deya teriga o‘ralgan bo‘rining tish-tirnog‘i va yana allaqanday a’zolarini ko‘rsatdi. Haqiqatan ham bo‘rining terisi, tish-tirnog‘i baxt keltiradimi? Bu haqda muqaddas dinimizda nima deyilgan?
 
JAVOB: – Xalqimiz orasida, savolda aytilganidek, turli noto‘g‘ri odatlar, afsuski, uchrab turadi. Misol uchun, ayrimlar: “Bo‘ri terisini mashinada olib yurish kerak, shunda ishing baroridan keladi”, “Bo‘rining tishi yoki tirnog‘ini tumor qilib osib yurish kerak, balo-qazo yaqinlashmaydi”, deyishadi. Axir, bunday qilish mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi-ku. Bunday odatlar dinimizda qattiq qoralanadi.
 
Shuningdek, xalqimiz orasida jonivorlarga oid turli noto‘g‘ri tushunchalar bor. Bularning noto‘g‘ri ekanini dinimiz isbotlagan. Quyida ushbu odatlardan ba’zilarini keltiramiz. Maqsadimiz – odamlarni haq yo‘lga boshlash.
 
Baliq. Oramizda ayrim kishilar Ramazon oyidan oldin baliq yesa, jig‘ildon poklanadi, luqmasi halol bo‘ladi, deb o‘ylaydi.
Islom dini inson uchun yaratilgan chorva va parrandalarni shar’iy yo‘l bilan so‘yib yeyishni halol qilgan. Noshar’iy yo‘l bilan yoki harom o‘lgan hayvonlarning go‘shtini yeyish mumkin emas. Buni tibbiyot ham isbotlagan. Baliqning esa o‘ligi ham, tirigi ham haloldir. Shu bois u “luqmai halol”, deyiladi. Ayrim kishilar iste’mol qilinayogan taomlarning halol-haromligini surishtirmay tanovul qilaveradi. Ramazon oyi yaqinlashgach, “Baliq yesak, luqmamiz halol bo‘ladi”, deyishadi. To‘g‘ri, baliq luqmai halol. Lekin faqat Ramazon oyi arafasida emas, balki har doim halol narsalarni iste’mol qilish kerak.
Ba’zilar akvariumda boqiladigan baliqlarni turli kasalliklarni o‘ziga oladi, degan tushunchaga boradi. Aslida baliqlarni tomosha qilish asablarni tinchlantiradi, lekin insonlardagi kasalliklarni o‘ziga olmaydi.
 
Musicha. Boshqa qushlar qatori musicha ham xonadonlarimizda in quradi. Musichalarni o‘zaro urishayotganini ko‘rganlar: “Tezroq musichalarni haydab yuboringlar, bo‘lmasa xonadonda urush bo‘ladi”, degan xayolga boradi. Bu noto‘g‘ri.
 
Boyo‘g‘li. Islomdan oldin johiliyat davrida “Boyo‘g‘li bexosiyat qush, u qo‘ngan joy xarobaga aylanadi”, degan botil tushuncha bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu ish noto‘g‘ri ekanini o‘z hadislarida aytganlar.
 
Hakka. Yurtimizning ba’zi hududlarida yashovchi kishilar xonadoniga hakka kelsa, mehmon kuta boshlaydi. Bu ham noto‘g‘ri.
 
Xo‘roz. Johiliyat davrida erta tongda qichqirgan xo‘rozni bexosiyat jonivor, deya so‘yib yuborishgan. Aslida xo‘rozlar farishtalarni ko‘rganda qichqiradi.
 
Qora mushuk. Ko‘chada ketayotib oldimizdan qora mushuk chiqib qolsa, ortga yetti qadam tashlash kerak, degan noto‘g‘ri tushuncha bor. Ba’zilar: “Kimning oldidan qora mushuk o‘tsa, uning ishi yurishmaydi”, deyishadi. 
 
Pashsha. Uyda katta pashsha uchib yursa, mehmon keladi, degan irim ham islomga zid tushunchadir.
 
Kakku. Ba’zi kishilar kakku sayrashni boshlasa, undan: “Men qancha yashayman?”, deb so‘raydi. Kakkuning sayrashi inson umrini belgilamaydi. Kimning qancha yashashini faqat Alloh taolo biladi.
 
Ari. Ba’zi tijoratchilar ari inini sotiladigan mollar orasiga qo‘yishadi. “Xaridorlarim g‘uj-g‘uj bo‘lsin”, deb umid qilishadi. Aslida savdoning baroridan kelishi arining iniga emas, muomalaga bog‘liq.
 
Ot. Ayrim darvoza, eshiklar tepasiga otning taqasi ilib qo‘yiladi. “Taqa insonlarga omad yoki baxt olib keladi”, degan irim bor. Bu ham noto‘g‘ri.
 
Tovus. Xonadonda tovus boqilsa, baxtsizlik keltiradi, degan qarash ham dinimizga zid.
 
Bunday botil odatlarga amal qilish bid’at-xurofotdan boshqa narsa emas. Har qanday holatda ham aql bilan ish tutish, tafakkur yuritish, dinimiz ko‘rsatmalariga rioya qilish maqsadga muvofiqdir.
 
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin.

Tolibjon NIZOMOV yozib oldi.
 
 
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi

09.04.2026   8431   1 min.
Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish islohotlari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy soha xodimlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, imom-xatiblar va imom-noiblarining kundalik ish faoliyati hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari monitoringi KPI (samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari) platformasi orqali nazorat qilinmoqda.
 

Shu munosabat bilan, joriy yilning 9 aprel kuni Andijon viloyatida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda masjid hujjatlariga mas’ul xodimlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov va Kadrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonovlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar imom-xatiblarning ilmiy va kasbiy mahoratini oshirish, faoliyatdagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda ish jarayonini tizimli tashkil etishda KPI platformasidan samarali foydalanish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berdilar.

Muslimun.uz 

Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi Imom-xatiblarga KPI platformasi bo‘yicha tushunchalar berildi
O'zbekiston yangiliklari