Mana, bir necha oylardan beri kutilgan kunlarga ham yetib keldik: hademay O‘zbekiston Qur’on musobaqasining respublika bosqichi boshlanadi. Bu kunlarni nafaqat yurtimizdagi, balki qo‘shni davlatlar va dunyoning ko‘p mintaqalaridagi musobaqani kuzatib kelayotgan Qur’on muxlislari intiqlik bilan kutib turishibdi. Ayni paytda ko‘pchilik musobqa so‘ngida g‘olib qanday aniqlanishi bilan ham qiziqyapti. Shu sababli mavzuga biroz oydinlik kiritishni lozim topdik.
Bu yilgi O‘zbekiston Qur’on musobaqasida «Oliy mukofot» sovrini joriy etilmoqda. Shu haqda ko‘pilikka qisqacha tushuntirish berish lozim.
Ma’lumki, musobaqa hifz va tilovat yo‘nalishlarida o‘tkazilyapti va har bir yo‘nalish 3 toifaga bo‘lingan:
18–25 yoshlilar.
26–40 yoshlilar.
Talabalar.
Musobqaning avvalgi 2 bosqichi – tuman-shahar va viloyat bosqichlarida ko‘rik shu yo‘sinda o‘tkazilgach, respublikada birinchi raqamli g‘olibni aniqlash masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. Ayrim kishilar mazkur 3 toifani birlashtirib yuborish taklifini aytdi. Bu ish ko‘p jihatdan noqulaylik keltirib chiqarishi aniq edi. Chunki ma’lum yo‘nalishdagi ishlirokchilar uchala o‘rinni ham egallab olishi mumkin. Bunda qolgan ikki yo‘nalishdagilar uchun respublikada hech qanday o‘rin nasib bo‘lmaydi. Shu bois eng yaxshi yechim sifatida «Oliy mukofot» usulini qo‘llash ma’qul topildi. Unga ko‘ra musobaqa shu bosqichgacha qanday kelgan bo‘lsa, shunday davom etadi: har bir yo‘nalishdagi guruhlarda alohida 1, 2 va 3-o‘rinlar bo‘ladi va ulardan qaysi biri eng yuqori ball olsa, o‘sha Oliy mukofot sohibi deb topiladi.
Bu bilan nizo va og‘rinishning oldini olish barobarida yurtimizda o‘tkazilayotgan Qur’on musobaqasining saviyasini xalqaro musobaqalar darajasiga olib chiqishga harakat va uning har jihatdan adolatli bo‘lishiga erishish nazarda tutildi.
Oliy mukofot faqat hifz yo‘nalishida bo‘ladi va erkagu ayollar uchun joriy etiladi. Shunda o‘lkamizda o‘tkazilayotgan bu yilgi Qur’on musobaqasida ayollardan bir kishi, erkaklardan bir kishi Oliy mukofotga sazovor bo‘ladi. O‘ylamizki, bu tadbir barchaga ma’qul.
Musobaqalarda shu kabi «Oliy mukofot» sovrinini ajnabiy tilda «Gran-pri» deb atashadi. «Gran-pri» (eng oliy sovrin) atamasi ilk bor Fransiyada 1721 yili muomalaga kiritilgan va Fransiya fanlar akademiyasida matematika hamda boshqa ilmlarning rivojida katta o‘rin tutgan. Bu mukofotlash turi sportga 1805 yili Fransiyada o‘tkazilgan ot choptirish musobaqasi orqali kirib kelgan.
Birinchi raqamli mukofotga nisbatan Gran-pri atamasini qo‘llash 19-asr o‘rtalaridan xalqaro maydonga keng yoyila boshladi va 1901 yili ilk bor avtopoyga g‘oliblarini taqdirlashda qo‘llanildi. Asta-sekin bu atama boshqa sport musobaqalarda, adabiyot va san’atga oid tanlovlarda ham qo‘llaniladigan bo‘ldi.
«Gran-pri» – bir tur musobaqaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha eng yuqori o‘rin sohibiga beriladigan mukofot bo‘lib, u odatda bir turdagi musobaqada yil mobaynida boshqa hech kimga berilmaydigan eng oliy sovrin hisoblanadi. Bu sovrin musobaqaning barcha bosqichlarida olgan ballari jamlanganda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan ishtirokchiga beriladi. Xalqaro miqyosdagi musobaqalarda sovrin ham jahon andozalariga ko‘ra eng yuqori, biror mamlakat miqyosidagi tanlovda esa shu mintaqa qarichi bilan o‘lchanganda eng oliy darajada bo‘lishi talab qilinadi.
Biz bu yilgi imkoniyatlardan kelib chiqib «Oliy mukofot» va unga hujjat sifatida «Oliy darajali diplom»ni respublika bosqichida eng yuqori ball olgan ishtirokchiga berishni lozim topdik. Alloh nasib qilsa, kelgusi yillarda ishtirokchining Qur’on musobaqasining barcha bosqichlarida olgan ballari yig‘indisini inobatga olib, shu asosda «Oliy o‘rin»ni belgilash niyatidamiz. O‘ylaymizki, bunda musobaqaning saviyasi yanada ortadi, ishtirokchilar har bir bosqichga ko‘proq e’tibor bilan tayyorgarlik ko‘radi va provard ko‘zlangan maqsadga erishish muvaffaqiyatli kechadi.
Alloh taolodan barcha ishtirokchilarga kuch-quvvat va tavfiq so‘rab qolamiz.
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
O‘MI Matbuot xizmati
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati