Kecha oqshom Internetdan ziyorat turizmiga oid materiallarni qarayotib Turkiya saytlaridan birida turkiyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston haqida e’lon qilingan ma’lumotnomani o‘qib qoldik. Unda yurtimiz va xalqimiz bandma-band juda chiroyli ta’riflanibdi. O‘sha bandlardan birida “O‘zbek yoshlari vaqtida turmush quradi va ular oilaga juda mahkamdir”; “Ular o‘rtacha uchtadan farzand ko‘radi”; “O‘zbekiston aholisi yuz foiz savodxon, jumladan, ayollar ham”, deb yozibdi.
Shu jumlalarni o‘qib xursand bo‘ldik. Zero, xalqimizda oila muqaddas va oilalar mustahkamligi tufayli elimiz bir bag‘ir. Shuning uchun oila qurayotgan yoshlar uchun katta to‘ylar qilib, elga dasturxon yoziladi. Zero, ana shu mehr-oqibat, hamjihatlik tuyg‘ulari to‘ylarimizda, marosimlarimizda namoyon bo‘ladi. To‘y boshlagan odam azbaroyi sevinchi ichiga sig‘maganidan, hammani yaxshi ko‘rganidan to‘yiga, ehsoniga butun olam xalqini chorlagisi keladi. Ammo bu imkonsiz... Ro‘zg‘or boshi bo‘lgan odam to‘y qilaman deb uning ortidan qiynalib qolmasligi kerak. Agar to‘y qilgan kishi shu to‘y sababli aziyat ko‘radigan bo‘lsa, u boshlagan yig‘in to‘y emas, aza bo‘lib qoladi.
Insonlar imkoniyatiga qarab to‘y o‘tkazishi barobarida qavmu qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari, elu ulusning ham imkoniyatini chamalamog‘i darkor. Ana shu jihatdan, to‘y rosmana to‘ydek bo‘lmog‘i uchun qarindosh-urug‘lar, do‘stu yorlarning o‘zi kifoya. To‘yni qanday o‘tkazish savobli amal ekanini Alloh taolo Kalomi sharifida:
وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا
“Ular (Rahmonning suyukli bandalari) ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon, 67) deb, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
مَنِ اقْتَصَدَ أَغْنَاهُ اللَّهُ ، وَمَنْ بَذَّرَ أَفْقَرَهُ اللَّهُ ، وَمَنْ تَوَاضَعَ رَفَعَهُ اللَّهُ ، وَمَنْ تَجَبَّرَ قَصَمَهُ اللَّهُ
“Kim tejamkorlik qilsa Alloh uni boy qiladi. Kim isrof qilsa Alloh uni faqir qiladi. Kim tavoze qilsa Alloh uni obro‘sini ko‘taradi. Kim zulm qilsa Alloh uni xor qiladi”(Imom Bazzor “Kashful astor”), deb belgilab berganlar.
Yozayotgan maqolalarimizni, so‘zlayotgan nutqlarimizni boshlayotganimizdek, mamlakatimizda inson manfaatlarini himoya qilish, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ishlarning eng kattasi to‘y va marosimlarni tartibga solish masalasidir. To‘ylarimiz va ma’rakalarimiz shu darajaga keldiki, bundan odamlarimizning o‘zlari himoya istab davlat ko‘magiga – qat’iy choralar ko‘rilishi e’lon qilinishiga muhtoj bo‘lib qoldi.
Nafsilamri, as’asa-yu dabdabalar, uzundan-uzun mashinalar karvoni, shovqin-suronlar, g‘at-g‘utlar, “sevgi tarixlari”, “kuyovning qaynona og‘ziga tort tutishlari (eslasangiz g‘ijiningiz kelib ketadi)”, hisobsiz tog‘oralar, hech qachon hech kim egniga ilmaydigan sarpo-suruqlar... hammaning joniga tegdi.
Odamlar to‘ylarning yaqinlari davrasida ixcham, ko‘ngilga yoqadigan xursandchilik bilan o‘tishini istab najotkor kuch axtarib qoldi.
Ammo hammaning ko‘nglida zo‘r bir andisha: “odamlar nima deydi?”
Aslida to‘y – biror voqea-hodisaga bag‘ishlab ziyofat va o‘yin-kulgilar bilan o‘tkaziladigan tantana. Shunday ekan, u aziyatga emas, chinakam shodiyonaga sabab bo‘lmog‘i kerak. Uning to‘y egasiga qanday jabru aziyatga aylanib ketgani barchaning ko‘z o‘ngida oshkora namoyon bo‘lib turibdi. Shunday esa-da, shulardan yana birgina misol keltirib qo‘yamiz.
Muhtaram Prezidentimiz aytganidek, oldida to‘yi bor odam sanatoriyaga bormaydi, do‘xtirga ko‘rinmaydi. mehnat ta’tili nima bilmaydi... sog‘ligini boy beradi. Ayni kuch yig‘ish davrida bo‘lgan bolasini tanasi talab qilib turgan yeguliklardan qisadi, uning jismonan rosmana kuch yig‘ib olishiga sharoit qilib bera olmaydi. Ayni o‘qish-o‘rganish davrida bo‘lgan bolasini kitob olishidan, to‘garakka qatnashidan qisib uning to‘laqonli bilim olishiga imkoniyat yarata olmaydi.
Keksa ota-onaga munosabat ham bundan behroq emas. Ulardan Alloh taolo omonatini so‘rab qolsa, shunga tadbirli bo‘laylik deb yana qisinish va yig‘inish, yana ularning kaloriyaga boy ovqatlari o‘rniga ilmu amal kun o‘tarchilik...
Elimiz duoga qo‘l ochganda “to‘y to‘yga ulashsin” degan ezgu tilakni bildiradi. Tasavvur qiling, katta qarzdorlikni zimmasiga olib to‘y qilayotgan odamga shu duo tatiydimi?..
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “To‘y, marosim va ma’rakalarni meyo’rida o‘tkazish haqida” chiqargan Fatvosida “Shariatimizda joriy bo‘lgan nikoh hamda aqiqa to‘ylarini qarindosh va yaqin qo‘shnilar doirasida, dabdabasiz, isrofgarchiliksiz o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Zero, nikoh to‘yidan maqsad shar’iy nikohni e’lon qilish bo‘lsa, aqiqadan murod jonliq so‘yib, Allohga shukrona keltirishdir. Bu ikki maqsad ozchilik doirasida ham hosil bo‘laveradi. Sunnat va muchal to‘ylarini o‘tkazish shariatimizda buyurilmagan”, deyilgan.
Shariati hukmi shunday ekan, o‘zimizni bunchalik qiynashning nima keragi bor! Bundan nima manfaat topamiz. Bizning fikrimizcha, kimo‘zarchilikka to‘y qilishdan ham o‘zimiz sog‘ligimizni boy beramiz, ham qaramog‘imizdagi farzandlarimizni qiynaymiz, ham sarflagan hisobsiz mablag‘larimizdan hech qancha savob olmaymiz, aksincha, ulardan so‘raladigan darajada gunohga botamiz. Chunki Fatvoning davomida “Isrof” degandan faqat taomning ortib qolishi yoki oyoq osti bo‘lishini tushunmaslik kerak. Balki noo‘rin joyga qilingan ehson ham isrofdir.Chunki xayr-ehson va ziyofat berishdan asosiy maqsad muhtoj va faqirlarga moddiy yordam ko‘rsatishdir”. deb yozib qo‘yilgan.
Rivoyat qiladilarki, bir cholu kampir butun umr yiqqan terganiga katta tuya sotib olib, uning go‘shtini pishirib, butun xalqqa taom tarqatibdi. Kechki payt esa ziyofat dasturxonidan o‘zlari uchun biror yegulik topa olmabdi.
Olomonga nima? Chaqirsangiz kelib yeb-ichib ketaveradi-da. Shariatimiz buyurmagan sunnat to‘ylarini qilib, besh tonnalab osh damlab minglab odamlarni to‘yga chaqirgan “saxovatli” kimsalarni ham ko‘rdik. O‘sha dovruqli to‘yining to‘rida o‘tirib oshini yeb ketganlar bugun uning salomiga alik olmaydi.
Ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxonu onaxonlarimiz gapirib beradi: ota-bobolarimiz to‘y va ma’rakada haddidan oshmagan, ularning hayotida kimo‘zarchilikka dasturxon yozish kuzatilmagan, to‘ylarni ixchamgina, yoru do‘stlar davrasida odmigina dasturxon atrofida o‘tkazgan. Ana o‘sha kelin-kuyovlar qo‘sha qarib 90-100 yoshni qoralagan, nevara-yu evarali bo‘lib, orasini o‘lim ajratmaguncha bir-biriga sadoqatli umr yo‘ldoshi bo‘lib ibratli umr kechirgan.
Ushbu masalaga shaxsan davlat rahbari e’tibor qaratayotgani, Oliy Majlis Senati “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” qaror loyihasi ishlab chiqilgani, unda Vazirlar Mahkamasidan boshlab, jamiki vazirliklar va tegishli tashkilotlarning vazifasi aniq belgilab berilgani to‘y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masala ekanini ko‘rsatadi. Zero, xalqimizning milliy tabiatiga yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini og‘irlashtiradigan, ularning turmushini izdan chiqaradigan holatlarga barham berishni bugun hayotning o‘zi talab qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, azizlar, o‘zimiz o‘zimizning oyog‘imizga band solib olganmizki, ana shundan xalos bo‘laylik. Hayotimiz butunlay o‘zgarib ketadi. to‘yu marosimlarimiz tom ma’noda xalqimizning ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etadigan, odamlarimiz o‘rtasida o‘zaro ahillik va mehr-muruvvat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladigan azaliy vazifasiga qaytadi. Illo, bunday tadbirlar el-yurtimizning madaniyati, ma’naviy saviyasi darajasini yaqqol ko‘rsatuvchi omillardan biridir.
O‘MI Matbuot xizmati
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi