Islom Malayziyada muhim ayamiyatga ega din hisoblanib, ushbu mamlakatdagi masjidlar o‘zining go‘zalligi bilan ajralib turadi. Quyida Malayziyadagi eng go‘zal masjidlar haqida ma’lumot beriladi..
Jamek masjidi

Jamek masjidi “Juma masjidi” nomi bilan ham mashhur bo‘lib, 1907 yilda Kuala-Lumpurdagi qabriston o‘rnida barpo etilgan. Masjid Klang va Gombak daryolarining qo‘shilish joyida joylashgan. Masjidning uch yirik gumbazi va ikki minorasi mavjud.
Putra masjidi

Putra masjidi Putrajaya ko‘li bo‘yicha joylashgan bo‘lib, eng ko‘p ziyoratchilar tashrif buyuradigan maskan hisoblanadi. Ushbu masjidning qurilish dizayni Bag‘doddagi Shayx Umar masjidiga o‘xshash shaklda yaratilgan. Asosiy gumbazning diametri 36 metrni tashkil etib, uni 12 ta ustun tutib turadi.
Federal hudud masjidi

Federal hudud masjidi davlat idoralari bilan bir hududda joylashganligi va usmoniylar davri arxitekturasi asosida barpo etilgani bilan ajralib turadi. Masjidning 22 ta gumbazi bor hamda bu yerda bir vaqtning o‘zida 17 ming musulmon namoz o‘qish oladi.
Malakka bo‘g‘ozidagi masjid

Malakka bo‘g‘ozidagi masjid Malakka shahridagi sohilga yaqin dengizda barpo etilgan. Uning 30 metrli minorasi dengizchilar uchun mayoq vazifasini ham bajaradi.
Sulton Salohiddin Abdul Aziz masjidi

Ushbu masjid Shoh Alam shahrida joylashgan bo‘lib, ko‘k rangli gumbazi sabab Qo‘k masjid sifatida mashhurdir. Ushbu masjid Janubiy-sharqiy Osiyodagi eng katta masjid hisoblanadi. Eng yirik gumbaz va minoralarga ega masjid Yaqin Sharq va malay uslublarini o‘zida mujassam etgan.
Tengku Tengax Zaxara masjidi

Tengku Tengax Zaxara masjidi Malayziyadagi birinchi suv ichida qurilgan masjiddir. U Kuala-Terengganu shahrida joylashgan bo‘lib ko‘l ichida qurilgan.
Kota-Kinabalu shahri masjidi

Kota-Kinabalu shahri masjidi Madinadagi Payg‘ambar masjidiga o‘xshash uslubda qurilgan. Masjidda bir vaqtning o‘zida 12 ming kishi namoz o‘qishi mumkin.
Sulton Abu Bakar masjidi

Sulton Abu Bakar masjidi Johar-Baru shahriga yaqin joydagi tog‘ cho‘qqisida joylashgan. Qurilish materiallari Turkiya, Chexiya, Italiyadan olib kelingan bo‘lib, minorasining tuzilishi britan soatli minoralarini eslatadi.
Kapitan Keling masjidi

Kapitan Keling masjidi 1801 yilda hindistonlik bo‘lgan musulmonlar tomonidan Penanga mavzesida qurilgan.
Al Buxoriy masjidi

Al Buxoriy masjidi Alor-Setar shahrida joylashgan bo‘lib, buyuk muhaddis nomi bilan ataluvchi majmuaning bir qismi hisoblanadi. Majmua tarkibida tibbiyot markazi, jamoatchilik markazi, qariyalar uyi, bolalar uyi va o‘quv markazi kiradi.
Billur masjid

Billur masjid o‘zining shakliga ko‘ra Malayziyada yagona hisoblanadi. U Von Men orolidagi slom merosi bog‘ida joylashgan. Masjid beton qorishmasidan qurilgan va shisha bilan qoplangan. Shisha gumbaz masjid husniga husn qo‘shadi.
Ubudiya masjidi

Kuala-Kangsar shahri aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi Ubudiya masjidi o‘zining tillarang gumbazi va sakkiz qirrali binosi bilan ajralib turadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati