Ismlari Omir ibn Abdulloh ibn al-Jarroh ibn Hilol ibn Uhayb ibn Zabbat ibn Horis ibn Fihr bo‘lib, nasablari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Fihrda birlashadi. Milodiy 584 yili Makkada tavallud topgan. Tirikligida jannat bashorati berilgan o‘n saodatmand sahobaning biri, ya’ni Asharai Mubashsharadan. Abu Ubayda roziyallohu anhu baland bo‘yli, ochiq yuzli, ko‘rkam, gavdali, siyrak soqolli, yonoqlari bir oz bo‘rtib chiqqan, teran fikrli, muloyim, g‘oyat ixlosli inson bo‘lgan. Islom tarixida shijoatli, o‘ta jasur jangchi, buyuk sarkarda, odil, hayoli, ishonchli kishi sifatida tanilgan. Hijratning 18 (milodiy 639) yili Shomda tarqalgan bir kasallikdan O‘rdunda vafot etgan, qabri Amyo qishlog‘ida.
Orif AHMЕDOV,
Sirdaryo viloyati vakilligi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati