Tailand xalqaro oziq-ovqat ko'rgazmasi ishtirokchilari "Halol" yorlig'i bilan oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning katta namoyishiga guvoh bo'ladi. Mazkur ko'rgazma shu yil 23 maydan 27 maygacha bo'lib o'tadi. Ko'rgazma Tailanddagi eksportchi va ishlab chiqaruvchilar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida 11 ta alohida pavilonda ish olib boradi.
“Halol markalari” pavilonida ishlab chiqaruvchilar “Halol” belgisiga ega oziq-ovqat va ichimliklar turlarini, boshqa pavilonda esa halol ishlab chiqarish sohasidagi eng yangi texnologiyalar namoyish etiladi.
E'tiborlisi, Tailand islomiy bo'lmagan davlat bo'lsa-da, halol mahsulotlar eksport qiluvchi davlatlar orasida o'n ikkinchi, halol oziq-ovqat ishlab chiqarish bo'yicha beshinchi o'rinni egallaydi.
Ma'lumot o'rnida halol oziq-ovqat ishlab chiqarish Tailand umumiy oziq-ovqat eksportining 20 foizini tashkil qiladi. Mamlakat halol oziq-ovqatlarining 60 foizi Indoneziya, Malayziya va Bruneyga eksport qilinadi.
Tailandda “halol” sertifikatni “Tailand Markaziy Islom Kengashi (CICOT)" deb nomlangan maxsus islom jamiyati beradi. U o'z navbatida hukumatning bevosita nazorati ostida ish yuritadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati