Ayrim ijtimoiy yo‘nalishdagi bosma ommaviy axborot vositalarida berilgan urinoterapiyaga bag‘ishlangan maqolalarda peshobning ko‘p kasalliklarga davo ekani haqida yozilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “So‘ragan edingiz” nomli kitoblarida ushbu masala yuzasidan yuborilgan savolga quyidagicha javob berilgan:
“Alloh taolo O‘zi harom qilgan narsalarni bandalariga shifo qilmagan. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Siydikdan saqlaninglar, chunki u qabr azobiga sababchi bo‘ladi”, deganlar.
O‘zini ko‘rsatish bilan faxrlanadigan, tabiblikni da’vo qiladigan ayrimlarning urinoterapiya orqali davolayman, deb jar solishi yaxshi emas. Holbuki, inson tabiatiga mutlaqo zid, harom narsada qanday davo yoki shifo bo‘lishi mumkin?
Shamsiddin ibn Javziyaning “Tibbun nabaviy” nomli asari Islom olamida juda mashhur. Shu asarning biron joyida peshob bilan davolash haqida gap yo‘q. Yoki Ibn Sino bobomizning “Tib qonunlari” nomli asari ham bunday “shifo”lardan butkul yiroq. Shuncha pokiza ne’matlar, qanchadan-qancha sof dorivor giyohlar turganida peshob bilan davolash degan so‘zning o‘zi uyat. Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin”.
O‘MI Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati