Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Qushlarni qafasda saqlash mumkinmi?

09.04.2018   14135   2 min.
Qushlarni qafasda saqlash mumkinmi?

Savol: Ko‘rinishi va ovozidan huzurlanish uchun qushlarni qafasda saqlash joizmi? 

Javob: Ba’zi qushlarning ko‘rinishi chiroyli, ovozi yoqimli bo‘ladi. Go‘zallikni barcha yaxshi ko‘radi. Go‘zallik Alloh taoloning ne’matlaridandir. Alloh taolo marhamat qiladi: 

“Ayting: “Allohning bandalari uchun chiqargan ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?..” (A’rof, 32). 

“U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi) (Nahl, 8). 

Alloh taolo hayvonot, o‘simliklar va boshqa ziynatlarni bandalari uchun yaratgan. Ulardan zavqlanish, foydalanish mubohdir. Ziynat hisoblangan baliq va qushlarni dinimiz amrlaridan chiqmaslik sharti bilan boqish mumkin. Bu shartlar asosan quyidagilardir: 

  1. Ularni boqish bilan faxr va kibrga berilib ketmaslik kerak. 
  1. Ularni parvarish qilish va ularga e’tibor berish zimmasidagi ibodatlardan chalg‘itib qo‘ymasligi kerak. 
  1. Ular o‘z vaqtida oziqlantirilishi lozim. Zero, mushuk boqib, unga ovqat va suv bermay qiynagan ayolni Alloh taolo azoblagani haqidagi hadis mashhur. 

Ikki “Sahih”da vorid bo‘lgan hadisda Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insonlarning eng go‘zal xulqlisi edilar. Mening emikdosh ukam bo‘lib, uni Umayr – “Umarcha” deb chaqirishar edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizning uyga kelsalar: “Ey Abu Umayr, nug‘ayrni (tumshug‘i qizil, chumchuqsimon qush) nima qildik”, der edilar. 

Alloma Abul Abbos Qurtubiy aytadilar: “Ulamolarning “qushlarni qafasda ushlab turish” joiz degan fatvolaridan ularga azob berish mumkin, degan xulosa chiqmaydi, chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hayvonlarga azob berishdan qaytarganlar”. Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha: “Qiyomat kuni qushlar, o‘zlarini qafasda saqlab, och qoldirib, qiynagan kishining bo‘yniga osilishadi va: “Ey Rabbim, mana bu meni dunyoda azoblagan”, deydi”.

 

“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi. 

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar

Oldingi safdagi namozxonning beliga sajda qilish mumkinmi?

23.06.2025   820   1 min.
Oldingi safdagi namozxonning beliga sajda qilish mumkinmi?

Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.

Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.